У нас есть только
оригинальные песни

Kalyandan foydalanish sog'liq uchun naqadar zararli?

calendar 02.11.2016
2475

O'zbekiston xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi jamoat joylarida kalyandan foydalanishni taqiqlash tashabbusi bilan chiqdi. 

Qo'mitaning iste`molchilar huquqlarini himoya qilish Boshqarmasining «Gazeta.uz» saytiga ma`lum qilishicha, garchi respublikada tamaki mahsulotlari iste`molini cheklovchi qonun talablari mavjud bo'lsa-da, kafe, bar, restoran va boshqa jamoat joylarda bunga rioya qilinmayapti. 

Ayniqsa, kalyan iste`molining yoshlar orasida keng tarqalib borayotgani Qo'mitaning jiddiy tashvishiga sabab bo'layapti. «Gazeta.uz» sayti suhbatlashgan tibbiyot muassasasi xodimlarining ta`kidlashlaricha, kalyandan foydalanuvchilar orasida maktab, litsey va kollej o'quvchilari ham ko'p uchraydi. Bunga, nazoratning kamligi barobarida, uning salomatlikka zarari haqida bilimning yo'qligi ham o'ziga xos omil bo'layapti.
 
Davlat raqobat qo'mitasiga ko'ra, tegishli vazirlik va davlat idoralari yoshlarni kalyan va boshqa turdagi tamaki mahsulotlarining zarari borasida ogohlantirish bo'yicha profilaktika va ta`lim ishlarini yo'lga qo'yishi kerak. 

Bundan tashqari, alkogolli va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste`molini cheklashga doir qonunlar ijrosini ta`minlash zarur. Shu bilan birga, kalyanni tayyorlashda qo'llaniladigan hid beruvchi, qo'shimcha va materiallarni mamlakatga olib kirish va sotishni tartibga solish taklif qilinmoqda. 

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko'ra, kalyan chekuvchilar katta miqdorda toksinlar va kanserogenlarni tortadi. Shu bilan birga, guruh bo'lib foydalanganda inson tupugi orqali turli kasalliklar yuqishi ehtimoli ham ko'payadi. 
Kalyan tutuni o'pka saratoni, yurak xastaliklari va boshqa kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Ma`lumotlarga ko'ra, kalyanning o'rtacha dozasidan keyin peshob tarkibidagi nikotin miqdori 73 marta, kotinin 4 martaga ortadi. O'pka va oshqozonosti bezining saratoniga sabab bo'luvchi tamaki nitrozaminlari hissasi 2 marta oshadi. Shu bilan birga, saraton va nafas olish kasalliklarini keltirib chiqaruvchi benzol va akrolein moddalari ko'payadi. 

Яндекс.Метрика