У нас есть только
оригинальные песни

Har bir talabalar turar joyida tarbiyachi-pedagog shtati joriy etiladi

calendar 28.07.2017
1199

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy ma`lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, uch oy muddatda oliy ta`lim muassasasi uchun psixolog va har bir talabalar turar joyi uchun tarbiyachi-pedagog shtati joriy etiladi. 

Mehnatga haq to'lash razryadi bo'yicha oliy ta`lim muassasalari ma`naviyat va ma`rifat bo'limi boshlig'ining lavozim razryadi 16-razryadga, bo'lim xodimlarining lavozim razryadi 14-razryadga ko'tariladi.

Oliy ta`lim muassasalari guruh murabbiylarining faoliyati samaradorligi va mas`uliyatini yanada oshirish, ularning doimiy rag'batlantirib borilishini ta`minlash maqsadida har bir guruh murabbiyiga (jumladan, murabbiylar kengashi rahbarlariga) oylik maoshining 25 foizigacha miqdorda ustama haq to'lanadi.

Har o'quv yilida ma`naviy-ma`rifiy ishlarni moliyalashtirish maqsadida ta`lim muassasasi xarajatlari smetasining kamida 5 foizini yuqorida nazarda tutilgan xarajatlar uchun ajratish choralari ko'riladi. Ushbu mablag'larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan shaxsiy mas`uliyat oliy ta`lim muassasasining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo'yicha prorektori zimmasiga yuklanadi.

Bundan tashqari, Xalq ta`limi vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy bank, O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga birgalikda uch oy muddatda ta`lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obro'sini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va o'rnak darajasiga ko'tarish, shuningdek, turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor bo'lgan, o'quvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qo'lga kiritgan pedagoglarga uy-joy, O'zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xo'jalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va iste`mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish yuzasidan takliflarni tayyorlash va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Яндекс.Метрика