У нас есть только
оригинальные песни

Fransiyadagi sayyohlik kompaniyalari rahbarlari maxsus reys orqali Samarqandga keldi

calendar 31.03.2018
981

Parij turistik kompaniyalari assotsiatsiyasining yillik yig‘ilishi Samarqandda o‘tkaziladi. Shu maqsadda 31-mart kuni erta tongda Fransiyaning Parij shahridagi turistik kompaniyalar assotsiatsiyasi (Ile de Franc) a’zolari “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining maxsus reysi orqali Samarqandga keldi, deb xabar beradi O‘zA.

Joriy yilning 22-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi Parijdagi turistik kompaniyalar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda assotsiatsiyaning navbatdagi yillik yig‘ilishini Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Ushbu kelishuv asosida Parijdagi turistik kompaniyalarning 100 nafardan ortiq rahbar va mas’ul xodimlarining O‘zbekistonga tashrifi uyushtirildi.

Samarqand xalqaro aeroportida mehmonlarni Samarqand shahar hokimi Furqat Rahimov boshchiligidagi rasmiylar tantanali kutib oldi.

Shahar hokimi mehmonlarni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, assotsiatsiyaning navbatdagi yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashi va buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Samarqand shahar hokimligi va shahardagi sayyohlik firmalari Parij shahri bilan turizm sohasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Ile de Franc assotsiatsiyasi prezidenti Lionel de Robiye Fransiyadagi sayyohlik kompaniyalarining O‘zbekistonga mazkur tashrifi ikki davlat o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va bu borada yangi istiqbollar ochishga xizmat qilishini ta’kidladi. Kutib olish marosimining yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

“Samarqand qadimiy Buyuk ipak yo‘lining markazi, mo‘jizaviy shahar. Bu shaharga kelish va uning go‘zalligidan bahramand bo‘lish har bir fransuzning orzusi hisoblanadi. Shuning uchun bugun Samarqandga Fransiyadagi eng yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari tashrif buyurib, bu yerdagi turizm industriyasi ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish niyatida. Assotsiatsiyamizning navbatdagi yig‘ilishini ushbu tarixiy shaharda o‘tkazish esa, biz uchun ulkan sharaf”, – dedi Lionel de Robiye.

Tashrif davomida assotsiatsiyaning yig‘ilishi o‘tkazilishi barobarida Samarqand shahridagi turistik obyektlarga sayohat, Samarqand va Jizzax viloyatlarining turizm imkoniyatlari bo‘yicha taqdimotlari, mahalliy turistik firma va kompaniyalar vakillarining fransuz hamkasblari bilan uchrashuvlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Mehmonlar 2-aprel kuni Buxoro shahriga sayohat qiladi.

Яндекс.Метрика