У нас есть только
оригинальные песни

Jahon iqtisodiyotiga tahdid - kuchli dollar!

calendar 03.12.2016
2270

O'ylab ko'rganmisiz, nima uchun Amerika valyutasi qadrining ortishi dunyoning barcha mamlakatlari uchun tahdid soladi?Kuzatib borayotgan bo'lsangiz, Donald Trampning prezidentlik saylovida g'alaba qozonganidan keyingi 3 hafta mobaynida Amerika milliy valyutasi katta sur`atda kuchayib bormoqda. Dollar rivojlangan mamlakatlar valyutalari savatchasiga nisbatan 2011 yilda qayd etgan eng quyi ko'rsatkichidan 40 foiz yuqoriga ko'tarilib oldi. U, shuningdek, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar pul birliklarini ham mag'lub etmoqda. Xususan, Xitoy yuani 2008 yildan buyongi eng kuchli qadrsizlanishga duch kelgan. Hindiston rupiysi ham valyuta islohoti sababli dollarga nisbatan keskin pasaymoqda. Osiyo boshqa valyutalarining dollarga nisbatan tutgan pozitsiyasi havas qiladigan darajada emas. Bunday jarayon 1997-98 yillardagi moliyaviy inqirozdan so'ng kuzatilmagan edi. Ta`kidlash joizki, dollar bir necha yildan beri asta-sekinlik bilan o'z qadrini mustahkamlab bormoqda. Biroq, oxirgi haftalarda vaziyatning keskin o'zgarishi Amerika iqtisodiy siyosatida jiddiy o'zgarishlar ro'y berishiga bo'lgan umidlar bilan bog'liq, deyish mumkin.Sarmoyadorlarning aksariyati Donald Tramp soliqlarni kamaytirishiga, infratuzilmalarga davlat xarajatlari ortishiga ishonmoqda. Buning natijasida, Federal zaxira tizimi inflyatsiyaning oldini olish maqsadida qayta moliyalash stavkasini oshirishga majbur bo'ladi. Amerikaning o'n yillik davlat obligatsiyalari daromadliligi saylovlar kuni 1,7 foizga o'sib, 2,3 foizni tashkil etdi. Yuqori foyda ko'rish ehtimoli, ma`lumki, har doim sarmoyani jalb etadi. Aslida, dunyoning eng yirik iqtisodiyotining o'nglanishi va tezlik bilan o'sishini faqat olqishlash kerakdek. Ammo, Ronald Reyganning birinchi prezidentlik davrida byudjyet tanqisligi hamda yuqori foiz stavkalariga qaramay dollar qimmatlashgani boshqa mamlakatlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqargani moliya tarixchilarining yodidan ko'tarilgani yo'q. Albatta, bugungi kun Amerika iqtisodiyoti, 35 yillar avvalgiga qaraganda jahon iqtisodiyotida kamroq ulushga ega. Biroq, jahon moliya va kredit bozorlaridagi pul miqdori ham shunga yarasha oshgan, bundan tashqari, AQSh dollari ko'proq ahamiyat kasb etmoqda. Ayni shu sabab, uning qimmatlashuvi Amerika uchun ham, dunyoning boshqa mamlakatlari uchun ham birdek tahlikalidir.

So'nggi 20 yilda AQSh o'z savdo (1994 yilda AQSh 44 davlatning asosiy savdo hamkori edi, hozirda bu raqam 32ta davlatni tashkil etadi) ta`sirini yo'qotib borayotgan bo'lsa-da, dollar hamon valyuta ayirboshlash va jamg'arishning eng yaxshi vositasi maqomini saqlab qolmoqda. 2014 yilda AQSh va dollar harakatiga bog'liq mamlakatlardan iborat dollar hududi dunyoning aholisi va YaIMning 60 foizini tashkil etgan edi. Dollarning ta`siri kuchli ekanini boshqa ko'rsatkichlardan ham bilsa bo'ladi. Masalan, oxirgi yillarda AQShdan tashqarida dollarli moliyalash hajmi ortgan. Rivojlanayotgan bozorlarning taraqqiy etishi barobarida ularning dollarga bo'lgan talabi ham kuchayib borayapti. Moliyaviy inqirozdan keyin, Qo'shma Shtatlardagi foiz stavkalari tushib ketdi, pensiya jamg'armalari esa daromad topish ilinjida boshqa davlatlar, jumladan Mozambik va Zambiya tomonidan chiqarilgan dollarli obligatsiyalar, rivojlanayotgan davlatlardagi yirik kompaniyalarga pul tika boshladi.Turli mamlakatlar Markaziy banklarini birlashtiruvchi Xalqaro hisob-kitoblar banki ma`lumotlariga ko'ra, o'tgan yili bu kabi dollarli qarzlar 10 trln dollarni tashkil etgan. Uning uchdan biri rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to'g'ri keladi. Endilikda, dollar qimmatlashganda, qarzga olingan dollarni to'lash ham o'z-o'zidan qimmatlashadi. Ammo, ko'ngilsizliklar birgina shu bilan yakunlansa edi!?

Gap shundaki, arzon xorijiy kreditlar imkoniyati mahalliy kredit bozorining o'sishiga olib keladi, sarmoya oqimining kuchayishi aktivlar qiymati o'sishiga, bu esa navbatdagi kreditlashga turtki beradi. Albatta, rivojlanayotgan mamlakatlardagi kompaniyalar tomonidan olingan dollarning barchasi sarmoyalarga sarf qilingan deyish noto'g'ri bo'lur edi. Pullarning bir qismi banklarda saqlanmoqda va kreditlash yoki boshqa kompaniyalarni moliyalashtirish uchun o'z vaqtini kutib turibdi. Dollar qimmatlashgani sayin, bu jarayon teskari aylana boshlaydi. Qarzdorlar naqd pullarini kredit to'lashga yo'naltirish maqsadida tejashga urinadi, kapital oqimi to'xtaydi, aktivlar arzonlashadi. Natijada, ko'pgina mamlakatlardagi kreditlash shartlari dollarga ko'proq bog'lanib qoladi. Oxirgi oylarda Turkiya lirasi, Braziliya reali va Chili pesosi bilan kuzatilayotgan jarayon tasodifan emas. Bu mamlakatlarda dollarli qarzlar hajmi juda kattadir. Ammo, lekin, biroq...Kuchli dollar AQShning o'ziga ham tahlikalidir: u eksportning pasayishi va importning o'sishiga olib keladi. Bu o'z navbatida tashqi savdo tanqisligini keltirib chiqaradi. Reygan davridagi tashqi savdo tanqisligi proteksionizm choralarini kuchaytirishga asos bo'lgan edi. Endilikda, AQSh kuchli dollar tomon shundog'am katta defitsit bilan kirib kelmoqda. Bekorga kuchli tadbirkor va milliarder bo'lgan Tramp o'z saylovoldi kampaniyasida xalqaro savdo qoidalarini boshqa mamlakatlarga adolatsiz ravishda katta ustunlik berayotganlikda ayblab, tanqid qilmagan edi.

Amerika tashqi savdo aylanmasida tanqislikning yanada o'sishi AQShning yangi prezidentiga o'zining saylovoldi va`dasini hayotga tatbiq etishi uchun yetarli asos bo'lib xizmat qilishi mumkin. Shu bilan u Xitoy va Meksika importiga yuqori bojxona to'lovlarini joriy qilishi ehtimol. Agar shunday bo'lsa, uning oqibatlari barcha tomon uchun falokatli bo'lishi aniq.Albatta, dollarni yaqin kelajakdagi holatiga ko'p narsa bog'liq. Aksariyat investorlar ijobiy fikrda. FZT ham rivojlanayotgan mamlakatlardagi vaziyatni hisobga olgan holda qayta moliyalash stavkasini ko'tarmasligi ham mumkin. Ammo, dollardan umuman voz kechish imkoniyati yaqin orada ko'zga tashlanmayapti. Uning o'rnini egallashi mumkin bo'lgan valyutalar, jumladan yevro va yuanning o'z muammolari yetarli. Shunga ko'ra, Amerika qayta moliyalash stavkasining ko'tarish istiqboli AQSh fond bozorlariga ijobiy kayfiyat ulashdi, ammo u naqadar uzoq cho'zilishi savol ostida qolmoqda. Jahon iqtisodiyoti ancha zaif, kuchli dollar esa, uning so'nggi imkoniyatlarini ham yakson qilishi mumkin.

Яндекс.Метрика