У нас есть только
оригинальные песни

KETING SIZGA EHTIYOJIM YO'Q!!!

calendar 07.10.2012
1765

KETING SIZGA EHTIYOJIM YO'Q!!!

Keting,
Sizga ehtiyojim yo'q.
Sevib bo'ldim sizsiz o'limni.
Yana ming yil yashasangiz ham,
Tushunmaysiz mening ko'nglimni.
Kutmang,
Sizga bermayman ortiq,
Umrimning bir lahzasini ham,
Yuragimni yulib tashlayman,
Azoblarga topaman chidam!
Hechqisi yo'q,
Yashab ketaman!
Sizdan yorug’,sizdan balandroq,
Nasib ekan so'ngsiz o'limni
Tirik vujud bilan ko'tarmoq.
Qoldirmoqqa urinmang, illo,
Boqmang ilhaq, intiq, g’amangiz.
Menga behad yolg'on tuyular,
Ishqqa o’xshab ketgan ta’mangiz.
Nima qilay,
Shunday Ayolman,
Tabiatan va yoki dildan:
Sevsam juda qattiq sevaman,
Ruhim, jismim, hayotim bilan!
Nomingizga qo'shilib o'sdim,
Har kun,har tun mahrum va badar.
Men sizniki bo'lib yashadim,
Bilsangiz, to shu kunga qadar!
Ammo bildim.
Siz butkul boshqa!
Buloqdirsiz – sokin va beg’am.
Anglamaysiz, bir kuni aytmay,
Poyingizda suvsab o'lsam ham.
Yo'q, bu ishqni ko'tarolmaysiz,
Sizni ezar tahqir va ta’qiq.
Bu dunyoda eng go'zal sevgi,
Hamisha xor, mahkum, mustahiq!
Keting,
Sizga ehtiyojim yo'q!
Sevsam endi sevgum O'limni.
Yana ming yil yashasangiz ham
Tushunmaysiz, afsus,ko'nglimni… 
Яндекс.Метрика