Hojiboysiz o'tgan yillar. Bugun u 62 yoshga kirgan bo'lardi

«Borma kuyasaaaan... ana kuyding!» bu jumlalar ijrochisi, xalqimiz suygan so'z ustasi Hojiboy Tojiboyev tirik bo'lganida, bugun 62 yoshni qarshilardi.

Ikki tilda gaplashib bir xalq hisoblanib kelgan O'zbekiston va Tojikistonda xizmat ko'rsatgan artist Hojiboy Tojiboyev 1955 yil 25 avgust kuni Leninobod, hozirgi So'g'd viloyatining markazi hisoblangan Xo'jand shahrida tavallud topgan. Asl ismi Hojimurod bo'lgan bo'lajak san`atkorning bolaligi Jabbor-Rasulov nohiyasidagi ko'chalarda o'tgan, biroz vaqt o'tgach u Toshkentga keldi.

1978 yil Toshkent Teatr va rassomchilik institutini tamomlab, Tojikistonga qaytishga qaror qiladi. Dastavval, Shukur Burxonov nomidagi Nov teatrida, keyinchalik Kamol Xo'jandiy nomli teatr dargohida faoliyat yuritgan. SSSR parchalanib ketgach, Hojiboy Tojiboyev keyingi ijodini davom ettirish uchun Toshkentga ko'chib kelgan. Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usmon qori Raimbekov, Orifjon Toshmatov, Zokirjon Ovulov, Ibrohim qiziq Teshaboyev kabi Hojiboyning so'zlari xalq orasida iliq kutib olindi, uning respublika bo'ylab gastrollari barchaning og'zida edi.

O'tgan asrning 90-yillari so'nggidan Toshkent shahridagi «Xalqlar do'stligi» san`at saroyida (hozirgi «Istiqlol») qo'yilgan Hojiboy Tojiboyevning har bir yakkaxon konsert dasturi intizorlik bilan kutilardi. O'tgan yillar davomida uning hazillari el orasida tez-tez «Hojiboy aytardiku» qabilida takrorlanib turadi. Uning achchiq haqiqatlarni ham kulgi bilan maromida hazilga yo'yib ijro etish san`atiga barcha tan bergan. Shuning uchun bo'lsa kerak, ko'p davralarda bir masaladan gap ochilsa, «o'z Hojiboy aytgan» jumlasidan boshlanishi bejiz emas.

2008 yil mashhur qiziqchining sog'lig'i bezovta qilib, bir necha bor shifokorlarga murojaat qilishga majbur bo'ldi.

«Dadajonim o'z kasbini juda sevgan inson edi. Hatto sog'lig'i yomonlashsa ham, umrining so'nggigacha konsert berishni, yangilik yaratishni, ijod qilishni o'yladi. Hayotini san`atsiz hech ham tasavvur qila olmagan», deydi san`atkorning qizi Intizor Tojiboyeva.

Toshkentdagi shifoxonalardan birida davolanib yurgan davrida el suygan Hojiboy Tojiboyevning vafot etgani barchani esankiratib qo'ydi. U ona yurti Xo'jand shahrida dafn etilib, O'zbekistonda ham katta hurmatga sazovor bo'ldi. «Buyuk» nomiga loyiq Hojiboy Tojiboyevning oilasidan faqat uning qizi Intizora Tojiboyeva san`at yo'lini tanladi. Ayni paytda Intizora Toshkent davlat San`at va madaniyat institutida Dramatik teatr va kino yo'nalishi bo'yicha tahsil olmoqda. U bir necha klip, reklama va kino lavhalarda rollarni ijro etmoqda.


Комментарии (0) | Добавить: 25.08.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]