Bizda faqat
original taronalar

Ichki ishlar organlarining mahalliy kengashlar oldida hisobdorlik tartibi belgilanmoqda

Senat 29-yalpi majlisida “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunlarga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari, ular o‘rinbosarlari har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari mahalliy kengashlariga hisobotlar taqdim etishi tartibi joriy qilinmoqda.

Shu bilan birga, tuman, shahar ichki ishlar bo‘linmalari boshliqlari – har chorakda va ular o‘rinbosarlari – har oyda, mahalla huquq-tartibot punktlari profilaktika katta inspektorlari – har olti oyda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga hisobotlar taqdim etishi tartibi belgilanmoqda.

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat yuritayotgan mahalla huquq-tartibot punktlari huquqiy maqomi va asosiy vazifalarini belgilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunga mahalla huquq-tartibot maskani to‘g‘risidagi norma kiritilib, bunda mahalla huquq-tartibot punktlari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot organlari hamda jamoat tuzilmalari mahallalar kesimida hamkorlikda ishlashini tashkil etish bo‘yicha ichki ishlar organlari tarkibiy tuzilmasi hisoblanishi belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.