У нас есть только
оригинальные песни

Kiberfutbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy va Birinchi ligasi tashkil etiladi

calendar 28.08.2016
1472

O‘zbekistonda Playstation 4 FIFA16 videoo‘yini bo‘yicha UCG-FIFA Cup respublika ochiq turniri o‘tkaziladi. Musobaqa tashkilotchisi — Virtual Football kompaniyasining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, turnir O‘zbekiston futbol federatsiyasi va O‘zbekiston Professional futbol ligasi ko‘magida o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda kiberfutbolni rivojlantirish va yosh futbol muxlislarining bo‘sh vaqtini mazmunli va maroqli o‘tkazish, kiberfutbol bo‘yicha xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘ini yanada yuqori ko‘tarish maqsadida tashkil etilayotgan mazkur musobaqada mamlakatning barcha hududlarida istiqomat qilayotgan 18 yoshdan katta kibero‘yinchilar ishtirok etishi mumkin.

Reja bo‘yicha, hududiy saralash musobaqalarida g‘olib chiqqan ishtirokchilar respublika Grand-finaliga yo‘l oladi. Grand finalda kuchli 16 talikka kirgan ishtirokchilar avtomatik tarzda kiberfutbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasi ishtirokchisiga, qolgan 16 ishtirokchi esa Birinchi Liga vakillariga aylanadi. Har ikkala liga bahslari 7—8 oy davom etishi kutilmoqda.

Virtual Football kompaniyasining ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasi hisoblangan klublar bilan shartnoma imzolash ishlari olib borilmoqda. Rejaga muvofiq, futbol bo‘yicha Oliy Liga klubi bilan shartnoma imzolagan kiberfutbolchi UCG-FIFA Cup musobaqalarida aynan shu klub sha’nini himoya qiladi.

Toshkent viloyatidagi ishtirokchilari uchun saralash bahslari 4-sentabr kuni Toshkent shahrida, Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun 10-sentabr kuni Farg‘ona shahrida, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun 14-sentabr kuni Qarshi shahrida, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari uchun 18-sentabr kuni Samarqand shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati uchun 21-sentabr kuni Urganch shahrida, Navoiy va Buxoro viloyatlari uchun 25-sentabr kuni Buxoro shahrida, Toshkent shahri uchun 1-oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.

Musobaqada ishtirok etish niyatida bo‘lgan xohlovchilar www.ucff.uz sayti yoki (+998-71) 245-52-92, (+998-94) 606-73-33 telefon raqamlari orqali batafsil axborot olishi mumkin.

Яндекс.Метрика