У нас есть только
оригинальные песни

GM Uzbekistan avtomobillari videoregistrator va ERA-GLONASS tizimi bilan jihozlanadi

calendar 20.06.2018
1395

GM Uzbekistan kompaniyasi O‘zbekistonda sotiladigan avtomobillarini ERA-GLONASS tizimi hamda videoregistrator va tezlikni cheklash qurilmalari bilan jihozlaydi, deb yozadi Sputnik.

“Agar Yaponiya misolida oladigan bo‘lsak, ular eng yaxshi narsalarni avvalo o‘z ichki bozori uchun ishlab chiqaradi. Biz o‘zimizga savol berdik, nima uchun Rossiyaga eksport qilinadigan avtomobillarimizga ERA-GLONASS tizimi o‘rnatiladi-yu, o‘zimizning bozorda sotiladiganlariga o‘rnatilmaydi? Nega o‘zimiznikilarni ajratib qo‘yishimiz kerak?” – dedi “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Umidjon Salimov.

Uning aytishicha, bu tizim yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

“Biz IIVga O‘zbekistonda ERA-GLONASS tizimini joriy etish taklifi bilan chiqdik. Nega O‘zbekistonda sotiladigan avtomobillarda favqulodda xizmatlar va dispetcherni chaqirish xizmati tugmalari bo‘lmasligi kerak? Biz buni amalga oshiramiz. Hamma muammo unga muvofiq infratuzilmani yaratishda, bu masala hozir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Biz masalaning texnik tomonlarini allaqachon ishlab chiqdik va joriy etishga tayyormiz”, – dedi “O‘zavtosanoat” rahbari.

Bundan tashqari, Salimovning aytishicha, mahalliy avtomobillarni videoregistratorlar bilan jihozlash g‘oyasi ham mavjud. Bu ham juda kerakli narsa, deb hisoblaydi u.

“Tezlikni cheklash texnik jihatdan murakkab ish emas. Biz avtomobilni boshqaruvchi kompyuter blokiga yangi dasturni kiritsak bo‘ldi, tezlik oshganida tovushli signal beriladi”, – dedi u.

ERA-GLONASS – bu falokat chog‘ida qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish imkonini beruvchi uskuna. SOS tugmasi bosilganida u mashinani favqulodda xizmat operatori bilan bog‘laydi, avtomobilning tezligi, rangi, uning qayerda ekanligi va boshqa ma’lumotlarni tarmoqqa jo‘natadi.

Shuningdek, tugma halokatdan so‘ng avtomatik tarzda ham ishga tushishi mumkin. Tizim zarba oqibatida SOS signalini yuboradi, operator mashinaga nazorat qo‘ng‘irog‘ini amalga oshiradi va agarda hech qanday javob bo‘lmasa, mashina turgan joyga qutqaruvchilar yuboriladi.

Яндекс.Метрика