У нас есть только
оригинальные песни

Ma’lumot talab qilinmaydigan qiziqarli kasblar

calendar 28.07.2017
2235

Kichkina bola yoki o‘smir o‘qishni xohlamasa, uni farroshlik kasbi bilan qo‘rqitishadi. Biroq dunyoda ma’lumot talab qilinmaydigan kasblar ham ko‘p, bu kasblar o‘rgatilmaydi ham.

LifeHacker ana shunday diplomsiz ishga qabul qiladigan qiziqarli kasblarni to‘pladi. Ulardan ba’zilari shunchalik ajoyibki, hoziroq rezyume yuborging keladi.

Taomlar bilan ishlash

Diplom talab qilinmaydigan kasblarning birinchi guruhi faqat tabiiy iqtidor bilan bog‘liq. Degustator bo‘lish uchun sezgir ta’m bilish organlari va taomlarga bo‘lgan muhabbat talab etiladi. Eng ko‘p jalb qiladigan vakansiyalar shirinlik va u bilan birga ichiladigan ichimliklar bilan bog‘liq.

Tortlar degustatori

Kristof Layermansning konditer fabrikasi kuniga 2,5 kilogramm shirinlik iste’mol qila oladigan odamni qidirgan. Ishga joylashish uchun tibbiy daftarcha va allergiyaning yo‘qligi talab qilingan. Kompaniya esa maosh, fabrika mahsulotlariga chegirma berib, sportzal uchun to‘lovni ham amalga oshirgan.

Choyni sinab ko‘ruvchi

Choyni sinab ko‘ruvchi (tea taster) — bu choylarni tatib ko‘radigan inson. Bunday xodimlar kompaniya mahsulot partiyasini xarid qilishni rejalashtirganda kerak bo‘ladi: ular yetkazib beruvchi qanchalik sifatli choy taklif qilayotganligini aniqlaydi. Buning uchun esa Hindiston, Afrika, Xitoy va umuman choy yetishtiruvchi barcha mamlakatlarga borishga to‘g‘ri keladi.

Sinovchi choy xarid qilingandan keyin ham uni sinab ko‘radi: uning ta’mi yetkazib berilgandan keyin va fabrikada qadoqlangandan keyin o‘zgarmaganligini tekshiradi.

Sayohatlar uchun ishlash

Albatta degustator bo‘lish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Paketchali choyni noyob qadoqlanmagan bargli choydan ajrata olmaganlar bu kasbga mos kelmaydi. Sayohatchilik bilan shug‘ullanish esa kamroq tabiiy iqtidorni talab qiladi. Xohish bo‘lsa bas.

Turizm bo‘yicha menejer

Maxsus ma’lumot talab qilinmaydigan ancha keng tarqalgan vakansiya. Aynan turizmdagi “qora” mehnat istalgan universitet o‘rnini bosadi.

Menejer mijozlar bilan suhbatlashadi, turli mamlakatlarning mehmonxonalar va gidlar bo‘yicha takliflarini o‘rganadi. Bunda mijozlar kutgan holatlar qabul qilayotgan tomon imkoniyatlari bilan mos tushishi lozim.

Dam olish bo‘yicha direktor

One to Trip kompaniyasi 18 yoshdan katta, chet el pasportiga ega bo‘lgan va ingliz tilini o‘rtacha bilgan barcha ko‘ngillilarga dunyo bo‘ylab sayohatni taklif qiladi. Sayohatdan so‘ng safar haqida rahbariyatga emas, butun dunyoga hisobot berish: sayohat tafsilotlarini hikoya qilish va kompaniya obunachilariga tavsiyalar berish kerak bo‘ladi.

Professional sayohatchi

Dam olish bo‘yicha direktor kabi vakansiya: ingliz tilini bilish, chet el pasportiga ega bo‘lish, shuningdek, avtiv va kirishimli bo‘lish talab qilinadi.

Talablardagi qo‘shimcha band — shopingni xush ko‘rish. Bunday inson uchun chegirmalar jumasi yil hodisasi bo‘lishi lozim.

Xobbi orqasidan daromad qilish

Xobbingiz bilan shug‘ullanish orqali daromad qilish — faqat sovun tayyorlash va buyurtma asosida tort pishirish emas. Kutilmagan variantlar ham bor.

Avtomobil shturmani

Trofi-reydlarda shturman — bu ekipajning “ko‘zi”. Aynan u qaysi yo‘nalishda harakatlanish lozimligini biladi, shuningdek, vaqt va uskunalarni kuzatib boradi, sport hujjatlari bilan ishlaydi. Bundan tashqari, mashina tiqilib qolgan holatlarda shturman avtomobilni chiqarib olish uchun elektr chig‘ir, domkrat va belkurak bilan ishlaydi.

Boshlang‘ich bosqichda navigatsiya asboblari, musobaqalarni o‘tkazish qoidalari, terminlar va uskunalarni o‘rganish kerak bo‘ladi. Jismoniy tayyorgarlik ustida ham ishlash zarur, chunki botqoqliklarda harakatlanish oson emas.

Shturman maoshi boshlang‘ich bosqichlarda katta bo‘lmasligi mumkin, u har bir aniq mutaxassisning tajriba va obro‘siga bog‘liq. Mashhur shturmanlarni yirik sport jamoalari doimiy ishga olishi mumkin. Shturman trofi-reydlar ko‘proq o‘tkaziladigan dam olish kunlari band bo‘ladi. Shuning uchun uni boshqa ish bilan birga olib borish mumkin.

Nomsiz kasb

Bu ish bekorchilik xobbisi bo‘lganlar uchun.

“Srochnodengi” kompaniyasi HR-direktori Aleksandr Malafeyev hikoya qiladi: “Bir necha oy avval Facebook’dagi do‘stlarimdan biri o‘zining ijtimoiy loyihasi doirasida vakansiya e’lon qildi. U mazkur vakansiya uchun nom o‘ylab topa olmadi. Chunki ushbu lavozimning asosiy vazifasi kuni bo‘yi bo‘sh ofis stolida o‘tirish va hech narsa qilmaslikdan iborat edi. Oddiy fuqaro pul uchun bunday sinovga qancha vaqt bardosh berishini aniqlash lozim edi. Vakansiya uchun talabgorlar yetarlicha bo‘lganligini ta’kidlash joiz”.

Bazmlar qiroli

2016-yilning aprelida JoyME dasturi “Bazmlar qiroli” lavozimiga nomzod qidirdi. Majburiyatlar: o‘yin-kulgi, modalar namoyishi, krossfit va poygalar haqida ma’lumotga ega bo‘lish. Bazmlar qiroli mazkur tadbirlarning barchasiga qatnashishi, tanishlar orttirishi va dastur foydalanuvchilarini jalb qilishi, shu bilan birga biznesni rivojlantirish uchun hamkorlar qidirishi lozim edi. Bunda ma’lumot ahamiyatga ega emas, biroq istalgan feyskontroldan o‘ta olish qobiliyati kerak edi.

Yordam beradigan ish

Odamlarga yordam berish kasbi ham bor. Masalan, egalari safarga ketgan hayvonlarga qarab turish, egalari band bo‘lsa, sayrga olib chiqish, tarab qo‘yish va hatto itni gapirishga o‘rgatish.

YouDo.com servisida quyidagi noodatiy yordamchilar qidiriladi:

– It va mushukni do‘stlashtiruvchi odam.

– Kuniga uch mahal dori ichish kerakligini eslatib turuvchi mas’uliyatli erkak.

– Oilaviy kechada qarindoshlar oldida sevgan qiz rolini bajara oladigan quvnoq qiz.

– Izohlar bilan original pley-list tuzib bera oladigan meloman.

– Ulkan pazlni oxirigacha yig‘a oladigan sabr-toqatli odam.

Bunday sohada karyera qila olmaysiz, biroq yordam berishni yaxshi ko‘rsangiz, shu yo‘l bilan daromad qilishingiz mumkin.

Yuqorida keltirilgan barcha kasblar bir haftadan kam vaqt ichida topilgan va bu diplom talab qilinmaydigan lavozimlarning hammasi emas.

Яндекс.Метрика