У нас есть только
оригинальные песни

Hayit kuni qilinadigan eng zarur va savobli amallar

calendar 05.07.2016
2366

Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo'lsin.
Ertaga hayit! Hayitning ma'nosi nima? Hayit qanday bo'ladi?
Hayit buyuk ne'mat beruvchi zotga shukr qilinadigan, cheksiz fazlini e'tirof qilib, ne'matlarni izhor qilinadigan kundir.
Hayit kuni quyidagi ishlar haqida muslim.uz sayti yozmoqda.

-        g'usl qilish;
-        misvok ishlatish;
-        xushbo'ylik surish;
-        chiroyli yangi kiyim kiyish (yangisi bo'lmasa, yuvilganini kiyish);
-        masjidga chiqishdan oldin fitr sadaqasini berish;
-        masjidga chiqishdan oldin biror narsa tanovul qilish;
-        masjidga bir yo'ldan borib, uyga boshqa yo'ldan qaytish;
-        masjidga ketishda jahriy takbir aytmaslik (ya'ni Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) qurbon hayitiga ketishda, ko'chada jahriy (ovoz chiqarib) takbir aytilganidek, ro'za hayitida aytilmaydi, deb ta'kidlaydilar);
-        hayit namozidan oldin masjidda nafl namoz o'qimaslik;
-        nomozdan keyin ota-ona, qarindosh-urug'lar va yaqinlarni ziyorat qilish;
-        etimlar, miskinlar, faqirlar hamda muhtojlarga yordam qo'lini cho'zish, ularning holidan xabar olish va mehr ko'rsatish;

Hayit namozi quyidagicha o'qiladi
Imom domla iftitoh (namozni ochuvchi) takbiri – “Allohu akbar”ni aytsa, muqtadiy (imomga ergashuvchi namozxon): “Qiblaga yuzlangan holimda, hayit namozini xolis Alloh uchun, o'qishni niyat qildim”, deb “Allohu akbar” takbirni aytib namozga qo'shiladi va sanoni o'qiydi. So'ngra imom domla uch bor takbir aytadi. Muqtadiy ham qo'lini qulog'i barobariga ko'tarib takbir aytadi. Takbirlar orasida qo'lni bog'lamasdan, yonga tushiriladi. Keyin imom domla Fotiha surasini hamda bir qo'shimcha surani jahriy o'qiydi va ruku uchun takbir aytadi. Muqtadiy qiroat vaqtida jim turib eshitadi, qiroatni ichida ham takror qilmaydi. Imom domla ikkinchi rakatga turib, Fotiha va bir surani o'qiydi va uch marta takbir aytib to'rtinchisida rukuga boradi. Muqtadiy uch takbirda qo'lini qulog'i barobariga ko'tarib takbir aytadi. Takbir oralarida qo'llar yonga tushiriladi. Shu bilan qa'daga o'tirilib tashahhud hamda salavot va duolar o'qilib, namozni tugatiladi.
Insonlar hayit namozini o'qib uyga qaytarkanlar, ular ikki qismga bo'linadilar. Ramazon oyini Alloh taologa itoat qilib, ibodat va solih amallar bilan o'tkazganlar, ajru savobga ega bo'lib, shodu hurram bo'lib qaytadilar. Alloh taolo ularga “Sizlarni gunohlaringiz kechirildi, roziligimni so'radilaringiz Men rozi bo'ldim”, deydi, go'yo. Ramazon oyini nafs xohishi yo'lida o'tkazganlar o'ziga xos qo'rquv, afsus-nadomat va pushaymonlik ila qaytadilar.
Alloh taolo bizlarga hayit namozidan shodu hurram qaytishni nasib qilsin. Ey Alloh, Sen barcha narsalarni biluvchi, eshituvchi va ko'ruvchi Zotsan, bizlarni Ramazonda qilgan ojizona ibodatlarmizni qabul et. Bizlarni avval tavba qiluvchilardan qilib, so'ngra tavbalarimizni qabul qilgin.

Bahriddin PARPIЕV

Яндекс.Метрика