O'zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston bo'limining qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida Markaziy Osiyodagi eng qadimiy yozuv saqlanmoqda. Bu yozuv miloddan avvalgi V asrga tegishlidir, ya`ni 2500 yillik tarixga ega. Bu haqda Qoraqalpog'iston axborot agentligixabar tarqatdi.
1976-1977 yillarda professor M.Mambetullayev rahbarligidagi arxeolog-olimlar guruhi Katta Aybuyirqal`ani qazish paytida 3ta katta xum topib oladi. Bu xumlarning suv va don saqlash uchun yasalganligi aniqlanadi. Xumlarning birida tig' bilan bitilgan yozuvlar mavjud ekanligi ma`lum bo'ladi. Ya`ni, bo'yi 1 metr keladigan o'tda pishirilgan xumdagi Qadimiy Xorazmga tegishli bu yozuvlar Markaziy Osiyoda eng eski yozuv sifatida fanda qayd qilingan edi.
Olimlar shu paytgacha Qadimiy Xorazm hududidagi eng eski yozuv deya Qo'yqirilganqal`a (Ellikqal`a tumani hududida joylashgan)da topilgan idishdagi yozuvni hisoblab kelgandi. Qo'yqirilganqal`adagi bu yozuv esa miloddan avvalgi III-II asrga tegishli aramey yozuvi bo'lib topiladi. Keyinchalik S.P.Tolstov rahbarligidagi ekspeditsiya tomonidan hozirgi Ellikqal`a tumani hududida joylashgan, qadimiy xorazmshohlar shahri – To'proqqal`ada ham milodiyy III-IV asrlarga tegishli yozuvlar topilgan.