У нас есть только
оригинальные песни

Mafkura tanazzuli

calendar 04.09.2018
1710

Mafkura adolatsizlikka ko‘z yumsa, ma’sumni ma’dur etsa, mazlumni zolimdan himoya qila olmasa tanazzulga mahkumdir!

Mafkura misoli bir tirik ruhdir. Doimiy ravishda ma’rifat bilan sug‘orib turilsagina o‘lmaydi!

Insonni yaratganning mehriga loyiq darajaga olib chiqqan ruhiyat misol mafkura ham davlatning darajasini belgilab beradi.

Milliy istiqlol qo‘lga kiritilgan ilk yillarda yangi shakllantirilgan, ma’rifat bilan sug‘orilgan, yillar mobaynida takomillashtirilgan milliy istiqlol mafkurasi vaqt o‘tgan sari, ya’ni 2000-yillarga kelib zamon talabiga javob bermay qoldi. Buning ikkita sababi bor edi. Birinchisi, yillar o‘tgan sari mafkura ma’rifat bilan emas, maddohlik suvi bilan sug‘orila boshlangan edi. Ikkinchi sababi birinchi sababning mantiqiy davomi va mahsuli edi. Ya’ni, milliy mafkura maddohlikka aylangani sayin zaiflashib o‘z mohiyati bo‘lgan milliy irodani shakllantirishga emas, shaxsni ulug‘lashgagina xizmat qila boshladi.

Aslida milliy istiqlol mafkurasining tanazzuli haqida so‘z yuritish men uchun oson ish emas, juda og‘riqli jarayon bu. Ammo modomiki bugun jamiyat tanasi uchun yangi bir ruh kerak ekan, yangi bir mafkura kerak ekan, biz haqiqatning yuziga tik boqmog‘imiz va o‘z ayblarimizni, xatolarimizni yaxshi tanib olmog‘imiz lozim. Toki, yana eski xatolar takrorlanmasin. Bedilning bir so‘zi bor, «har ko‘zki ibrat olmasa ko‘rdir» deydi shoir. Bugun tarix bizdan ibrat olmoqni, ko‘r bo‘lmaslikni talab etmoqda.

Falsafaning o‘limi

Laroshfuko shunday degan edi: «Falsafa o‘tmish va kelajak muammolari ustidan g‘alaba qozonadi, bugunning muammolari esa falsafaning ustidan g‘alaba qozonadi». Bizda aynan shunday bo‘ldi. Vaqt o‘tgani sayin falsafani bugungi kun muammolari yengdi.

Mafkurani kuchaytirish maqsadida ming yillardirki millatning qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan ma’naviyat avval fanga aylantirildi, shaklga solindi, undan so‘ng zamonaviy qurolga aylantirildi. Qurolki, o‘smoqchi bo‘lganlarga maddohlik uchun, yoqtirilmaganlarni yo‘q qilish uchun badnom qilish quroliga aylantirildi. Qonuniy ayblovlar qo‘yilishi qiyinroq holatlarda osongina ma’naviy ayblov qo‘llana boshlandi. Hur fikr va erkin so‘z kimgadir yoqmasa, fikr bildirgan yoki so‘z aytgan shaxsni osongina milliy ma’naviyatimizga zid qarashga ega degan ayblov bilan jamiyatda badnom qilish imkoni paydo bo‘ldi. Bu yerda nozik ikki nuqtani unutmang, muhtaram o‘quvchim, birinchisi, biz so‘z yuritayotgan, qurolga aylangan sun’iy ma’naviyat bilan asl ma’nodagi chin ma’naviyatning hech bir aloqasi yo‘q! Ikkinchisi, men ma’naviyatga qarshi emasman, bil’aks inson ham, jamiyat ham ma’naviyatsiz ruhsiz tana kabi ekanligini, chin ma’naviyatsiz yashab bo‘lmasligini e’tirof etaman.

Millat ruhiyatini tarbiya qilish, millatni milliy va umuminsoniy axloq prinsiplari asosida kamolga yetkazish vositasi bo‘lgan ma’naviyat 2000-yillardan so‘ng siyosiy targ‘ibot mashinasiga aylantirildi. O‘rni kelganda bu mashina millat shoirlarini ma’nan o‘ldirdi, ijod erkinligini bo‘g‘di, o‘rni kelganda tarixiy haqiqatlarni inkor etdi, ba’zi tarixiy shaxslarni badnom qildi.

Eng asosiysi, fan sifatida o‘qitila boshlangan ma’naviyat soatlari ko‘paytirilib, aksar hollarda falsafa fanlari siqib chiqarila boshlandi. Falsafani «ma’naviyat»ga yem qildik! Falsafa va mantiq fanlarining ma’naviyat faniga almashtirilishi yolg‘onni keltirib chiqardi. Bu esa jamiyatda kim ko‘proq, chiroyliroq hamda balandroq bong urib bugungi kunni maqtasa, o‘shaning oshig‘i olchi bo‘lishiga imkon yaratdi. Maddohlikni trendga aylantirdi. Aytilayotgan madhlar, o‘sha kunga mos «haqiqat»lar qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi yoki kelmaydi — bunisi muhim emas! Asosiysi hammadan balandroq aytish bo‘lib qoldi. Baland ovoz esa hamisha bo‘sh idishdan chiqishi hammamizga ma’lum.

Buning tabiiy va mantiqiy mahsuli o‘laroq jamiyat moddiyatni ma’naviyatdan ustun qo‘ya boshladi. Ammo shunda ham sog‘lom moddiyat qarashlari emas, radikal moddiyat qarashlari shakllana bordi. Natijada milliy iqtisodiyot zarar ko‘ra boshladi. Har qanday rivojlangan mamlakatda mavjud bo‘lgan milliy iqtisodiy iroda bizda paydo bo‘lmadi. Aynan shu sabab shaxsiy iqtisodiy manfaat ko‘rish ilinjida milliy iqtisodga zarar berib qo‘yishdan qo‘rqmay qo‘ydi odamlar. Kontrabanda yo‘llari orqali kontrafakt mahsulotlarni olib kelib yoki soliqdan foydasini yashirib milliy iqtisodiyotga zarar berish orqali vatani va farzandlari kelajagiga zarar yetkazayotgani haqidagi o‘y «tadbirkor»larda shakllanmadi. Gobsning «Inson insonga bo‘ri» degan fikri turmush tamoyiliga aylandi.

Aynan milliy mafkuraning ana shunday qo‘g‘irchoq ma’naviyat orqali targ‘iboti mamlakatimizda terror urug‘ining sepilishiga ham imkon yaratdi. Chunki terrorizmni vujudga keltiradigan omillardan eng kattasi bo‘lmish radikal qarashlar urchishi va ekstremistik kayfiyat paydo bo‘lishi uchun diniy mafkuraning tanazzulga yuz tutishi kerak edi.

Bu qanday amalga oshiriladi? Juda oson. Istalgan jamiyatda bir-birini inkor etuvchi diniy haqiqatlar ko‘paytirilsa bas. Ya’ni ulamolarning bittasi chiqib asl haqiqat bu deb, boshqasi chiqib shuning teskarisini asl haqiqat deb da’vo qilishi, turli haqiqatlar to‘g‘risidagi kitoblarni to‘ldirib tashlasangiz bas.

Bu bilan kitobning ko‘payishi tanazzulga olib keladi demoqchimasman. Har biri asl haqiqat mana shu degan da’voda va bir-birini tamomila inkor etuvchi «haqiqatlar» bilan yo‘g‘rilgan kitoblarning ko‘payishi tanazzulga sabab bo‘ladi. Chunki bu holat jamiyat a’zolarini turli guruhlarga bo‘lib tashlaydi. Ularda bir-biriga nisbatan ekstremistik kayfiyat uyg‘otadi. 27 yil davomida diniy qo‘mitaning avvalgi rahbariyati ruxsati bilan necha minglab diniy kitoblar millionlab nusxada chop etilganini bir hisoblab ko‘ring. Bularning natijasi o‘larok, Buxoriy, Zamaxshariy, Motirudiy avlodlari bo‘lgan millat bolalari din nomi bilan terror uyushtirayotganlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qoldi. Yanada dahshatlisi, osoyishta vatanidan minglab kilometr uzoqlarga borib, boshqalarning soxta da’vosi uchun kurashib, o‘lib ketayapti. Ularga xotini bo‘lgani sababli qo‘shilib ketgan minglab ayollar, ixtiyori o‘zida bo‘lmagan bolalar Suriyada terrorchilarning bugungi qul bozorlarida moldek sotilmoqda. Itdek xo‘rlanmoqda.

Bularning barchasi maddohlik quroliga aylantirilgan «ma’naviyat»ni vujudga keltirgan milliy mafkura mahsulidir.

Albatta, tanqid qilish oson. Murodim faqat tanqid emas. Bu haqiqatlarni tan olib, ularni tuzatishimiz kerakligi haqida aytishdir. Xo‘sh, buning uchun nima qilmoq kerak?

Birinchisi, milliy irodani shakllantirish kerak. Bir xil emas, bittagina emas. Milliy iqtisodiy irodadan boshlashimiz lozim. Milliy iqtisod millatning buguni va ertasi ekanligini, millat va davlat boqiy turishi uchun milliy iqtisod yuksalishi kerak degan tushunchani bog‘cha va maktablardan boshlash darkor. «Soliqdan qochish — millatga xiyonat!» degan tafakkurni shakllantirish lozim yangi avlodda. Milliy mahsulotni sotib olish faqatgina vatanparvarlik emas, ayni damda millatparvarlik burchi degan haqiqatni jamiyatimiz a’zolarining qalbiga jo qilish kerak.

Ikkinchisi, milliy yakdillik, milliy birdamlik tuyg‘usi zarur. Bu esa adabiyot va san’at orqali erishiladigan vazifadir. Zamon ruhiga mos, ayni damda milliy xarakterimiz, milliy haqiqatlarimizni eslata oladigan, buyuk millatligimizga ishonchimizni qaytadan uyg‘ota oladigan va bu haqiqatga chin dildan ishontira oladigan asarlar kerak. Erishilgan yuksak natijalarni emas, mardlik va fidoyilikni, jasorat va haqiqatni madh etadigan shoirlar kerak. Investitsiya va innovatsiya degan she’rlar emas, tafakkur va ilm, sadoqat va fidokorlik kuch-qudratini qalblarga yetkazib beradigan she’rlar zarur bizga. O‘ldim, kuydim, yondim, kul bo‘ldimlarni emas, ming yillik ijtimoiy qadriyatlarimizni, yuksak ruhiy axloqni tarannum etuvchi, vatan uchun gulzor ichida turib emas, mashaqqat va sinovlarda, olovlar ichida aytiladigan, harbiy jasorat va erkakcha matonat, erkaklik irodasini aks ettiradigan qo‘shiqlar kerak. Biz bugun yangicha tafakkur zarur ekanligini qayta-qayta e’tirof etayapmiz. Aynan adabiyot va san’at millat tafakkurini shakllantiradigan omildir.

Uchinchisi, maktabga erkak o‘qituvchilarni qaytarish kerak. Yildan yilga muloyim tabiatli yosh avlod ko‘payib ketayapti. Sal qattiq gapirsang yig‘lab yuboradigan o‘g‘illarimiz ertaga dushman ko‘ziga tik qarab vatan uchun kerak bo‘lsa jon berib, kerak bo‘lsa jon olib jang qila olishiga ishonish eng kamida o‘zimizni aldashdan boshqa narsa emas.

To‘rtinchisi, bir-biriga chambarchas bog‘liq ikki muhim hujjat zarur. Birinchisi milliy ideologiya konsepsiyasi bo‘lsa ikkinchisi davlatning yagona diniy siyosati konsepsiyasidir. Bugungi kunda bularning nechog‘lik zarur va dolzarb ekanligini mutaxassislar yaxshi tushunishadi.

Beshinchisi, yangi zamonaviy tamoyillar asosidagi, ammo milliy va umuminsoniy qadriyatlar bazasida shakllantiriladigan boshqaruv kadrlarini tayyorlash milliy konsepsiyasi kabul qilinishi bugungi kunning eng katta ehtiyojidir.

Oltinchisi, milliy mafkurada sir bo‘lishi kerak. Milliy mafkurada davlatchilikning uch yarim ming yillik siri mujassam bo‘lishi shart. Xuddi ming yillardan beri tasavvufni yashatib kelayotgan o‘z siri bo‘lgani kabi.

Yettinchisi, mushohadada, muhokamada, fikrlashda, qaror qilishda chin demokratik tamoyillar asosida ish ko‘rishni o‘rganishimiz lozim. Tanqidni qabul qilishni, tanqid qilishda esa haqorat qilmaslikni, plyuralizmni xavf deb emas, shunchaki demokratik jamiyatning ajralmas bo‘lagi deb qabul qilishni o‘rganishimiz kerak.

Bugun o‘z fikriga va bu fikrini bildirishga ishtiyoqi baland qatlam ehtiroslarga berilib bahslashmokda. Shaxsiy fikrini absolyut xaqiqat sifatida e’tirof  ettirishga intilish lazzati, uni himoya qilish, har qanday argumentdan foydalanib bo‘lsa ham bahsda g‘olib bo‘lish istagi o‘ziga xos bir intim xususiyat kasb etmoqda. Muammolar yechimi muammodan emas, opponentlardan izlanmoqda. Bahslar kurashida «Inson insonga bo‘ri» tamoyili amal qilar ekan, jamiyatning muammolari hech qachon hal bo‘lmaydi.

Sakkinzinchisi, biz o‘z xatolarimiz sababini liderlarimizdan izlar ekanmiz, hech qachon taraqqiy etmaymiz. Vaqt hamisha o‘z hukmini o‘qib qo‘yadi. Oqni oq, qorani qora deydi. Taassufki, biz vaqt hukmidan qo‘rqmay qo‘ydik. Vaqt hukmidan qo‘rqishni o‘rganishimiz ayni damda haqni aytishdan qo‘rqmaslikka o‘rganishimizni, mazlumning yonida — zolimning qarshisida o‘rin olishdan qo‘rqmaslikni anglatadi.

So‘zim oxirida eng muhim uch nuqtaga oydinlik kiritib ketmoqchiman.

Birinchisi, negadir ko‘pchilik «ma’naviyatchilar» so‘nggi maqolalarimdan so‘ng oxirgi paytlar ma’naviyatga tosh otilayapti degan gap-so‘zlarni aytib yurishibdi ekan. Janoblar, mening maqsadim siz o‘ylagandek tosh otishdan iborat emas! Qayta va qayta takrorlayman: bugun tarixdan saboq olib, xatolarni tahlil qilib, yangidan ish boshlash davr talabiga aylandi. Talabki, ehtiyojdir. Prezidentga suyanch bo‘lish uchun, gapdagina emas, amalda suyanch bo‘la olish uchun, demokratiyaga o‘xshash bir jamiyat qurish uchun emas, chin demokratik huquqiy jamiyat qurish uchun chin ma’naviyatga bo‘lgan ehtiyoj!

Ikkinchisi eng asosiysidir. Istalgan boy va badavlat inson yoki jamiyat o‘z farzandi uchun qimmat hamda hashamatli sharoitlar yaratgani holda, yaxshi yedirib-ichirgani holda ta’lim-tarbiya olishi uchun mablag‘ni qizg‘anganini ko‘rganmisiz? G‘irt mantiqsizlik, shundaymi? Mafkura sohasi ham, ma’naviy targ‘ibot sohasi ham xuddi shunday. Kuchli mafkura, yuksak ma’naviyat targ‘iboti juda katta moliyaviy dastak bo‘lsagina ko‘zlangan natijani beradi. Zamon talabi shu: hech qachon ma’naviyat vakili, mafkura mutaxassisi zo‘rg‘a kunini ko‘rsa, bolasi ertaga tuflisini yirtib qo‘ysa nima qilaman deb hadikda yashasa, yuksak minbarlardan turib yuksak qadriyatlar haqida gapirgani holda, ijarada turgan uyining egasi ijara haqi kechikkani uchun uni tahqirlashiga chidashga majbur bo‘lsa, uning o‘zi jamiyatni ishontirmoqchi bo‘lgan yuksak ma’naviyatga o‘zi ishonmaydi. Achchiq haqiqat shu.

Uchinchisi, muhtaram hech qaysi mafkura davlat mafkurasi bo‘lolmaydi, bu konstitutsiyada ham ta’kidlangan deya iddao etadiganlar! Men tamomila sizning fikringizga qo‘shilaman, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi bo‘lmasligi shart. Ammo jamiyat mafkurasiz yashay olmaydi, xuddi inson fikrsiz yashay olmagani kabi. Mafkuraki, shaxsning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etadigan, demokratiyaga zid bo‘lmagan, ma’naviyatga asoslanadigan. Agar mafkura shaxs erkinligiga daxl qiladigan bo‘lsa bu tanazzulga olib keladi. Xudo asrasin bunday oqibatdan!

P.S. Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rgim keladi.

Said Abdulaziz Yusupov

Яндекс.Метрика