У нас есть только
оригинальные песни

Jamoat joylarida chekkanlik uchun jarima joriy etildi

calendar 30.12.2015
1352

O'zbekistonda ilk marotaba jamoat joylarida chekkanlik uchun jarima joriy etildi. 29 dekabr kuni Islom Karimov Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan o'zgartishlarga imzo chekdi. Yangi tartib «Narodnoe slovo» va «Xalq so'zi» gazetalarida e'lon qilingan kun — 30 dekabrdan kuchga kirdi.

Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 56-1 - moddasiga binoan, ish joylari, sog'liqni saqlash, ta'lim va sport muassasalari, yong'in xavfi mavjud joylar, jumladan, avtomobillarga yonilg'i quyish shoxobchalari va boshqa jamoat maskanlarida tamaki mahsulotlarini chekkanlik uchun eng kam oylik ish haqining uchdan bir qismi miqdoridagi jarima belgilanadi.

Bu kabi joylarda tamaki mahsulotlarini faqatgina mazkur binolardagi maxsus belgilangan hududlarda chekish mumkin.Shuningdek, joriy etilgan o'zgarishlarga muvofiq, transport vositalarida tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish uchun jarimalar ham qat'iylashtirildi.

O'zbekistonda jamoat joylarida tamaki mahsulotalarini iste'mol qilish 2012 yilning aprelida taqiqlangan edi. Biroq qonunchilikda shu vaqtga qadar mazkur taqiq ustidan nazorat belgilanmagan edi.

Jamot transportining barcha turlarida tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish uchun muqaddam eng kam oylik ish haqining yigirmadan bir qismi miqdorida jarima belgilangan bo'lsa, yangi tartibga ko'ra bu raqam uchdan bir qismga qadar oshirildi. Havo kemalarida tamaki, shu jumladan, nos chekkanlik uchun belgilangan jarima EKOIHning 2 barobari miqdorida qoldirildi.

Bundan tashqari, 30 dekabrdan jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste'mol qilganlik uchun belgilangan jarimalar miqdori ham oshirildi. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning yangilangan 187- moddasiga binoan ish joylari, ko'chalar, stadionlar, xiyobonlar, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish eng kam oylik ish haqining yarmi (1/2 qismi) miqdoridagi jarimaga sabab bo'ladi. Avvallari jarima miqdori EKOIHning 1/10 dan 1/3 qismigachani tashkil etgan.

Mazkur huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan so'ng bir yil ichida qayta amalga oshirilsa, EKOIHning 1/2 dan 2 qismigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy hibsga olish jazosi tayinlanadi.To'y, yubiley va boshqa marosimlar o'tkaziladigan joylar, shuningdek, alkogol mahsulotlarining chakana savdosini amalga oshirishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish ob'ektlaridagina alkogol mahsulotlarini iste'mol qilishga ijozat beriladi.

Konyak spirti yoki tozalangan etil spirtidan, vino materiallari va (yoki) tarkibida spirt bo'lgan oziq-ovqat mahsulotidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan, hajmidagi etil spirtining ulushi bir yarim foizdan ortiq bo'lgan oziq-ovqat mahsuloti alkogol mahsuloti deb hisoblanadi.

Яндекс.Метрика