У нас есть только
оригинальные песни

“Layk” bosish mas`uliyati yoki sizni boshqarishlariga yo'l qo'ymang

calendar 18.03.2018
951

“Ivan Vasilevich o'z kasbini o'zgartiradi” filmidagi epizoddan lavha: shoh zobitlari saroy tomida “iblislar”ni ikki tomondan qurshab oladi. Shunda knyaz Miloslavskiy zo'r xiyla o'ylab topadi. Shartta cho'qinadi-yu, “joyim jannatda bo'lsin”, deya o'zini go'yo yuqoridan pastga tashlaydigandek ko'rsatadi. Keyin nima bo'lganini yaxshi eslasangiz kerak.

Bu — bir film. Ammo hayotda ham, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar tobora ommalashayotgan hozirgi jamiyatda, bunday holatlar ham uchrab turibdi. Sizningcha, qaysidir “iblis”ning internetdagi qutqusidan ta`sirlanib, musulmonlarni “ozod etish” uchun qirg'inbarotga ketayotgan g'o'r-sho'r yoshlarning o'sha filmdagi bir to'da axmoq zobitdan qanday farqi bor? Men sezmayapman. Biri hazil, boshqasi esa — fojia ekanini aytmasa...

Ijtimoiy tarmoqda faolmisiz? Demak, navbatdagi o'lja — siz!

Ijtimoiy tarmoq degani haqiqiy topilma chiqdi-da! Xohlagan odaming bilan gaplashasan, istagancha fikr qoldirasan, “layk” bosasan, suratlar bilan o'zingni ko'z-ko'z qilasan, gazetalarda yozilmaydigan xabarlarni o'qiysan, televizorda namoyish etilmaydigan lavhalarni ko'rasan, kerak bo'lsa o'zing joylashtirasan... Xullas, axborot ummonida baliqdek yayraysan. Bir erkinlik bo'lsa, shuncha bo'lar-da!

Kechirasiz-u, agar shunday o'ylasangiz — bekorlarning beshtasini aytibsiz. Tarmoqda sahifangiz bormi, tamom, sizning bu “erkinligingiz” allaqachon o'rganib bo'lingan. Bugungi zamonaviy texnologiyalar teringizni rangidan tortib, ruhiyatingiz, dunyoqarashingiz, moddiy-ma`naviy ahvolingiz, hissiyotingizgacha o'rganish imkonini beradi. Qanday qilib deysizmi? Oddiy, siz bosayotgan “klass” yoki “layk” tugmalari orqali!

Masalan, 2008 yilda Kembrij psixometriya markazi ilmiy xodimlari Mixail Kosinskiy hamda Devid Stilluel tomonidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining psixologik portretini aniqlash maqsadida maxsus algoritm ishlab chiqilgan. Unga ko'ra 10 ta “layk” yordamida foydalanuvchi haqida uning kasbdoshlari, 70 ta — do'stlari, 150 ta — ota-onasi, 300 ta — turmush o'rtog'iga nisbatan ko'proq ma`lumot olishingiz mumkin. Singapur milliy universiteti olimlari yaratgan algoritm bilan foydalanuvchining oilaviy sharoitini 86 foiz aniqlik bilan ayta olasiz.

Nima, dunyodagi nufuzli ilmiy muassasalar boshqa ishi yo'qligidan “layk” sanab o'tiribdimi? Aslo, buning ortida katta siyosiy maqsadlar, milliard-milliard sarmoya hamda Siz bilan Meni o'sha arzimas belgiga murojaat qilishimizdan manfaatdor kuchlar yotibdi.

“Kim ko'p maosh olishni xohlasa, klass bossin

Aminmanki, agar “Odnoklassniki” saytida sahifangiz bo'lsa, bir qop pul surati bilan joylangan shunga o'xshash postlarga ko'zingiz tushgan. Odatda foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqda biror fikr, surat yoki boshqa materiallar ulashganda, bu ishi uchun do'stlaridan rag'bat eshitishni, “virtual avtoriteti”ni oshirishni, ko'proq “klass”ga ega bo'lishni istaydi.

Biroq e`tibor bersangiz, mana shu ruhdagi, ya`ni nimagadir “klass” bosishga undovchi aksariyat postlar ko'pincha shaxsi noma`lum “foydalanuvchilar” yoki qaysidir virtual guruh ma`muri tomonidan joylashtiriladi.

Xo'sh, ularning maqsadi nima? Tabiiyki, o'ziga to'q va aqli butun odam bunaqa “bekorchi” narsalarga ahamiyat bermaydi. Ammo moliyaviy tomondan qiynalib yurgan yoki boshi bo'ynidan o'sib chiqqanlar qancha? Jilla qursa bir marta, mayli virtual bo'lsa ham, “bir arava ko'kat”ga hirs bilan qaraydi, shu quling aylansin uchun bitta “klass”ni ayamaydi. Qarabsizki, o'sha noma`lum “iblislar” uchun pulga muhtoj, buning ustiga fikrsiz ikki-uch ming avom — “o'lja” tayyor. Istagan yo'rig'iga o'ynatishi mumkin!

“Kimning bayrog'i chiroyliroq: O'zbekiston, Qirg'iziston yoki Tojikiston?”

Ijtimoiy tarmoqlarda ko'p uchraydigan so'rovnoma usulidagi yana bir post. Aniqki, har uchala davlat bayrog'ining surati ham ilova qilingan bo'ladi. Sizdan nima ketdi, o'z vataningiz ramzi uchun ovoz berasiz, “klass” bosasiz. Biroq, bilmaysizki, siz bu xatti-harakatingiz bilan aslida fitna tarqatayapsiz, “shayton”ning nog'orasiga o'ynayapsiz. Ishonmaysizmi? Unda shu kabi postlarning “izohlar” qismini o'qib ko'ring, har ikkita “komment”dan bittasi o'zaro tortishuvlar, qaysidir millat sha`niga otilgan mag'zava, haqorat va tahdiddan iborat.

Qizig'i shuki, “iblislar” Qirg'iziston bayrog'ini, masalan, Madagaskar yoki Venesuela emas, balki aynan O'zbekiston, Tojikiston yoxud boshqa qo'shni davlatlarniki bilan taqqoslaydi. To'g'rida, dunyoning narigi chekkasidagi, deylik malay xalqi bilan o'zbeklar o'rtasida milliy nizo chiqarish mumkinmi?

— Biz raqamli texnologiyalar erasiga qadam qo'yayapmiz va afsuski, bu jarayon silliq kechmayapti, - deydi mediakommunikatsiya sohasi eksperti Sergey Morugin. — Ya`ni, ijtimoiy ongni manipulyatsiya qilish yoki boshqarishning yangi-yangi texnologiyalari paydo bo'layapti. Ayni paytda mustaqil tafakkurga ta`sir o'tkazib, odamlar diqqatini chalg'itish, ular ongiga muayyan fikrni singdirish uchun kecha-yu kunduz harakat qilayotgan tuzilmalar, strukturalar vujudga keldi.

Bir qarashda arzimasdek ko'rinadigan yuqoridagi postlar — aslida kimlarningdir puxta o'ylangan rejasi asosida ishlab chiqilgan manipulyatsion yurish emas, deb kim kafolat beradi?

O'z hissiyotingizga o'zingiz egalik qiling!

Mutaxassislarning fikricha, odamlardagi muayyan hislarni qo'zg'atish va shu orqali ular ongini boshqarishga qaratilgan g'arazli manipulyatsion texnologiyalar talaygina. Aybdorlik tuyg'usini singdirish bu boradagi eng samarali usullardan biri hisoblanadi.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarga in qurib olgan ekstremistlar, soxta “shayx”lar bu usuldan juda keng foydalanayapti. Ular tomonidan joylashtirilayotgan suratlar, videolar, xitoblarning aksariyatida — “Hoy, go'rso'xta! Dindoshingni bo'g'izlab ketishayapti, singillaringni zo'rlashayapti. Sen nega qarab o'tiribsan, kelib kofirning kallasini sapchaday uzmaysanmi?”, degan buzg'unchi ma`no yashirin.

O'z fikriga, diniy va dunyoviy bilimlarga ega bo'lmagan kishilar, ayniqsa o'smir-yoshlar odatda bunday axborotlarni “filtrlab” o'tirmaydi, ya`ni bu xabar qanchalik haqiqatga yaqin, rasmiy manbasi bormi, musulmonlar uchun “jon kuydirayotgan” cho'qqisoqol o'zi kim, qanday “karomatlar” ko'rsatgan, nega endi inson huquqlarini himoya qiluvchi yuzlab xalqaro tashkilotlar qolib, meni sahifamda “dod-voy” solayapti va hokazo savollarga javob izlamaydi. Irodasi zaifroq bo'lsa (xudo asrasin), “aybini” yuvishga kirishadi.

Psixologiya fanlari doktori, Ukrainadagi Ijtimoiy va siyosiy psixologiya instituti katta ilmiy xodimi Vadim Vasyutinskiy shunday yozadi: “Hech qachon birinchi taassurot ta`siriga tushib qolmang. Ijtimoiy tarmoqda qandaydir xabar, hodisa yoki muayyan harakatga chorlovchi xitoblarga ko'zingiz tushsa, eng avvalo axborotni “xazm qilish” uchun o'zingizga vaqt bering. Biroz “sovigach”, yana bir bor, qayta o'qib chiqing. Muhimi axborotning manbasi, muallifi, tayyorlovchisiga e`tibor qiling va o'zingizga shunday savol bering: “Bu ig'vo emasmi?”. Bir so'z bilan aytganda, o'z hissiyotingizga o'zingiz egalik qiling. Shundagina sizga tiqishtirilayotgan soxta “oh-vohlar” ortidan ergashib ketmaysiz”.

Dilshod Nurulloh

Яндекс.Метрика