Google O'zbekistonni tanladi
29.09.2015 2699
2015 yilning fevral oyida Amerikaning Google Inc. korporatsiyasining
Yangi texnologiyalar va Google ishlanmalarini rivojlantirish Oliy
Departamenti o'z ishlanmalari uchun yangi istiqbolli hududlarni
o'zlashtirishga qaror qildi. Shu maqsadda Google korporatsiyasining
idorasi Istanbulda joylashgan Yaqin va Uzoq Sharq, shuningdek, Markaziy
Osiyo mamlakatlari bo'yicha yirik riteyleri - General Mobile potentsial
bozorlarni qidirishni boshladi.
Rivojlanayotgan bozorlarni izlash
jarayonida General Mobile kompaniyasi Qozog'iston, Qirg'iziston,
O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston, Eron va boshqa bir
qator mamlakatlarda bo'lib, har qaysi bozorning qo'yilgan maqsadlarga
nisbatan jozibadorligi o'rganildi. Uzoq fikr-mulohazalar, muhokamalardan
so'ng 2015 yilning iyul oyida Google korporatsiyasi vakili O'zbekiston
bilan hamkorlik qilishni taklif etdi. Bunda General Mobile Google
ishlanmalari asosida smartfonlar ishlab chiqarishda xo'jalik texnikasi
va elektronika milliy ishlab chiqaruvchisi – Artel`ning ishlab chiqarish
quvvati hamda xizmat ko'rsatish ta'minoti eng maqbul variant ekanini
qayd etdi.
Mazkur masalani amerikalik hamkori bilan muhokama qilgan
holda Google jadal rivojlanib borayotgan va chet el investitsiyasi uchun
qulayroq bo'lgan O'zbekiston bozorini tanladi. Ushbu tanlovga kelishda
Artel`ning nafaqat ko'p yillik tajribasi hisobga olindi, balki Artel
ishlab chiqarish bazasining jahon texnologik standartlariga mosligi va
uning bekamu ko'st menejmentga egaligiga ham e'tibor qaratilib, Google
o'z rejalarini amalga oshirish uchun O'zbekistonda eng ilg'or sanalgan
Artel milliy ishlab chiqaruvchisi bilan yaqindan hamkorlik qilishni o'z
oldiga belgilab qo'ydi.
Natijada Google ishlanmalari asosidagi yangi
Android One smartfon modeli o'zbek kompaniyasi bilan joriy 2015 yilning
oktyabr oyidan ishlab chiqarish rejalashtirildi.
Android One
smartfonining o'zi haqida gap ketganda, uning ko'plab vazifalar va
qulayliklarga ega ekanini qayd etish joiz. Nafis dizaynining zamonaviy
texnologiyalar bilan uyg'unlashib ketgani smartfonni kundalik
hayotimizdagi beqiyos ko'makchiga aylantiradi.
Android One ikkita
asosiy ustunlikka ega: birinchidan, unda Google ishlanmalaridan
foydalanish uchun maksimal miqdordagi qulayliklar mavjud. Ikkinchidan,
qurilma Android`ning yangi variantlarini avtomatik ravishda yangilaydi.
Yangi
qurilma 4 ta ARM Cortex A53 yadrosiga ega 64 bitli Qualcomm Snapdragon
410 protsessori hamda Adreno 306 grafik kontrollyori asosida yaratilgan.
Uning tezkor xotirasi 2 Gbni, flesh-xotirasi esa 16 Gb ni tashkil
qiladi. Smartfonga ikki yil ichida yangilanib turilishi kafolatlangan
Android 5.1.1 operatsion tizimi o'rnatilgan. Shuningdek, 4-avlod LTE
mobil tarmoqlarida ishlashni ham qo'llab-quvvatlaydi.
Uskuna 1280 ×
720 piksel sig'imiga ega 5 dyuymli sensorli ekran bilan jihozlangan.
Uning ekrani qirilish va shikastlanishlardan Gorilla Glass 4 oynasi
bilan himoyalangan. Smartfonning old qismida videoqo'ng'iroqlar va
"selfi” tasvirlar uchun 5 Mp li kamera o'rnatilgan; yorug'lik diodli
vspishkaga ega asosiy kamera esa 13 Mp ni tashkil etadi.