У нас есть только
оригинальные песни

Kichik sirlar: siyohdan iz ham qolmaydi

calendar 08.07.2018
1403

Sharikli ruchka siyohi kiyimga to‘kilsa uncha-munchaga ketmaydi, hatto ba’zilar achchig‘idan «rangli liboslari»ni tashlab ham yuborishadi. Ammo siz bunday qilishga shoshilmang: siyoh dog‘idan qutulish qiyinmas. Qanday qilib? Buni «Merkur.de» sayti taklif etgan usullar bilan tanishgandan so‘ng bilib olasiz.

Lokni erituvchi suyuqlik

Siyohlar qatron (smola), bo‘yovchi moddalar va erituvchilardan tashkil topadi. Erituvchilar siyohning qurib qolmasligi uchun kerak: qog‘oz yoki boshqa narsalarga yozganimizda erituvchilar bug‘lanib ketadi va siyoh quriydi. Siyohlar qoldirgan dog‘larni ketkazish uchun avvaliga lokni erituvchi suyuqlik surtish kerak, keyin o‘sha joyni yuvib tashlanadi yoki nam latta bilan artib tozalanadi.

Skotch yoki izolenta

Tabiiy va sun’iy charm yuzasidagi siyoh dog‘larini oddiy skotch yoki izolenta yordamida yo‘qotsa bo‘ladi. Buning siyohli yuzaga skotch yoki izolentani mahkam bosib turing va uzib oling. Ikki-uch urinishda siyohdan iz ham qolmasligi mumkin. Qo‘shimcha ravishda limon suvini ham ishlatsa bo‘ladi: mikrofibraga limon suvini shimdiring va dog‘ yo‘qolguniga qadar dog‘li joyni ishqalang. Limon suvini dog‘li joyda bir qancha vaqt qoldirish ham yaxshi samara beradi.

Tish pastasi

Siyoh dog‘i ustiga tish pastasini suring, quriganidan so‘ng kiyimni kir yuvish mashinasida yuving.

Sut

Siyohli yuzaga sutni surib bir kechaga qoldiring, keying yuvib tashlang.

Soch loki

Paxtali matolardagi siyoh izlariga qarshi kurashishda soch loki qo‘l kelishi mumkin: buning uchun siyoh dog‘i ustiga lokni seping va 15 daqiqa qoldiring, keyin cho‘tkada tozalab tashlang. Agar bu usul ish bermasa tish pastasi va sirka aralashmasini qo‘llang.

«Devorga chizish mumkin emas deb kim aytdi?» Bir paytlar televizorlarda rosa aylangan reklama roligidagi bu shior juda ko‘p bolakaylarda «musavvirlik»ka rag‘bat uyg‘otganini ota-onalar hali ham eslashsa kerak. Albatta, bu hazil. Ammo qo‘liga ruchka tushgan bolakay borki, nimagadir yozib-chizishga urinishi rost. Sal ko‘zdan qochirsangiz bas, devordagi gulqog‘ozda yangi ijod namunalariga guvoh bo‘laverasiz. Gulqog‘ozlardagi ruchkada chizilgan joylar ustiga soch lokini seping, picha turib o‘sha joyni latta bilan tozalab tashlang.

Spirt

Ipak matolardagi siyoh izlarini yo‘qotishda spirt qo‘l kelishi mumkin: uni matoni yuvishdan besh daqiqa oldin dog‘ ustiga seping.

Yog‘och buyumlar

Yog‘ochdan yasalgan buyumlardagi siyohni o‘chirishda ham skotch va izolenta qo‘l keladi. Shuningdek, tish pastasi va sirka aralashmasini yog‘och yuzasiga surib lattada tozalab tashlash mumkin.

Яндекс.Метрика