У нас есть только
оригинальные песни

Ispaniya qiroli Kataloniyaning yangi parlamentiga murojaat qildi

calendar 25.12.2017
911

Ispaniya qiroli Felipe VI Rojdestvo bayrami munosabati bilan millatga murojaatida Kataloniyaning mustaqillikni qo'llab-quvvatlovchi partiyalar mutlaq ko'pchilikni tashkil qilgan yangi parlamenti turli siyosiy pozitsiyalarga hurmat bilan munosabatda bo'lishi va mas`uliyat bilan harakat qilishi kerak, deb aytdi.

“Bir necha kun avval Kataloniya aholisi parlamentga o'z vakillarini tanlash uchun ovoz berdi. Bu parlament turfa fikrlilikni hurmat qilib, barchaning manfaati uchun mas`uliyatli fikr yuritib, kataloniyaliklarga taalluqli muammolarni hal qilishi kerak bo'ladi. Ushbu yo'l yana to'qnashuvlarga olib kelmasligi lozim, chunki bular ziddiyat, ishonchsizlik, umidsizlik, butun jamiyatning ma`naviy, fuqaroviy va iqtisodiy qashshoqlashishini vujudga keltirishini hammamiz bilamiz”, deb aytgan qirol murojaatida.

U “g'oyalar oilalar va do'stlarni uzoqlashtirmasligi” uchun turfa ko'rinishdagi katalon jamiyatining birga yashashi, barqarorlik, o'zaro hurmatni tiklash yo'lida harakat qilishga chaqirdi. 

Qirol o'z murojaatida avgustda Kataloniyada yuz bergan fojialar – Barselona va Kambrilsdagi teraktlarni eslab o'tdi va “demokratik birdamlik, huquqiy davlat kuchi, xalqaro hamkorlik samaradorligigina” terrorchilikni mag'lub eta olishini aytdi.

Qirol o'z murojaatini an`anaviy tarzda kastil, bask, katalon va galisiy tillarida yakunladi.

21 dekabrda Kataloniyada muddatdan avval parlament saylovlari bo'lib o'tdi. Saylovda Ispaniya hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlovchi “Fuqarolar” partiyasi 1-o'rin egallaganiga qaramay, Kataloniya mustaqilligini qo'llab-quvvatlovchi uchta partiya 135 o'rinlik parlamentda mutlaq ko'pchilikni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi.   

Яндекс.Метрика