У нас есть только
оригинальные песни

“Ish” va'da qilgan odamfurushlar ozodlikdan mahrum etildi

calendar 09.05.2016
1229

Aslam jiyani Moskvada ishlayotgani, mo'maygina pul topayotgani haqida aytib, kimdir Rossiyaga bormoqchi bo'lsa yordam qilishini aytdi. Navro'zbek otasi bilan maslahatlashib, ishga borishga qaror qildi va hamqishlog'i Aslamning uyiga borib, Moskvaga ishga borishini, ammo puli yo'qligini aytdi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

Aslam Navro'zbekka xavotir olmasligini, u erda ishlaganidan so'ng pulni qaytarishi mumkinligini aytib, uning pasportini olib qo'yadi. 

Va'da qilganidek, Aslam bir necha kundan so'ng Navro'zbekka pasporti va chiptani olib keldi. Bu aslida jinoiy rejaning dastlabki bosqichi bo'lib,  Rossiyadagi Po'latning tog'asi Aslam va uning o'g'li Nasimlarning o'zaro kelishuvi edi. Ular ishlashga borish istagida bo'lgan fuqarolarga “oyiga 700-800 dollardan olasizlar, agar sharoitingiz bo'lmasa chiptalarni o'zimiz olib beramiz”, degan yolg'on va'dalar bilan ko'pchilikni to'pladi. 

Ular Navro'zbek va unga hamroh bo'lgan Jasur, Jumaniyoz, Odil, Olim, Sirojiddin va Ruslanlarga “Samarqand-Moskva” yo'nalishidagi samolyotga bilet olib, jo'nab ketishlariga yordam berdi. U erda ularni Po'latning ukasi kutib olib, o'sha kunning o'zidayoq qurilishga olib bordi. Pasportlarini esa “ro'yxatdan o'tkazaman”, degan yolg'on bilan olib qo'ydi. Ne-ne umidlar bilan kelgan yigitlarning og'ir damlari boshlandi. Po'lat “Qurilishni tezroq tugatish kerak”, deb hatto ularni dam olishiga ruxsat bermadi. Qurilish bo'layotgan binoni rossiyaliklar qo'riqlar, ishchilarning binodan tashqariga chiqishi, dam olishi mumkin emasdi. Telefon qilganda ham qo'riqchilar yonida turib, “hammasi yaxshi” deb aytishga majbur qilishardi. Bir yilga yaqin vaqt mobaynida yigitlar ana shunday sharoitda ishlashga majbur bo'lishdi. Po'lat esa pasportlarni “yo'qotib qo'ydim”, “ishni tugatsalaring oylik beraman”, degan yolg'on bahonalar bilan kunlarni o'tkazaverdi. 

Aldanganliklarini bilgan Navro'z o'sha erdagi O'zbekiston elchixonasiga borib, pasporti yo'qolganligini va uyiga qaytishga yordam berishlarini so'rab murojaat qildi. 
Shundan so'ng Vatanlariga qaytgan yigitlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishdi. Odamfurushlar birin –ketin qo'lga olindi. 

Sud hukmi bilan Po'lat Amriddinov 8 yil muddatga, Aslamqul Haydarov 5 yil-u 6 oy muddatga, Nasim Haydarov 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Яндекс.Метрика