У нас есть только
оригинальные песни

Haftaning eng muhim fudbol o'yinlari bilan tanishing

calendar 22.08.2015
2075

Navbatdagi uikendda ham futbol muxlislari Еvropa maydonlari havosidan bahra olishda davom etishadi. Bugun Еvropada "kuchli beshlik"ning yana biri, Italiya A seriyasi ham start oladi. Italiyada "zebrasimon" liboslari bilan mashhur "Yuventus" va "Udineze" o'zaro o'ynasa, Angliyada gegemonlikka da'vo qilayotgan "Manchester Siti" o'zi uchun noqulay raqib "Everton" bilan hisob-kitob qiladi. Angliyada nafaqat turning, balki birinchi davraning eng shiddatli uchrashuvi bo'lishi kutilayotgan "Arsenal" va "Liverpul" bahsi ham shu haftaga belgilangan. Shuningdek, muxlislar Ispaniyada "Atletik" va "Barselona"ning navbatdagi qarama-qarshiligiga guvoh bo'lishlari mumkin. Italiyadagi yana bir muhim bahsda yangi mavsum oldidan sezilarli ravishda kuchaygan "Milan" "Fiorentina"ga safar qiladi.

"Yuventus" -"Udineze"
23 avgust, soat 21:00 NTV+ Futbol 3

"Zebralar derbisi" maqomidagi ushbu uchrashuvda ayni damda haddan tashqari kuchi ko'rinayotgan "Yuventus" Di Natale sardorligidagi "Udineze"ni qabul qiladi. Turinliklar yozgi transferlar paytida istagan futbolchisini sotib olmoqda. Shu vaqtgacha, jamoaga Dibala, Manjukich, Xedira, Zaza, Neto, Rugani, Aleks Sandro kabi futbolchilar kelib qo'shilishgan. "Udineze" esa deyarli jiddiy xaridlar amalga oshirmadi. Jamoa o'tgan mavsum so'ngida ketma-ket 4ta mag'lubiyat qayd etgandi.

"Fiorentina" - "Milan"
23 avgust, soat 23:45 NTV+ Futbol 1


O'tgan mavsumda juda qoniqarsiz natija qayd etgan "Milan" birinchi navbatda bosh murabbiyni almashtirdi. Filippo Inzagi o'rniga "Sampdoriya"dan Sinisha Mixaylovich olib kelindi. Jamoa tarkibi yozgi transferlar vaqtida Bakka, Matri, Luis Adriano kabi futbolchilar bilan boyitildi. Birinchi turda Menez, Nyang va Mekses kabi futbolchilar jarohat tufayli ishtirok eta olishmaydi. "Fiorentina" esa bosh murabbiy Montellaga ishonch bildirishda davom etadi. Jamoa o'tgan mavsumlardagi asosiy etakchilari Xoakin, Paskual, Borxa Valero, Ilichich va Rossi kabilarni o'z tarkibida saqlab qolgan.

"Atletik" - "Barselona"
23 avgust, soat 21:30 NTV+ Futbol 2


"Atletik" va "Barselona" jamoalari o'rtasida avgustning ikkinchi yarmidagi uchinchi to'qnashuv ertaga, "San Mames" o'yingohida bo'lib o'tadi. Oxirgi 2 uchrashuv natijasiga ko'ra basklar 5:1 hisobidagi ustunlikka ega bo'lishgan. "Atletik Bilbao"da 34 yoshli Arits Aduris o'zining ikkinchi yoshligini o'tkazayotganini hisobga olgan holda "Barselona"ga uchinchi o'yin ham oson bo'lmasligini taxmin qilish mumkin. Qolaversa, jamoaning himoya chizig'i butunlay kuchsizlangan. Alba va Duglas jarohat tufayli, Pike va Mate diskvalifikatsiya tufayli maydonga tusha olmaydi. Neymar ham hujumdagi sheriklariga jarohat tufayli yordam bera olmasligi oydinlashgan. Uning o'rnini bilintirmasligi mumkin bo'lgan Pedro esa 2 kun oldin "Chelsi"ga sotib yuborildi.

"Everton" - "Manchester Siti"
23 avgust, soat 20:00 NTV+ Futbol 1

"Gudison Park" o'yingohi yakshanba kuni Angliyaning eng kuchli klublaridan birini qarshi oladi. Raqiblar hali De Bryuyneni o'z safiga qo'shib olmadi, "Valensiya"dan transfer qilingan Otamendi ham bu o'yinda ishtirok etmaydi, lekin mezbonlarni o'ta qiyin o'yin kutib turibdi. "Everton" ilk turda "Uotford" bilan 2:2 hisobida durang qayd etdi, ikkinchi turda esa "Sautgempton"ni safarda 3:0 hisobida mag'lub qildi. "Manchester Siti" esa 2 turda ham "Vest Bromvich" va "Chelsi" jamoalar darvozasiga 3tadan javobsiz to'p yo'lladi. "Shaharliklar" tarkibida Yaya Ture o'zining sport formasini tiklab olgan, Aguero va Silva esa o'zining odatdagi yuqori darajali holatida. Himoyachi sardor Kompani har uchrashuvda gol urmoqda, jamoaning kuchsiz chizig'i yo'q.

"Arsenal" - "Liverpul"
24 avgust, soat 23:55 NTV+ Futbol 1

Bu jamoalarning oxirgi uchrashuvida "Arsenal" "Liverpul"ni "Emireytes"da "go'shtqiymalagichdan o'tkazgandi". O'sha uchrashuvda 4:1 hisobi qayd etilib, "Liverpul" amalda kuchli to'rtlikka kirishdan mahrum bo'lgandi. Yangi mavsumda "Liverpul" himoyaviy futbol ko'rsatmoqda - jamoani Stiven Jerrard va Rahim Sterling tark etishgan. Bu usul "Stok Siti" va "Bornmut"ga qarshi o'yinlarda o'zini oqladi - har ikki uchrashuvda Koutino va Benteke tomonidan urilgan bittadan gol 3tadan ochko olib keldi. Jamoa yozgi transferlar vaqtida eng ko'p pul sarflagan jamoa bo'lib turibdi, Benteke, Firmino, Klayn, Gomes, Milner kabi futbolchilar tarkibga qo'shib olindi.

"Arsenal" esa qaysar murabbiy Arsen Vengerning o'ziga xos uslubida o'ynashda davom etmoqda. Jamoa o'tgan ikki uchrashuvning birida "Vest Xem"ga 0:2 hisobida mag'lub bo'lib, ikkinchisida "Kristal Pelas"ni qiyinchilik bilan enggan - 2:1.

"Arsenal" yozgi transferlar vaqtida jiddiy transferga qo'l urmadi. "Chelsi"dan 11 mln funt evaziga transfer qilingan darvozabon Piter Chex esa tarkibni kuchaytira olmadi. Uelbek, Rositski va Jek Uilsher kabi futbolchilar jarohat tufayli mavsum startini o'tkazib yubormoqda.

Яндекс.Метрика