У нас есть только
оригинальные песни

Ijtimoiy tarmoqlarning 6 ta ilmiy asoslantirilgan xavfli jihati

calendar 06.07.2017
1636

Sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislar o‘tirish — bu yangi chekish ekanligini ta’kidlamoqda. Uzoq vaqt davomida o‘tirish odati keltirib chiqaradigan xastaliklar, ular oqibatida har yili qancha odam vafot etishini hisobga olsa o‘tirish sog‘lig‘imiz uchun jiddiy tahdidlardan biri hisoblanadi.

Biroq hozirgi vaqtda ko‘p sonli odamlarni zombiga aylantirgan (ijtimoiy tarmoqlardan uzoqlasha olmaslik) ruhiy xastalik yanada ko‘proq zarar keltiradi. Ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolish yaxshilikka olib kelmasligi haqida Insider Pro nashri hikoya qiladi.

Amerika pediatrlar akademiyasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ida internetdagi tahdidlar va Facebook-depressiya kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantiradi. Biroq barcha yoshdagi katta kishilar uchun ham aynan shunday xavf mavjud. Quyida ijtimoiy tarmoqlar ruhiy salomatlik uchun zararli ekanligini ko‘rsatuvchi tadqiqotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar ko‘nikishni yuzaga keltiradi

Ekspertlar internetga ko‘nikib qolish yoki ijtimoiy tarmoqlarga ko‘nikib qolish sindromi mavjud-mavjud emasligi haqida yagona fikrga ega emas, biroq har ikkala holatda ham javob tasdiq shaklida bo‘lishiga barcha asoslar bor.

Nottingem Trent universiteti olimlari kishi ruhiy xarakteristikasi, shaxs tipi va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish o‘rtasidagi aloqalar haqidagi ilmiy adabiyotlarni o‘rganib chiqdi. Tadqiqot mualliflari quyidagi xulosaga keldi:

“Facebook’ga bog‘lanib qolish sindromi haqida gapirish uchun barcha asoslar mavjud. Chunki ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p vaqt o‘tkazuvchi bir qator kishilarda shaxsiy hayotdan qochish, butun e’tiborni Facebook’ga qaratish, haqiqatdan uzoqlashish, kayfiyatning keskin tushishi, real hayotdan uzoqlashish istagini yashirish kabi qaramlikning barcha belgilari kuzatiladi”.

Shuningdek, tadqiqotlar xuruj sindromi ham mavjudligini ko‘rsatdi. Bir necha yil avval Suonsidagi universitet olimlari internetdan foydalanishni to‘xtatgan kishilar ruhiy xurujdan aziyat chekishini aniqladi.

Yaqinda ular ushbu mavzuda yangi tadqiqot o‘tkazdi va internetdan voz kechish nafaqat ruhiy shikast yetkazishi, balki jismoniy sog‘liqqa ham zarar yetkazishini aniqladi. Tadqiqot mualliflaridan biri Fil Rid bu holatni quyidagicha ta’riflaydi:

“Internetda juda ko‘p vaqt sarflovchi kishilar mobil qurilmadan foydalanishni to‘xtatganda, tashvishli holatga tushib qolishi bizga ancha ilgaridan ma’lum edi. Biroq hozir ruhiy holatdagi o‘zgarishlar real jismoniy o‘zgarishlar bilan birga kechishini aniqladik”.

Ijtimoiy tarmoqlar insonni baxtsiz qiladi

Bir necha yil avval o‘tkazilgan tadqiqot Facebook’dan ko‘p foydalanagan odam o‘zini baxtli lahzalardan mahrum qilishi va hayotdan kamroq bahra olishini ko‘rsatdi.

“Sirtdan qaraganda Facebook kishilar o‘rtasida o‘ziga xos muloqot vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Biroq odamlar bilan jonli muloqot kishi kayfiyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatgani holda, Facebook’da muloqot qilish yoshlarga aks ta’sir ko‘rsatib, ularni baxtsiz qiladi”, — deya ta’kidlaydi tadqiqot mualliflari.

Yana bir tadqiqot esa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ijtimoiy yakkalanish hissini yuzaga keltirishini ko‘rsatdi. Olimlar kishilarning Facebook, Twitter, Google+, YouTube, LinkedIn, Instagram, Pinterest, Tumblr, Vine, Snapchat va Reddit kabi 11 ta ijtimoiy tarmoqda o‘tkazgan vaqti ularning o‘zini qanchalik ijtimoiy yakkalangan his qilishiga bog‘liq ekanligini o‘rganib chiqdi.

Ular o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjudligi aniqlandi. Ijtimoiy yakkalanish hissi insonning ruhiy va jismoniy salomatligiga ulkan zarar yetkazishi mumkin.

O‘z hayotini boshqalarniki bilan taqqoslash ruhiy shikastlanishga olib keladi

Facebook kishilarda ijtimoy yakkalanish hissini yuzaga keltirishi sabablaridan biri taqqoslashdir. Frendlentani ko‘zdan kechira turib, istab yoki istamagan holda o‘zimizni boshqa odamlar bilan taqqoslaymiz.

Ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlarimiz bilan taqqoslay turib o‘zimizga yaxshi yoki yomon baho berishimiz o‘rganilgan tadqiqot o‘tkazildi. Har ikkala holatda ham taqqoslash kishilarda tushkunlik holatini yuzaga keltirishi aniqlandi. Shunisi hayratlanarliki, real hayotda zararimizga bo‘lgan taqqoslash bizni xafa qiladi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar dunyosida istalgan taqqoslash tushkunlikka olib keladigan ko‘rinadi.

Ijtimoiy tarmoqlar hasad tuyg‘usini uyg‘otadi

Ijtimoiy tarmoqlarda taqqoslash hasad uyg‘otishi sir emas. Do‘stimizning tropik plyajlardagi suratlarini ko‘rib yoki boshqalarning farzandlari qanchalik ideal ekanligi haqida o‘qiy turib, qay birimiz yuqoridagi tuyg‘uni his qilmaganmiz?

Ilmiy tadqiqotlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ko‘rolmaslik hissini yuzaga keltirishini bir ovozdan tasdiqladi. Ana shunday tadqiqotlardan birining mualliflari quyidagi xulosaga keldi:

“Birgina Facebook shunchalik ko‘p hasad hissini yuzaga keltiradiki, uni salbiy hissiyotlar o‘chog‘i sifatida qabul qilish mumkin”.

Yana bir tadqiqotda hasad qilish tuyg‘usi va Facebook-depressiya o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganildi va tushkunlik aynan hasad tufayli yuzaga kelishi aniqlandi. Ya’ni kishi o‘z hasadini nazorat qila olsa, Facebook tushkunlikka olib kelmaydi. Bu Facebook-depressiyaning sababi aynan hasad ekanligini anglatadi.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish o‘zimizni yaxshiroq his qilishimizga sabab bo‘ladi degan illyuziyani boshdan kechiramiz

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘liq muammolardan biri — ular o‘zimizni yomon his qilishimizga olib kelsa-da, yana va yana ularga qaytamiz.

Biz yangi dozadan so‘ng o‘zini yaxshi his qila boshlashi haqida o‘ylaydigan, aslida esa o‘zini o‘ldiradigan narkomanlarga o‘xshab qolamiz.

Kishilar Facebook’dan foydalangandan so‘ng o‘z holatiga qanday baho berishi va haqiqatda o‘zlarini qanday his qilishiga bag‘ishlangan tadqiqot mavjud. Facebook’dan keyingi holat boshqa yumush bilan shug‘ullangan kishilarning holatidan har doim yomonroq. Biroq qo‘shimcha tajribalar odamlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalangandan so‘ng o‘zlarini yaxshiroq his qilishi haqidagi fikrga borishini ko‘rsatdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlaringizning ko‘pligi, faol ijtimoiy hayot olib borayotganingizni anglatmaydi

Bir necha yil oldin o‘tkazilgan tadqiqot ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘p sonli do‘stlar kishi faol ijtimoiy hayot olib borayotganligini anglatmasligini ko‘rsatdi. Shunday xulosa chiqarish mumkin: miya o‘zida qancha do‘stlik aloqalarini sig‘dira olishi borasida allaqanday cheklov mavjud va do‘stlikni saqlash uchun kishilar bilan virtual emas, real hayotda muloqot qilish zarur. Shuning uchun Facebook’dan foydalanish jonli muloqot o‘rnini bosmaydi.

Yolg‘izlik hissi ko‘plab ruhiy va jismoniy muammolarni keltirib chiqarishini hisobga olsak, jonli muloqot inson salomatligi uchun muhim zarurat hisoblanadi. Virtual do‘stlar bilan o‘tkazilgan vaqt jonli muloqot kabi davo samarasini ko‘rsatmaydi.

Xulosa

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlardan hech qanday naf yo‘qligini ko‘rsatadi. To‘g‘ri, ular uzoq masofada aloqalarni saqlab turish yoki anchadan buyon aloqani yo‘qotgan do‘stlaringizni topishga yordam beradi. Biroq ijtimoiy tarmoqlardan shunchaki vaqtni o‘tkazish yoki undan ham yomoni kayfiyatni ko‘tarish uchun foydalanish — juda yomon g‘oya.

Tadqiqotlar Facebook’dan foydalanishdagi tanaffus kishining ruhiy holatini yaxshilashini ko‘rsatdi. Agar bunga jur’at qila olsangiz, kichikroq tanaffus olishga urinib ko‘ring va natijasiga guvoh bo‘ling. Agar ijtimoiy tarmoqlardan bir muddatga bo‘lsa-da voz kechishga tayyor bo‘lmasangiz, hech bo‘lmaganda chegarani biling.

Яндекс.Метрика