У нас есть только
оригинальные песни

Islom Karimov va Navoz Sharif O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi

calendar 18.11.2015
2422

Ko‘ksaroy qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi, deya xabar bermoqda O‘zA.

 

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Navoz Sharif shohsupaga ko‘tarildi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri faxriy qorovul safi oldidan o‘tdi.

Islom Karimov va Navoz Sharif uchrashuvida asosiy e’tibor mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga qaratildi.

Islom Karimov va Navoz Sharif o‘zaro hamkorlik rivojiga bevosita daxldor bo‘lgan Afg‘oniston masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Afg‘oniston muammosini faqat bir yo‘l – BMT shafeligida tinch siyosiy muzokaralar o‘tkazish va o‘zaro kurashayotgan tomonlarni murosaga keltirish orqaligina hal etish mumkinligi haqida yakdil fikr bildirildi. Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikka doir masalalar muhokama qilindi.

Muzokarada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik rivoji nafaqat mamlakatlar uzoq istiqbolli manfaatlariga xizmat qilishi, balki butun mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, kommunikatsiya va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ijobiy ta’sir etishini alohida ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida Islom Karimov va Navoz Sharif O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, o‘zaro savdo munosabatlarini rivojlantirish, soliq sohasida qo‘shimcha imtiyozlar yaratish, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga doir qator hujjatlar imzolandi.

Pokiston Islom Respublikasining Bosh vaziri Muhammad Navoz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

Яндекс.Метрика