У нас есть только
оригинальные песни

Hukumatning vazifalari optimallashtiriladi, davlat xizmatchilariga haq to'lash takomillashtiriladi

calendar 10.01.2018
1134

O'zbekistonda 2018 yil 1 iyulga qadar “Davlat xizmati to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili» davlat dasturi loyihasida ma`lum qilingan.

Adliya vazirligi,  Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, AQHMI, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Bosh prokuratura bu boradagi ish uchun mas`ul etib belgilandi.

Loyihada davlat xizmati tizimini tashkil etish va faoliyat ko'rsatishining asosiy tamoyillari, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, moddiy va ijtimoiy ta`minoti, davlat xizmatiga ishga o'tish, xizmatni o'tash va xizmatdan bo'shash tartibi belgilanadi.

Shuningdek, 2018 yil 1 fevralga qadar tuman (shahar)lardagi Davlat xizmatlari markazlari – “Xalq qabulxonalari”ning zamonaviy binolarini qurish va moddiy-texnika ta`minotini mustahkamlash bo'yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Adliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo'mitasi tomonidan ishlab chiqiladi.

Bu boradagi sarf-xarajatlar 50 mlrd so'm etib belgilandi, davlat-xususiy sheriklik asosida jalb qilingan mablag'lar, mahalliy byudjyet mablag'lari esa moliyalashtirish manbalari bo'ladi.

Loyiha bilan 2018-2020 yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi. Dasturda, qoida tariqasida, davlat-xususiy sheriklik shartlarida tasdiqlangan namunaviy loyihalarga asosan tuman va shaharlarda Davlat xizmatlari markazlari – Xalq qabulxonalarining yangi binolari quriladi. Bunda ona va bola xonalari, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qulay muhit, avtomobil to'xtash joylari, o'ziga o'zi xizmat ko'rsatish burchaklari nazarda tutiladi.

2018 yil 1 martga qadar innovatsion texnologiyalarni qo'llash orqali davlat xizmatlari ko'rsatishning yuqori sifati, tezkorligi, ochiqligini ta`minlash, aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yanada oshirish bo'yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Mas`ullar: Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi, Innovatsiya vazirligi, O'zavtosanoat, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar.

Sarf-xarajatlar 30 mlrd so'm etib belgilandi, axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari, vazirlik va idoralarning byudjyetdan tashqari mablag'lari moliyalashtirish manbalari bo'ladi.

Loyiha bilan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Dasturda:

davlat xizmatlari markazlarini infokiosklar bilan ta`minlash, ularda elektron navbat tizimi va masofadan turib videokuzatuv tizimini joriy etish;

davlat xizmatlarini aloqa vositalaridagi mobil ilovalar orqali ko'rsatish imkoniyatini yaratish, aholi bilan qayta aloqaning samarali vositalarini amalga kiritish;

olis hududlarda yashovchi aholiga mobil davlat xizmatlari markazlari (maxsus avtotransport vositalari) orqali davlat xizmatlarini ko'rsatish amaliyotini joriy etish nazarda tutiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga ko'rsatiladigan davlat xizmatlari tizimlashtirilishini nazarda tutuvchi Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish to'g'risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2018 yil 1 martga qadar Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi, vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.

Loyihada:

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini xatlovdan o'tkazish natijasi bo'yicha ularning yagona reyestrini shakllantirish;

reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini ko'rsatish taqiqlanishi nazarda tutiladi.

2018 yil 10 fevralga qadar davlat xizmatlari markazlarida “yagona darcha” tamoyili asosida qo'shimcha ravishda yuridik shaxslarga 40 turdagi, jismoniy shaxslarga
19 turdagi davlat xizmatlarini ko'rsatish tartibini joriy etish
 haqida normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Mas`ullar: Adliya vazirligi,
vazirlik va idoralar.

Loyiha bilan yo'l xaritasi tasdiqlanadi va amaliy chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bunda aholiga qulaylik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari markazlari binolarining hamda idoralararo elektron axborot almashish tizimining imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi joriy etiladigan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida Markazlar orqali ko'rsatish nazarda tutiladi.

2018 yil 10 fevralga qadar ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga “Elektron hukumat” tizimini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish bo'yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi Axborot texnologiyalari vazirligi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.

Sarf-xarajatlar hisob-kitoblarga asosan bo'ladi, Axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari, vazirlik va idoralarning byudjyetdan tashqari mablag'lari moliyalashtirish manbalari bo'ladi.

Loyiha bilan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi. Rejada:

ma`muriy tartib-taomillarni optimallashtirish;

boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish;

hududlar va mamlakat miqyosida yuzaga kelayotgan tahdid hamda muammolarga o'z vaqtida
va munosib ta`sir ko'rsatish uchun axborot almashishning samarali tizimini shakllantirish nazarda tutiladi.

 

Yil davomida Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlari soni, ular tuzilmasi va bo'linmalari optimallashtirilishi munosabati bilan ushbu organlarning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi doirasini qayta ko'rib chiqish bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Loyihalarda:

respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari o'rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etish;

ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy tuzilmalari o'rtasida mavjud shtat birliklarini oqilona taqsimlash, ular mas`uliyati doirasini aniq belgilash;

tashkiliy-shtat tuzilmasining iqtisodiyot va jamiyatning real ehtiyojlariga, har bir ijro etuvchi hokimiyat organining yangi vazifalari, funksiyalari va faoliyatining ustuvorligiga muvofiqligini ta`minlash;

ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini rejalashtirish va ular faoliyatini baholash mezonlari;

ijro etuvchi hokimiyat organlarining takrorlovchi tarkibiy tuzilmalari va muassasalarini, shuningdek, vazifa hamda funksiyalari xususiy sektorga o'tkaziladigan tarkibiy tuzilmalarni qisqartirish nazarda tutiladi.

2018 yil 20 iyunga qadar Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, vazirlik va idoralar tomonidan davlat-hokimiyat vakolatlari berilgan idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqalar)ni tubdan qisqartirish bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Loyihalarda:

idoralararo kollegial organlar (komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar
va boshqalar)ning vazifa, funksiya va vakolatlarini tahlil qilish hamda samaradorligini baholash;

doimiy xarakterga ega davlat-hokimiyat vakolatlarini aniq davlat organiga o'tkazish va qabul qilinayotgan qarorlar uchun shaxsiy javobgarlikni yuklash orqali ularning sonini tubdan qisqartirish nazarda tutiladi.

2018 yil 20 iyulga qadar Prezident devoni, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Innovatsiya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Bosh prokuratura tomonidan hukumatning vazifalari va tuzilmasini takomillashtirish bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Loyihalarda:

Vazirlar Mahkamasining vazifalari va tuzilmasini optimallashtirish;

Vazirlar Mahkamasi a`zolarining o'z faoliyati sohasida shaxsiy mas`uliyatini yanada oshirish;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining Vazirlar Mahkamasi bilan o'zaro hamkorlik prinsip va mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutiladi.

2018 yil 20 martga qadar Davlat raqobat qo'mitasi, Axborot texnologiyalari vazirligi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, Markaziy bank tomonidan davlat mulkini sotishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llashni keng joriy etish bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Loyihalarda:

Internet tarmog'ida davlat mulkini sotish uchun yagona portal tashkil etish;

davlat mulkini sotishda ishtirok etuvchi sub`yektlar doirasi, ularning huquq va majburiyatlari;

davlat mulkini real vaqt rejimida elektron to'lov orqali sotish tartibi nazarda tutiladi.

2018 yil 30 mart kuniga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatchilarining mehnatiga haq to'lash va ijtimoiy ta`minoti tizimini takomillashtirish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Sarf-xarajatlar 510 mlrd so'm etib belgilandi, davlat byudjyeti mablag'lari esa moliyalashtirish manbalari bo'ladi.

Loyihada:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga ish haqlarini bazaviy tarif stavkalari asosida to'lashga o'tkazish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari faoliyati samaradorligi natijasidan kelib chiqib, rag'batlantirish choralarini ko'rish;

davlat idoralarida ko'p yillik xizmat qilgani uchun oylik ish haqiga ustamalar to'lash tizimini qayta ko'rib chiqish;

davlat xizmatchilari uchun davlat uy-joy fondini shakllantirish;

idoraviy uy-joylar qurish dasturini ishlab chiqish nazarda tutiladi.

2018 yil 1 aprelga qadar Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat raqobat qo'mitasi, vazirlik va idoralar, Bosh prokuratura tomonidan nazorat vakolatiga ega ijro etuvchi hokimiyat organlarini ularning nazorati ostidagi xo'jalik boshqaruv organlari hisobidan moliyalashtirish amaliyotidan voz kechish bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Loyihalarda nazorat vakolatiga ega ijro etuvchi hokimiyat organlarini (O'zdavneftgazinspeksiya, O'zdavenergonazorat va boshqalar) ularning nazorati ostidagi xo'jalik boshqaruv organlari (“O'zbekneftgaz” AJ, “O'zbekenergo” AJ va boshqalar) hisobidan moliyalashtirish tartibini bekor qilish hamda ularni to'g'ridan-to'g'ri davlat byudjyeti mablag'lari hisobidan moliyalashtirish nazarda tutiladi.

2018 yil 1 mayga qadar Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, AQHMI, DBA, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan xalq deputatlari Kengashlari vakolatlarini yanada kengaytirish orqali  mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish haqida O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada:

hokimning mahalliy hokimiyat vakillik organining rahbari sifatidagi maqomini unda ijro etuvchi hokimiyat rahbari maqomini saqlagan va Xalq deputatlari kengashlarining kotibiyatini tuzgan holda bekor qilish;

xalq deputatlari Kengashlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo'linmalari faoliyatini nazorat qilish bo'yicha roli va mas`uliyatini oshirish;

tegishli vakolatlarni hokimlarga bosqichma-bosqich o'tkazish orqali hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kuchaytirish;

mahalliy vakillik organlarining nazorat borasidagi vakolatlarini yoritish nazarda tutiladi.

2018 yil 20 oktabrga qadar Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank, DSQ, Davlat statistika qo'mitasi, Savdo-sanoat palatasi tomonidan Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibini soddalashtirish maqsadida “Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada:

tijoratchi tashkilotlar – yuridik shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi;

banklarni davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi;

notijorat tashkilotlar – davlat organlari va muassasalarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi;

nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi;

yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi nazarda tutiladi.

2018 yil 20 noyabrga qadar Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida “Hisob palatasi to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihada Hisob palatasining huquqiy maqomi, vazifa va funksiyalari hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutiladi.

Яндекс.Метрика