Mikrochiplar ishlab chiqaruvchi Intel kompaniyasi “buyumlar interneti” (Internet of Things, IoT) bozorining eng nufuzli ishtirokchisi deb tan olindi. IoT Analytics mutaxassislari ushbu texnologiyalar bilan bog'liq brendlarning veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda tilga olinishi miqdorini hisoblab chiqib, shunday xulosaga kelishdi. Tadqiqot 2015 yilning ikkinchi yarmi ko'rsatkichlariga asoslanadi.
IoT Analytics ma'lumotlariga qaraganda, sohaning eng ko'zga ko'ringan kompaniyalari AQShda joylashgandir: Intel’dan keyingi o'rinlarni IBM, Microsoft, Google va Cisco egallagan. 9 va 10-o'rinlarda Samsung va LG korporatsiyalari joylashdi, deb xabar beradi Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi.
Yaponiyaning NEC kompaniyasi ro'yxatning 16-pog'onasini band qildi. Xitoyning Huawei kompaniyasiga 18-o'rin nasib qildi.
Ma'lumot uchun, “buyumlar interneti” barcha moddiy ob'ektlarning tarmoqqa ulanib, bir-birini identifikatsiya qilishini, shu yo'l bilan har qanday ishni qulaylashtirishni ko'zda tutadigan kontseptsiyadir.