У нас есть только
оригинальные песни

Internet tezligi millatga qanchaga tushadi?

calendar 13.08.2017
1344

Tezlik haqida o'zi nimalarni bilamiz? Avtomobil tezligidan, vaqtdan ustun kelishga uringan samolyotlarning qulashi, tezlikdan ag'anagan poyezdlarda halok bo'lgan odamlar haqida eshitganingizda hech tezlik – shaytonning quroli ekani xayolingizdan o'tganmi?

Hayotda tezlik muhimmi yoki diqqat? Harakatlanish qanchalar maqsadli bo'lsa, shundagina tezlik o'zini oqlaydi. Tezlikning ahamiyati shu qadar yuqori ekan, to'g'ri yo'ldan borish undan-da muhimroq bo'lishi kerak.

Internet tezligi cho'qqisiga yetgan davlatlarning tobora ma`naviy qashshoqlik domiga g'arq bo'layotgani, millatlarning, millat qiyofasining evrilib borayotgani buning isboti emasmi?

Bugun har bir internet foydalanuvchisi internet uchun oyiga kamida 10 dollar mablag' sarflaydi. Bu – 40 ming so'm, umumiy hisobda esa deyarli 500 ming so'm degani. Xo'sh, bu pullar evaziga internetdan nima olyapmiz?

Messenjyerlarda tarqalayotgan behayo video tasvirlar, tongga qadar davom etuvchi bema`no chatlar, bekorchi ovozli suhbatlar, ijtimoiy tarmoqlarda maqsadsiz sandiroqlash, bo'lar-bo'lmas fikrlar bilan odamlarning vaqtini o'g'irlash... Bunday misollarni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq, internet trafik uchun yiliga 500 ming sarflayotgan ota farzandiga 50 ming so'mga biror badiiy kitob sotib olib berdimi? Bugungi kunda kitoblarning hatto elektron variantlari ham mavjud. Internet foydalanuvchilarning necha foizi smartfonida biror bir elektron kitob saqlaydi?

Bugun shahardagi yoki olis tog'li hududdagi insonga ham tezkor internet kerak. Biroq, xorijiy ijtimoiy tarmoq yoki messenjyerlarni nomma-nom sanab bera oladigan o'sha odamlarning farzandlari ularga bilim olishga yordam beradigan ZiyoNet saytining borligi, bu saytda video, elektron darsliklar mavjudligi, u yerdan til o'rgatuvchi maxsus qo'llanmalarni yuklab olish mumkinligini bilmaydi.

Internetga mukkasidan ketgan odamning farzandiga internet berib qo'ying-chi, bu odam qanchalar dahshatga tushadi. Boisi - u internetning faqatgina zararli ekanini tan oladi, garchi o'zi shu olamga g'arq bo'lgan bo'lsa ham. Bu esa mamlakatdagi internet foydalanuvchilari soniga jiddiy zarar yetkazadi.

Smartfonida messenjyer titkilayotgan, megabaytlarni isrof qilib, yarim tungacha "yaqinlari" bilan hiringlashayotgan erkakning ayoliga osonmi? Internet tezligining ahamiyatini ana shu jabrdiydalardan so'rab ko'ring. Bugun ajrim talab qilayotgan er yoki xotinlarning internetdagi kichik xatosi butun boshli oilaning boshiga yetgan holatlarni ham ko'ryapmiz.  

Bugun otaning bolasiga, o'g'ilning ota-onasiga befarqligini, odamlarning maydalashib, jizzakilashib, sharm-hayosiz bo'lib borayotganini, hasad va ig'voning ko'payib borayotgani, odamlarning sovuqqon va qo'pol munosabatini internetga to'nkaydiganlar ham yo'q emas.

Internetda tezlik – kuchli qurol. Undan foydalanish uchun bunga tayyor turish kerak. Internet qanchalar tez bo'lmasin, hech bir kimsa o'z qadamidan oldinda bo'la olmaydi. Boisi - qadamning salmog'ini maqsad belgilaydi.

Xorijlik do'stlarim, o'qituvchilarim, tanishlarim orasida mobil aloqa tezligi bo'yicha jahon reytingida peshqadam turgan davlatlarda istiqomat qiladiganlari bor. Ko'p e`tibor beraman: ularning aksariyati kunning muayyan bir qismida internetda bo'lishadi. Shunda ham vaqtlarini maqsadli sarflashadi. Ular "internet-fuqaro"ga aylanib qolishdan o'zlarini tiyishadi.

Hamma narsa "smart" yoki aqlli bo'lib ketmoqda - "aqlli telefon", "aqlli uy", "aqlli shahar"... Biroq, bir haqiqatni unutmaslik kerak – ular o'zining salohiyatini oqlashi uchun ularning foydalanuvchisi ham yetarli darajada "smart" bo'lishi kerak. O'zbekistonda mobil gadjyetdan soniyasiga 9.11 Mbit hajmdagi ma`lumotni yuklab olish mumkin ekan.  

Mobil internet tezligi reytingida O'zbekistonning 106-o'rinda, simli internet reytingida 126-o'rinda turishi – fakt. Iqtisodiy erkinlik ko'rsatkichi bo'yicha esa O'zbekiston jahonda 148-o'rinda turadi. Matbuot erkinligi reytingida 169-o'rindamiz! Yana bir faktni unutmaslik kerak – BMT ma`lumotlariga ko'ra, aholi jon boshiga tushadigan yalpi ichki mahsulot ulushi bo'yicha O'zbekiston 137-o'rinda turadi. Bu ko'rsatkichning internet tezligi bo'yicha reytingdagi o'rnimiz bilan bog'liq yeri bor. Gap shundaki, internet undan barcha fuqarolar foydalanish imkoniga ega bo'lgan mamlakatlarda yashaydi va tezkor bo'ladi!

Men istiqomat qiladigan uyda 40 xonadon bor. Bu xonadonlarning faqat 4tasida simli internetdan foydalanishadi. Shu soha vakili bo'lganim uchun ular menga tez-tez murojaat qilib turishadi. Mobil internetdan esa bu uyda istiqomat qiluvchilarning 10 foizi foydalanadi. Vaholanki, ikki yirik internet provayderi bu yerga keng polosali optik aloqa liniyasini tortib kelgan. Har oyda reklama-qog'ozlarini tashlab ketishadi. Biroq simli internet abonentlari sonida o'sish yo'q. Buning omillari ko'p, asosiy omil – iqtisodiy daromad.

O'zbekistonda bugun 15 milliondan ziyod internet foydalanuvchisi, 21 milliondan ziyod mobil aloqa foydalanuvchisi bor. Bugun olis qishloqda ham internetdan foydalanishayotgani yangilik emas. Ularning talab va ehtiyojlarini qondirish uchun 18 mingga yaqin mobil aloqa baza stansiyalari o'rnatilgan va bularning soni oshib bormoqda.

Shunga qaramay, mobil aloqa operatori baza stansiya qurish uchun biror mahallaga kirib borsa, mahalliy aholining qarshiligiga duch kelmoqda. Nima emish, bu stansiyalar zararli, ular nur tarqatar emish. Vaholanki, inson salomatligi bo'yicha sayyoramizning 1-raqamli idorasi – Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti 2011 yilda radioto'lqinlarning zarari shu vaqtga qadar isbot qilinmagani to'g'risida rasman bayonot bergan.

Me`yorlarga ko'ra, bu baza stansiyalardan taraladigan to'lqin oqimining sig'imini har santimetr kvadratga 300 mikrovattgacha ko'tarish mumkin. Biroq O'zbekistonda bu ko'rsatkichni 2,5 mikrovattdan oshirish mumkin emas. Qo'shni mamlakatlarda bu – 10 mikrovatt, AQSh va Yevropada esa - 100, Isroilda - 400! Bu degani qo'shni mamlakatlardagi mobil operatorlar 10 ming odamga xizmat ko'rsatishi uchun 4 ta antenna o'rnatsa, O'zbekistondagi operatorlar 16 ta antenna o'rnatishlari kerak.

Shahar aholisi operatorlarga antenna o'rnatishga to'sqinlik qilsa, uzoq hududlardagi aholi oilaviy daromadidan internet uchun kerakli mablag'ni ajrata olmasa, aloqani rivojlantirish uchun sarflanayotgan davlat va investitsion mablag'lar qayerdan o'zini oqlaydi? Mana sizga texnologik paradoks!

Internet tezligi bo'yicha reyting e`lon qilingach, bu “xushxabarni” birinchilardan bo'lib, yaqindagina ish boshlagan “O'zbekiston 24” kanali berdi. Nazarimda, bu kanal maqsadi mavhum tashkilotlarning maqsadi qorong'u reytingini e`lon qilib emas, xalqimizni qiynayotgan boshqa muammolarni dadil ko'tarib chiqib, davlat rahbariyatining ishonchini oqlash bo'lsa, yaxshi bo'lar edi.  

Telekanallarning aksariyati shu vaqtga qadar internetning qanchalar xavfli hudud ekanini qayta va qayta gapirib, aholini virtual olamdan hayiqtirib qo'ydi. Yomonlash oson. Ayniqsa, internetdan foydalanib ko'rmagan jurnalistning qo'lidan boshqa ish kelmasa – achinarli!

Bugun O'zbekistonda internetni rivojlantirishga katta kuch va g'ayrat bilan kirishilgan. So'nggi yillarda internet sifatidagi o'zgarishlarni hech kim rad qila olmaydi va bu ishlar to'xtab qolgani yo'q. Faqat “kimlar” tomonidandir tuziladigan, aksariyat holda odamlarni o'z jamiyatiga nisbatan norozilik kayfiyatiga solishga intiladigan bunaqa reytinglar aloqachilarni bir oz ranjitadi. Bularga ishonib, tarmoqlarda bir-birimizga tosh otgandan ko'ra, ko'pchiligimiz avval o'zimizni tezkor internetga munosib foydalanuvchiga aylantirish choralarini ko'rishimiz kerak.    

Inson ongida har qanday tezlikni puchga chiqaradigan cheklov bor – bu anglash yoki idrok tezligi. Modomiki tafakkur harakatda boshqa tezliklardan ortda qolar ekan, bu jarayon halokatga mahkum.

Jurnalist Shuhrat Sattorov

Яндекс.Метрика