O'zbekiston o'z kelajagiga engil-elpi qarab, xorijiy kreditlarga haddan oshiq berilib ketmadi va buning natijasida yirik miqdordagi qarzdorlikka botib qolmadi. Bu haqda O'zbekiston prezident Islom Karimov mamlakat mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan tadbir chog'idagi chiqishida aytib o'tdi.
"Hech kimga sir emas – biz yurtimizda o'zimizga xos, o'zimizga mos hayot qurishda shoshma-shosharlik, kaltabinlik holatlariga, pala-partish ishlarga aslo yo'l qo'ymadik. Boshqalarga o'xshab, marrani kim tezroq egallaydi, degan musobaqalarga qo'shilmadik, o'zgalardan nusxa olmadik, uzoqni ko'zlamaydigan "maslahatchi”lardan yiroq bo'ldik. Eng muhimi, o'z taqdirimizga, kelajagimizga engil-elpi qarab, taklif etilayotgan kreditlarga uchib, qarzga botganimiz yo'q”, - ta'kidladi u.
Bundan tashqari, O'zbekiston etakchisi mamlakatda islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini yana bir bora ta'kidlab o'tdi: "Bir so'z bilan aytganda, biz haqiqatan ham "Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan printsipga amal qilib, maqsadimizga erishish uchun bosqichma-bosqich, evolyutsion – tadrijiy taraqqiyot yo'lini mahkam ushladik”.