Suriya va Iroq hududida faoliyat yuritayotgan turli radikal guruhlar, birinchi navbatda IShID saflariga "jinsiy jihod”ni amalga oshirish maqsadida qo'shilgan o'zbekistonlik ayollar aldanganlarini tushunib, o'z yurtlariga qaytmoqda. Bu haqda jurnalist Marhabo Normetova yozmoqda.
"Jinsiy jihod” tushunchasi ilk borasi 2013 yilda paydo bo'lgan edi: o'shanda saudiyalik diniy targ'ibotchi Muhammad al-Orifiy ayollarni Suriyaga yo'l olib, o'z tanalari bilan "jihodchi”larni qo'llab-quvvatlashga chaqirgan edi. Orifiy bunday ishni amalga oshirgan ayollar albatta jannatga tushajaklarini ta'kidladi. U hatto erli ayollarni ham terrorchilar bilan "qisqa aloqalar” qilishga da'vat etdi.
2014 yilda IShID rahbariyati AINA
axborot agentligi orqali maxsus fatvo matnini tarqatib, u orqali
musulmon ayollarni mana shunday "jihod”ga undadi. Bundan tashqari,
o'ziga qaram hududlarda ushbu guruh erkaklar zimmasiga harbiy majburiyat
yuklash barobarida, ayollarga nisbatan ham jinsiy majburiyat joriy
qildi. Fatvo matnida bu tushuncha "jihod al-nikoh” deb ataldi.
Darhaqiqat,
bunday targ'ibot ma'lum darajada o'z ta'siriga ega bo'ldiki, dunyoning
turli burchaklaridan ko'plab ayollar o'z ixtiyorlariga ko'ra Suriyaga
"jihod al-nikoh”ni ado etishga, ya'ni harbiy to'qnashuvlarda ishtirok
etayotgan jangarilarning jinsiy maylini qondirishga tashrif buyurmoqda.
Keyinchalik bu g'oyani boshqa, kichikroq guruhlar ham o'z
targ'ibotlariga bayroq qilib oldi.
Mana shunday yo'lga kirib qolgan
o'zbekistonlik ayollardan biri, qashqadaryolik Go'zal Boboeva uchinchi
nikohni radikal oqimlarga kirib qolgan Karimjon Abdullaev bilan qurdi.
Bundan tashqari, yangi erining tashviqoti ta'siriga tushib qolgan ayol
ilgarigi nikohidan bo'lgan 15 yoshli qizini Abdullaevning 25 yoshli
sherigiga turmushga uzatdi.
O'z navbatida, 2013 yilda Abdullaev Ufaga
ishlashga chiqib ketdi. U erda yangi tanishlar orttirib, maxsus guruh
tarkibida Suriyaga chiqib ketdi. Tez orada ushbu mamlakatga oilasini ham
chaqirib oldi.
2014 yil yanvarida "Abdulkarim” ismini olgan Karimjon Abdullaev jangda halok bo'ldi. IShIDchilar uning rafiqasi Go'zalga ma'lum muxlat berib, shu davr ichida o'ziga boshqa er tanlashini aytishdi. Boboeva bunga ko'nmagani bois uni va bolalarni ovqatsiz qoldira boshlashdi. Oxir-oqibat Go'zal Boboeva bo'ysunishga majbur bo'ldi. Endilikda, jurnalistning ta'kidlashicha, u har bir "eri”ning halokatidan so'ng yangi "er”ni tanlash majburiyati ostida qolib, "qo'lma-qo'l” bo'lib kelmoqda.