У нас есть только
оригинальные песни

“Laylatul qadr” kechasi: ming oylik savobga ega bo'lish uchun uni qanday o'tkazish kerak?

calendar 10.06.2018
3082

Ramazon oyining muqaddas ekanligi barchaga ayon. Ana shu muqaddas oyda muqaddas kun borki, uni Qadr kechasi deb atashadi. “Islom nuri” dasturining bugungi sonida bu kechaning fazilati haqida so'z boradi. Suhbatdoshimiz Toshkent viloyati bosh imom xatibi Xayrulla Turmatov.

Oylarning ichida faqat Ramazonning nomi Qur`onda kelgan. Biz bu oyni bayram sifatida o'tkazishimizga sabab unda Qur`oni karimning nozil qilinishidir. Bundan tashqari, bu oyda ro'za tutiladi, zakot va turli xil ehsonlar beriladi. Ramazon uch dahadan iborat: birinchi o'n kunlik rahmat dahasi, ikkinchi o'n kunlik mag'firat dahasi, uchinchi o'n kunlik esa jahannamdan xalos bo'lish dahasidir. Biz so'nggi o'n kunlikda turibmiz, bu kunlarda nimalarga e`tibor qaratish lozim?

Hadislarda keladi: Alloh ba`zi narsalarni ba`zi narsalarda yashirgan. Masalan, o'zining ismi A`zamini Qur`oni karimda, qadrli kecha bor, uni Ramazonning oxirgi o'n kunligida berkitgan. Ramazonning oxirgi o'n kunligining eng ahamiyatli joyi, bu o'n kunlikning zikri Qur`onda kelgan. Chunki unda qadrli bir kechaning borligi uni shu qadar ulug'lagan.

Alloh taolo Qadr kechasi haqida Qur`onda aytadiki: “Bu bir Qadrli kecha, ming oydan yaxshiroqdir”. Alloh taolo bir kecha bedorlikka ming oylikdan ziyod ibodatning savobini va`da qilyapti. Bu kechaning tongida Jabroil alayhissalom boshliq barcha farishtalarning yer yuziga tushishi, mo'minlarga yaxshi tilaklar, duolar, istig'forlar, salom-salovatlar aytishi – bularning barchasi Allohning ulkan marhamati. 

Ramazonning so'nggi o'n kunligini qanday o'tkazish namunasini qayerdan olamiz? Albatta, Payg'ambarimiz (s.a.v) hayotlaridan. Oysha (r.a) aytadilarki: “Ramazonning oxirgi o'n kunligida Payg'ambarimiz (s.a.v) ibodatga juda qattiq kirishar edilar. Ya`ni, oxirgi o'n kunlikda aksar bedor bo'lardilar va barcha oila a`zolarini bedor bo'lishga targ'ib etar edilar”.

Nafl namoz, istig'for, zikr, salovot aytish bilan oxirgi o'n kunlikka bezak berish bo'lsa, saxovat eshiklarini ochish bilan qanchadan qancha o'ksik qalblarga xursandchilik va shodlik ulashish mumkin. Bundan tashqari, so'nggi o'n kunlikda Payg'ambarimiz (s.a.v) Qur`oni karimni ko'p o'qir edilar. Bu sunnatdan ilhomlangan ulamoi fozillar barcha ilmiy kitoblarni bir chetga qo'yib, faqat Qur`on tilovati bilan band bo'lishar edi.

Alloh taolo o'z kalomida “Yaxshilikda musobaqa qilingizlar”, deydi. Bugungi kunda mo'min-musulmonlarimiz yaxshilik qilishda musobaqalashishlari uchun juda katta imkoniyatga egalar. Biz bu gaplarni ellik yoki yuz yil ilgari ayta olmas edik. Ibodatda, saxovatda, odamlarning ko'ngliga xursandchilik yetkazishda, kishining og'irini yengil qilishda musobaqalashish lozim.

Яндекс.Метрика