У нас есть только
оригинальные песни

Maktublar...

calendar 17.10.2015
4021

Maktublar...

Bir kunda ayrildim hamma narsamdan,
Do'stimdan,sevgimdan ham omadimdan,
Yetmish falak yig'lar mani dardimdan,
Shirin baxtim qabrin qazgan maktublar,
Diydor onlarini cho'zgan maktublar.

Maktublar bitarding menga bir paytlar,
Sevishing yozarding, yozarding baytlar,
Achchiq bir xotira endi bu xatlar,
Seni eslatib dil ezgan maktublar,
Siyohmas qon bo'lib sizgan maktublar.

Kelmading, kiprigim yuvildi yoshga,
Kelmading, bahorim aylandi qishga,
Birga o'tgan damlar o'xshaydi tushga,
Qo'limda, o'sha sen yozgan maktublar,
Mani umidlarim uzgan maktublar.

Kutmovdim sevgilim xiyonatlaring,
Kutmovdim jondo'stim jinoyatlaring,
Qaddimni sindirdi haqoratlaring,
Gohi seni o'rning bosgan maktublar,
O'rtamizda devor to'sgan maktublar.

Bir kun ko'rishmasak, o'laman derding, 
Sensiz men devona bo'laman derding,
Sen ketsang, men nima qilaman derding,
Muhabbat qasrini buzgan maktublar,
Ayriliq kitobin tuzgan maktublar.

Sen yozgan bu xatlar xanjardan o'tkir,
Qalbimni armonga to'ldirdi taqdir,
Maktublaring quchib yashaymi axir,
Ko'ksimdan qon bo'lib sizgan maktublar,
Ko'z yosh dengizida suzgan maktublar.

Bir kunda buzildi ko'ngilsaroyim,
Baxtim osmonida yo'qoldi oyim,
Qaydan chora izlay endi Xudoyim,
Yig'laydi ming ranjib bizdan maktublar,
Endi qaytmasliging sezgan maktublar.

Shu g'ijim qog'ozga nafasing tekkan,
Menga maktub yozgan qo'llaring bilan,
Endi kimning sochin silaysan erkam,
Baxtimiz yo'llarin kesgan maktublar,
Hijronning suratin chizgan maktublar.

Siz oshiq Ahadga kuyunmang do'stlar,
O'zgaga ko'z suzsa ul ohu ko'zlar,
Vaqti kelar mensiz yolg'iz qon yig'lar,
Sevgi satrlaring tizgan maktublar,
Tunlar qoning bilan yozgan maktublar. 
Яндекс.Метрика