У нас есть только
оригинальные песни

Kevin Sistromning yo‘li. Instagram asoschisi qanday qilib milliarderga aylandi?

calendar 21.08.2016
1239

Yaqinda Forbes nashri milliarderlar safi kengayganini ma’lum qildi. Bu Instagram ijtimoiy tarmog‘i asoschilaridan biri va bosh direktori Kevin Sistrom bo‘ldi. 32 yoshli tijoratchi 1,1 milliard dollar boylikka ega.

Shu munosabat bilan “RBK” uning yo‘lini yodga oldi.

Milliard sari yo‘l

Sistromning asosiy aktivi Facebook korporatsiyasidagi minoritar aksiyalar paketidir. Bir necha kun muqaddam Facebook kotirovkalari tarixiy maksimumga yetib, bitta qimmatbaho qog‘oz 127 dollarga baholana boshlagani bois Sistrom milliarderlar davrasiga qo‘shildi. Sistromning Facebook’dagi ulushi sir tutiladi, lekin, kompaniyaning bozor qiymatidan kelib chiqsa, bu ulush 0,3 foizga teng.

Biznesmen to‘rt yil muqaddam Instagram’ni Facebook’ka sotganida ushbu aksiyalarni olgan edi. O‘shanda — 2012-yil aprelida Mark Sukerbergning kompaniyasi Instagram’ni barcha xodimlari bilan birga pul va qimmatbaho qog‘ozlar evaziga sotib olayotganini ma’lum qilgan edi. Shartnoma qiymati 1 milliard dollarga baholangandi, Sistromning ulushi esa uning 40 foizini tashkil qilardi.

Bir oydan so‘ng Facebook NASDAQ birjasiga chiqdi, lekin 2012-yil yozida kompaniya kotirovkalari tushib ketdi. Natijada kuzga kelib yopilgan Instagram shartnomasi 715 millon dollarga, Sistromning ulushi esa 280 million dollarga baholandi. Ammo keyingi yillarda Facebook’ning narxi bir necha barobarga o‘sdi, bu esa Instagram bosh direktorining mol-mulkiga ta’sir o‘tkazmay qo‘ymadi.

Internet davri farzandi

Kevin Sistrom 1983-yilda AQShning Massachusets shtatidagi Xolliston shahrida dunyoga keldi. Uning ajdodlari AQSh shimoli-sharqida uzoq yillar yashab, yirik korporatsiyalarda mehnat qilgan.

Bo‘lajak milliarderning otasi Duglas Sistrom farzandi dunyoga kelgan chog‘da Yangi Angliya bankida HR mutaxassisi bo‘lib ishlar edi. U yaqin-yaqingacha TJX riteylerlik tarmog‘ida prezident o‘rinbosari sifati ishlab kelgan edi. Kevinning onasi Diana oxirgi 30 yil davomida marketing bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Yirik korxonalar ishchilari oilasida tug‘ilgan Kevin bolaligidan ishbilarmonlik dunyosiga katta qiziqish bilan qarar edi. Onasining marketing kampaniyalarida uning yonida bo‘lardi. Sistromlar oilasi o‘ziga to‘q bo‘lgani bois ular Kevinni Midlseksdagi nufuzli xususiy maktabga o‘qishga joylashtirdi.

Yosh Kevin chuqur o‘rganish uchun kompyuter ta’limini tanladi. Bunda uning dasturiy ta’minot yaratish sohasida ishlovchi amakisi katta ta’sir o‘tkazgani aytiladi. U 1995-yilda Kevinga o‘z noutbukini sovg‘a qilgan edi.

Bir necha yildan so‘ng AQShda internet sohasi shiddat bilan yuksala boshladi, ekspertlar internet davri boshlanganini e’tirof etdi. Ko‘plab onlayn-servislar paydo bo‘la boshladi, eski korporatsiyalar shoshilinch ravishda veb-saytlarini ishga tushira boshladi. 1999-yilda Kevinning onasi ryukzak va jomadonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Eastpak kompaniyasiga sayt ochishga yordam berdi. Bu paytda kelib maktabning yuqori sinflarida o‘qiyotgan Kevin Sistrom internet va kompyuterizatsiya bilan shug‘ullanishni xohlashini tushundi.

Stenford maktabi

2002-yilda Kevin Massachusetsdagi nufuzli maktabni tamomlab, allaqachon havaskor dasturlash tajribasiga ega bo‘lib ulgurgan edi. Bundan tashqari, u Boston markazidagi musiqiy do‘konda ishlab, mehnat stajiga ham ega bo‘ldi.

Stenford universitetining Kremniy vodiysi kompaniyalari bilan yaqindan hamkorlik qilishini ko‘rgan Sistrom Kaliforniyaga ko‘chib o‘tib, tilga olingan universitet talabasiga aylandi. Dastavval kompyuter fanidan boshlagan Kevinga universitet mashg‘ulotlari juda zerikarli va nazariy tuyula boshlagani bois u ixtisosligini boshqaruv va loyihalashtirishga o‘zgartirdi. To‘rt yillik ta’limdan so‘ng Sistrom boshqaruv va injiniring yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr diplomiga ega bo‘ldi.

Oxirgi kurs oldidan Kevin Mayfield Fellows dasturiga hujjat topshirdi. Har yili Kaliforniyaning bir qancha universiteti ushbu dastur asosida 12 nafar iste’dodli talabani tanlab olib, bir akademik yil mobaynida ularni yirik texnologik kompaniyalar yaratish nazariyasi va amaliyotiga o‘rgatadi.

Sistrom munosib nomzod deb topilib, yaqinda paydo bo‘lgan Odeo kompaniyasiga stajirovkaga yo‘llandi. Ushbu podkastlar yaratish va qidirish servisi negizida bir-ikki yildan so‘ng Twitter mikrobloging xizmati ochildi.

To‘rt oylik stajirovkadan so‘ng Sistrom interfeys unsurlarini yaratish ishida katta mahorat qozondi, shundan so‘ng Stenfordga qaytib, ta’limini tamomladi. Unga bir necha ish taklifi kelib tushdi (shu jumladan, Mark Sukerbergdan ham), lekin yosh mutaxassis diplom olguniga qadar ishlamaslikka qaror qildi.

2006-yilda Stenfordni bitirgan Sistrom Google kompaniyasining taklifini qabul qildi. U paytga kelib Kremniy vodiysining yangi startaplari orasida eng omadlisi bo‘lgan Google birjaga chiqib va S&P 500 indeksiga kirib ulgurgan edi. Dastlabki ikki yillik faoliyatini Sistrom Google loyihalarini (pochta, taqvim, jadvallar, hujjatlar) ommalashtirishga bag‘ishladi.

Shundan so‘ng Sistrom Google’dan ketdi — uning fikricha, korporativ muhit insonlarning individual intilishlarini so‘ndiradi.

“Men har doim shunga intilar edim, shu bois o‘zimga ijtimoiy maydonni qaytarishga qaror qildim”, — esga oladi Sistrom.

Bir muddat u Nextstop kompaniyasida mahsulotlar bo‘yicha menejer bo‘lib ishladi.

Mustaqil ish sari yo‘l

2012-yilda Forbes’ga bergan intervyusida biznesmen Nextstop’da ishlagan davrida o‘z dasturini yaratish ustida o‘ylay boshlaganini tan oldi. Google’da u dasturlash bilan shug‘ullangan bo‘lsa, endilikda bo‘sh vaqtida o‘z startapi ustida ish olib bordi.

2009-yil bahorida foydalanuvchi qayerda turganini ko‘rsatuvchi Foursquare dasturi ishga tushirildi. Sistrom shu dasturning kengaytirilgan muqobilini yaratishga qaror qildi, asosiy urg‘uni esa foydalanuvchi joylashgan o‘ringa emas, xabarlashish va fotosurat almashishga berishni rejalashtirdi.

2010-yil yanvarida kechalardan birida Sistrom venchur investori Stiv Andersonga Burbn nomli o‘z dasturining prototipini namoyish etdi. Anderson yosh biznesmenning g‘oyasiga qiziqish bildirdi va unga 250 ming dollar kiritishga va’da berdi, ammo buning uchun Sistrom o‘ziga biznes sherik topishi talab etilardi.

Andersondan pul olgan Sistrom darhol Nextstop’dan bo‘shab, sherik qidira boshladi. Axiyri Stenfordda undan ikki kurs past o‘qigan Mayk Kriger nomzodida to‘xtadi.

Loyiha ustida hamkorlikda ishlash haqida kelishib olgan Kriger va Sistrom Foursquare ortiq darajada shuhratga erishganini va unga yetib olish qiyin bo‘lishini tushundi. Shu bois dastur konsepsiyasini teskari aylantirib, asosiy urg‘uni fotosuratlarga qaratishga kelishildi. Loyiha Instagram nomini oldi.

Facebook bilan birga

2010-yil oktabrida sinov tartibida bir necha oy ishlagan Instagram ochiq rejimda ishlay boshladi. Bir oy ichida bepul dasturni 1 million kishi ko‘chirib oldi, shu bois dastlabki oylarda Sistrom va Krigerning asosiy vazifasi serverlarning qulamasligini ta’minlab turish bo‘ldi. Quvvatlar Amazon serverlariga ko‘chirilgach, muammo hal bo‘ldi. Shu muammo tufayli Instagram asoschilari Facebook bilan kelishuvga rozi bo‘ldi — bunday yirik kompaniyaga qo‘shilish uning rivojlangan infrastrukturasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish demakdir.

Facebook bilan shartnoma yopilgach, Instagram uning qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘ldi va dasturni rivojlantirishga asosiy e’tiborni qaratdi. Jumladan, ko‘plab funksiyalar qo‘shildi. Bosh direktor bo‘lib qolgan Sistrom boshqa faoliyati uchun vaqt ajrata oldi. 2014-yilda u AQShdagi eng yirik Walmart supermarketlari tarmog‘i direktorlar kengashiga qo‘shildi.

2015-yil o‘rtasida Facebook aksiyadorlari korporatsiya xarid qilgan ko‘plab loyihalaridan tegishlicha moliyaviy samara ko‘rmayotganidan norozilik bildirdi. Shu tufayli sentabrda Instagram foydalanuvchilar xronikasida paydo bo‘ladigan 30 sekundli reklama roliklari loyihasini taqdim etdi.

Credit Suisse banki hisob-kitoblariga qaraganda, 2016-yil birinchi choragida Instagram reklama tushumining Facebook tushumidagi ulushi 10 foizni yoki 573 million dollarni tashkil etdi. Bank tahlilchilarining prognozlariga qaraganda, vaqt o‘tishi bilan fotoservis tushumi o‘sib boradi va 2016-yil uchun 3,2 milliard dollarni tashkil etadi.

Iyunda Instagram auditoriyasi 500 million kishidan oshdi. Hozir servis Xitoy va Hindiston bozoriga faol kirib bormoqda. Sistrom servisni yanada rivojlantirish ustida o‘ylamoqda.

“Hozir bor narsa sizni voqea joyiga ko‘chirib o‘tkazmaydi. Dunyoni o‘zgartirishga bir necha filtr kamlik qiladi”, — dedi u The Wall Street Journal’ga bergan intervyusida.

Яндекс.Метрика