У нас есть только
оригинальные песни

Katta muvaffaqiyatlarga erishganlarning 10 ta ertalabki odati

calendar 03.01.2016
4456

Hayotida ko'p muvaffaqiyatga erishgan odamlarga xotirjam yashash, baxtliroq bo'lish va yanada unumli ishlashi uchun nima yordam beradi? Ular o'zlari haqida qayg'urishni biladilar. Bunday toifadagi odamlar uyg'onishi bilan ishlari haqida o'ylab ketmaydi. Kunning boshlanish paytini o'zlari uchun ajratadilar.

Xo'sh, ular tongda nimalar qiladi? Keling, shular bilan tanishib chiqamiz.

1. Juda erta uyg'onish

Albatta, vaqt nihoyatda qadrli ne'matdir. Buni tushungan muvaffaqiyat sohiblari sahargi 5:30, 4:30 va hatto 4:00 da turishga odatlanganlar. Ular nafaqat o'z vaqtlari ustidan hukmronlik o'rnatishga, balki haqiqatan muhim ishlarni ertaroq boshlashga shoshadilar. 

Har doim uyg'onadigan vaqtingizdan 15 daqiqa avvalroq uyg'onishga odatlaning. Uyg'onish vaqtingizni har kuni 15 daqiqa ortga surib, sekin-asta erta turishga o'rganing.

2. Mashq bilan shug'ullanish

Ertalabdan jismonan tetik bo'lish uchun biroz yoga va boshqa mashqlar bilan shug'ullaning. Mashg'ulotlar sizni faqat sog'lomroq qilibgina qolmay, irodangizni mustahkamlaydi va stresslarga kurashuvchanligingizni oshiradi. 

Mashq qilish uchun vaqt belgilab oling. Bir soatlik shug'ullanish sizni charchatib qo'yishi mumkin. Shuning uchun 10 daqiqagina yugurish, yurish va raqsga tushish mashqlari bilan shug'ullanishingiz ham mumkin.

3. "Quvvat uchun muddat" soati

Intilishingiz so'nmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Shuning uchun doim o'zingizni ilhomlantirib turishingiz zarur. Buni yaxshi bilgan muvaffaqiyatli insonlar o'zlaridagi g'ayratni oshirish uchun anchagina vaqtni bag'ishlaydilar. Axir, siz biror vazifani bajarishda davom etishingiz uchun ruhan tayyor bo'lishingiz muhim-ku!

Bir qancha vaqtni shijoatingizni oshirishga xizmat qiladigan hikoyalar va mashhur insonlarning gaplarini o'qishga yoki "xabardor.uz" saytidagi maqolalarni mutolaa qilishga ajrating.

4. Shukronalik kundaligiga qaydlar qilib olish

Taqdirning sizga atalgan tuhfalarining qadriga etishning o'zi bir baxt. Har kuni shukronalik qilish bilan muzaffar odamlar kelajakka ishonch va ilhomga erishadilar va o'zlarining dunyoqarashlarini yanada kengaytiradilar.

Kuniga hayotingizdan mamnun bo'lishingizga undaydigan bir omilni yozib boring. Kichik g'alabalarni sanab borishga odatlaning.

5. Muhim savolga javob izlash

“Agar bugun hayotingizdagi oxirgi kun bo'lganida ham, kechgacha qilishni mo'ljallayotgan ishlaringizni qilarmidingiz?”

Bu jarangdor va ma'noli savol siz uchun ayni muddao. Agar muzkur savolga hafta davomida bir necha bor “yo'q” deb javob berayotgan bo'lsangiz, demak nimanidir o'zgartirish darkor. Inson o'z vijdoniga qarshi bo'lmagan, o'ziga yoqadigan ish bilan shug'ullanayaptimi yoki yo'qmi? Buni u tongda hal qilib olishi kerak.

6. Qiyin ishni avval qilib olish

Tongda muvaffaqiyatli shaxslarning irodasi ayni uyg'oq pallada bo'lar ekan. Shunday foydalanib, ular o'zlari uchun eng murakkab hisoblangan vazifani bajarib olar ekanlar. Shu yo'l bilan ishni bitirish ancha oson va silliq kechadi. 

Har kun uchun eng qiyin bir vazifani tanlash va nonushtagacha uni bajarishni o'zingizning tonggi odatingizga aylantiring.

7. Turmush o'rtog'i bilan muloqot qilish

Ertalabki soatlardan birini turmush o'rtog'ingiz bilan aloqani tiklash yoki mustahkamlashga ajrating. U bilan rejalaringiz, moliyaviy ahvolingiz va hatto qiziqishlaringiz haqida suhbatlashing. Bu sizga ularning hayotida o'z o'rningizni saqlab qolishga yordam beradi. Ayni tongda fikrlar jamlangan bo'ladi. Shuning uchun er-xotin suhbatini an'anaga aylantirish juda muhim. Hatto haftada bir kunni “nonushta uchrashuvi” kuni qilib belgilash mumkin. Birga yaqinroqdagi biror kafega chiqing va ozgina toza havoda sayr qiling. Bu ikkovingizga ham har tomonlama foydalidir. 

8. Puxta rejani ishlab chiqish

Vaqtingizdan bir necha daqiqasini bugungi kuningiz yo'nalishini belgilab olish uchun bag'ishlamasangiz, qanday qilib kuningiz unumli bo'lishini kafolatlaysiz? O'zingizni hayotdagi maqsadlaringizni bir bor ko'z oldingizga keltirib, oldindagi kunning asosiy vazifalarini ko'rib chiqing. Bunga 10 daqiqa ajratishni odat qilsangiz, ishlaringiz tartibli bo'lishi va kuningiz tushkunliklarsiz o'tishini ta'minlagan bo'lasiz.

9. Miyani “tozalash” va mulohaza yuritish

Sukut saqlang va o'zingizni ichki sokinlik izmiga topshiring. Duo o'qing yoki miyangizni turli yomon fikrlarni chiqarib tashlash uchun meditatsiya qiling. Yodda saqlang, 90 foiz kasalliklar siqilish oqibatida yuzaga keladi. Shunday ekan, ko'nglingizni xira qiladigan narsalarni unuting, xovliqmang va o'zingiz bilan sukunatda biroz vaqt o'tkazing. 

10. Vaqtni bolalar bilan o'tkazish

Farzandi borlar uchun muhim maslahat. “Meni bolam bir pastda katta bo'lib qoldi-ya! U bilan ko'p vaqtimni ham birga o'tkazolmadim”, deb afsuslanadigan ota-onalardan biriga aylanib qolmang Erta tong — o'ylaringiz tarqoq bo'lmagan paytda qizalog'ingiz yoki o'g'lingizga kiyinishga yordam bering, o'zgacharoq nonushta tayyorlab bering. Ularning orzulari haqida suhbat quring. Axir, sizning qilayotgan barcha ishlaringiz oilangiz farovonligiga qaratilgan-ku. Ishingiz oilaviy hayotingizga xalaqit bermasin. 

Yuqorida berilgan 10 odat mashhur biznesmenlar, omadi chopgan mutaxassislar hayotiy tajribasidan olingan. Buni qarangki, ularga qarab yagona bir xulosa qilish mumkin: Hayotingizda ustuvorlik kasb etgan jihatlar uchun ertalablari vaqt ajratishni unutmang!

Яндекс.Метрика