У нас есть только
оригинальные песни

Hisob palatasining ishi nimalarga yo'naltirilgan?

calendar 28.06.2018
697

Qonun hujjatlari ta`sirini baholash tizimi portalida tashqi audit va moliyaviy nazorat oliy organi faoliyatini tashkil etish masalalari qayd etilgan «O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi to'g'risida»gi qonun loyihasi muhokama qilina boshladi, deb yozmoqda Norma.

Hisob palatasi Prezident devonining mustaqil tarkibiy bo'linmasi hisoblanadi. U o'z faoliyatida bevosita davlat rahbariga bo'ysunadi, unga, shuningdek Oliy Majlis palatalariga hisobot beradi.

Hisob palatasining ishi quyidagilarga yo'naltirilgan:

• Davlat byudjyeti loyihasi parametrlari shakllantirilishini va ularning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvor vazifalariga muvofiqligini tizimli tahlil qilish;
• O'zbekistonni rivojlantirish bo'yicha qabul qilinayotgan davlat dasturlari moliyalashtirish manbalari bilan ta`minlanganligini auditdan o'tkazish;
• byudjyet tizimidagi byudjyetlarga va qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa jamg'armalarga mablag'lar to'liq kelib tushishini o'rganish va nazorat qilish;
• zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qo'llash orqali byudjyet tizimidagi byudjyetlarga va qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa jamg'armalarga tushadigan daromadlarni ko'paytirish niyatida zaxiralarni aniqlash va safarbar etish;
• byudjyet tizimidagi byudjyetlar va qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa jamg'armalardan amalga oshirilayotgan xarajatlar samaradorligi va qonuniyligini auditdan o'tkazish, ularni barcha darajalarda qisqartirish uchun zaxiralarni aniqlash;
• byudjyet tizimidagi byudjyetlar va qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan boshqa jamg'armalar mablag'lari hamda davlat qarzlari hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligi va asosliligini baholash;
• soliq va byudjyet qonunchiligini yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, tizimli qonunbuzarliklar sabablarini, shuningdek o'zini oqlagan xalqaro tajribani umumlashtirish va o'rganish orqali byudjyetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish;
• respublika byudjyeti bilan Qoraqalpog'iston byudjyeti, viloyatlar va Toshkentdagi mahalliy byudjyetlar o'rtasidagi nisbat maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromad vakolatlari va xarajat majburiyatlari to'g'ri cheklanganligini baholash, ularning moliyaviy barqarorligini ta`minlashga doir takliflar ishlab chiqish;
• O'zbekistonni rivojlantirish davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirishga ajratiladigan mablag'lar o'z vaqtida ajratilishi va samarali o'zlashtirilishi, Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijro etilishi ustidan nazoratni tashkil etish va o'tkazish;
• respublika pul-kredit va valyuta siyosatini, O'zbekiston aktivlari va majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralari boshqarilishini, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni tashqi auditdan o'tkazish;
• byudjyet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish.
 
Hisob palatasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan, shu jumladan elektron tarzda o'zaro hamkorlik qiladi va axborot almashadi.  

Hisob palatasi hamda Moliya vazirligi, hamkorlik to'g'risidagi bitimda belgilangan tartibda byudjyet va smeta-shtat intizomini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar haqidagi ma`lumotlarni almashadi.   

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar o'z vakolatlari doirasida Hisob palatasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishida yordam ko'rsatishlari shart.

Hisob palatasi mansabdor shaxslarining o'z xizmat majburiyatlarini bajarishlari bilan bog'liq talablarini bajarish davlat organlari, shuningdek tashkilotlar va muassasalar uchun, ularning kimga bo'ysunishi va mulkchilik shaklidan qat`i nazar, majburiy hisoblanadi.

Hisob palatasining, shu jumladan qonun hujjatlariga rioya etish, hujjatlar, nazorat materiallari va boshqa ma`lumotlarni taqdim etish, mutaxassislarni ajratish, qonun hujjatlari buzilishi dalillari yuzasidan tushuntirish berish va kelish borasidagi qonuniy talablari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan, ularning mulkchilik shakli va kimga bo'ysunishidan qat`i nazar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi shart.
 
Loyiha o'zgartirilishi, unga qo'shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Яндекс.Метрика