У нас есть только
оригинальные песни

Germaniyada dunyodagi eng baland shamol generatori qurildi

calendar 04.11.2017
1541

Germaniyaning Max Bögl Wind AG kompaniyasi dunyodagi eng baland shamol turbinasini barpo etdi. Turbinaning ustuni 178 metrni, minoraning parraklari bilan birga umumiy balandligi esa 246,5 metrni tashkil qiladi. Bu haqda Electrek yozdi.

Max Bögl Wind AG dunyodagi eng baland shamol elektr stansiyalarini qurish bilan shug'ullanadi. Yangi shamol turbinasi Gayldorfda o'rnatilgan. U balandligi 155 metrdan 178 metrgacha keladigan 4 ta minoradan iborat guruhning bir qismi hisoblanadi. Har bir turbinada 3,4 MVt lik generator o'rnatilgan. Kompaniyada aytilishcha, ushbu turbinalar ishlab chiqaradigan energiya yiliga 10 500 MVt-soatni tashkil qiladi. Loyiha qiymati 70 mln yevroni tashkil qilgan va har yili 6,5 mln yevro daromad keltirishi kutilmoqda. 

O'ta baland shamol turbinalarida “suv batareyasi” tajribaviy texnologiyasi, ya`ni energiyaning gidroakkumulyatsiyasi qo'llanadi. Bunda suv rezervuari sifatida 40 metrlik minora xizmat qiladi. U shamol turbinalaridan 200 metr pastda joylashgan gidroelektr stansiya bilan bog'langan. Shamol energiyasining ortiqchasi suvni tortish kuchiga qarshi haydash va uni rezervuarda saqlashga ishlatiladi. Zarurat tug'ilganda suv elektr toki berish uchun chiqarib yuboriladi. Energiyani saqlash va uni tarmoqqa uzatish rejimlarini o'zgartirish uchun 30 soniya kifoya qiladi. Rezervuar sig'imi 70 MVt-soatni tashkil qiladi, bu esa o'rtahol amerikalik oilaning uy xo'jaligini elektr tok bilan 7 yil ta`minlashga yetadi.   

Shamol turbinasi balandligining bir metrga oshirilishi past turbulentlik va shamol tezligi yuqoriroqligi hisobiga yiliga 0,5-1 foiz ko'proq energiya ishlab chiqarishga imkon beradi. Shu sababli shamol turbinalari borgan sari balandroq qurilmoqda. Misol uchun, Vestas kompaniyasi keyingi yilda 241 metr balandlikka ega shamol elektr stansiyasi prototipini o'rnatmoqchi.

Hozirda Yevropada elektr energiyaning anchagina qismi shamol energiyasi hisobiga olinadi. O'tgan dam olish kunlari bu borada rekord natija qilindi: Yevropa Ittifoqida iste`mol qilinuvchi jami elektr energiyaning 24,6 foizi YeIning 28 ta davlatida o'rnatilgan shamol generatorlari hisobiga olindi.

Яндекс.Метрика