Gretsiya atrof-muhit muhofazasi vazirligining ma`lumotlariga ko'ra, aholisi 11 millionga yaqin bo'lgan mamlakatda bir yilda 4,5 milliard plastik paket ishlatiladi.
Hukumat qaroriga ko'ra, bugundan boshlab supermarketlarda plastik paketlar pullik bo'ladi — ularning har biri 4 yevrosentga sotiladi. 2019 yildan esa ularning narxi 9 yevrosentga ko'tariladi.
— Plastik paket bizning odatiy iste`molimizni tark etishi kerak. Biz iste`molchilarning hulq-atvorini o'zgartirish payidan bo'lamiz, chunki fuqarolarimiz bunday paketlarni ishlatishning ekologik oqibatlarini chuqur anglab yetishlari kerak, — deya RIA Novosti Gretsiya atrof-muhit muhofazasi vazirining o'rinbosari Sokratis Famellosning so'zlarini keltirmoqda.
Eslatib o'tamiz, plastik paketlar jahonning ko'plab davlatlarida taqiqlangan. Ular chirish muddati uzoqligi sababli atrof-muhitga, jumladan, hayvonot olamiga ulkan zarar yetkazadi.