У нас есть только
оригинальные песни

"Match TV" bir yoshda. Ayol kishi barbod qilgan telekanal. Bunga 1 yil bo'ldi

calendar 02.11.2016
2100

2015 yilning oktabr oyida Rossiyaning mashhur «NTV+Futbol» telekanali faoliyatiga chek qo'yildi.

Barcha jurnalistlar, ishchilar o'z o'rinlarida qolishdi, faqat korxonaning yuridik nomi o'zgardi va u boshqa kishining tasarrufiga o'tdi. Rossiyalik taniqli jurnalist Tina Kandelaki «Match TV» nomli yangi kanal ochdi va NTV telekanalining barcha sport kanallari uning tarkibiga o'tdi.

Tina xonim rahbar bo'lganidan keyin birinchi shartini qo'ydi: «Men noldan boshlab yangi sport kanalini quraman».

Bu esa 20 yil davomida nafaqat Rossiyada balki buyun dunyodagi eng ajoyib futbol kanallaridan birini shakllantirgan «NTV+Futbol» rahbari Vasiliy Utkinga yoqmadi. To'g'rida, shuncha yillik mehnatingizni bitta oyimcha kelib rasvo qilsa yoqadimi?

1 noyabr kuni mana shu telekanal «Match TV» bir yoshga to'ldi. Quyida telekanaldagi o'zgarishlar haqida.

«Match TV»ning bittagina ustun tomoni bor. Uni Rossiya hududida tekinga tomosha qilish mumkin bo'ldi. O'zbekistonda ham bu kanalni parobalik antenna orqali sifatli kadrda tomosha qilish mumkin. Bepul. To'g'risi, mana shundan boshqa barchasi turgan-bitgan bemazagarchilik.

Sportni tushunmaydigan rahbar va uning qo'g'irchoqlari
Tina kelganidan keyin telekanal efirlarida go'zal qizlar paydo bo'la boshladi. Ularning sportni tushunishi umuman shart emas, shunchaki yonidagi boshlovchi sherigiga qarab tirjayib tursa bo'ldi. Studiyalarning imiji o'zgardi. Yorug'roq, chiroyliroq xonalarga o'tildi. Efir davomida asosiy e`tibor tahlil va jurnalistik atamalarga emas, ko'proq odatiy silliq gaplarga qaratila boshlandi. Rus jurnalistikasini boshqalardan ajratib turadigan achchiq so'zlardan umuman voz kechildi. So'zlarni cheklash haqida hali quyida gaplashamiz.

Tinaning yangi telekanaldagi eng yoqtirib o'ynaydigan qo'g'irchog'i Dmitriy Guberniyev bo'ldi. O'sha, Olimpiada o'yinlari vaqtida O'zbekistonni Tojikiston bilan adashtirgan geografiyadan bilimi sayoz jurnalist! Futbolni qo'ysangiz ham Dima, basketbolni qo'ysangiz ham Dima, xokkeyda ham Dima, tennisda ham Dima. U o'zi faqat biatlonni sharhlaydigan Rossiya VGTR telekanalining jurnalisti edi. Tan olish kerak, biatlonni zo'r sharhlaydi, lekin futbol yoki boshqa sport turlari unga butunlay begona. Frantsiyadagi Yevropa chempionatini Guberniyev to'liq Parijdagi studiyadan yoritib bordi. O'nlab ajoyib jurnalistlar esa Rossiyada qoldi. Mamlakatning eng ajoyib jurnalistlaridan biri Vladimir Stogniyenko ishdan ketdi. Yana qator jurnalistlar qayoqdagi bemaza ko'rsatuvlarni tayyorlash uchun «safarbar qilindi».

Bemaza rokirovkalar

Tina xonim barcha sharhlovchilarni o'zicha sochib yubordi. Utkin vaqtida barcha Yevropa chempionatlarini o'sha chempionat o'yinlariga qiziqadigan va ularni kuzatib boradigan jurnalistlar sharhlardi. Endi esa hamma boshliq buyurgan tomonga yuguradi. Angliya chempionati qariya Yelaginga qolib ketgan, Kazanskiy, Masakovskiy, Rozonovni adashib eshitib qolmasangiz, umuman Angliya chempionati o'yinlarida ovozlari chiqmay qoldi. Eng zo'r sharhlovchilar xokkey va Rossiya chempionati o'yinlariga qo'yiladi. Avvalgi tahliliy ko'rsatuvlar deyarli yo'qolib ketdi. «Angliskiy aksent» ko'rsatuvi bir hafta kutsa arzigulik ajoyib dastur edi. U ba`zida jonli efirda ham chiqardi. Bu yigitlar uchun jonli efirda chiqish keng yo'lda yurganday gap-da. Angliyadagi o'yinlardan 45 daqiqa oldin jonli efirda o'yin oldi studiyalar tashkil etilardi. Hozir esa qup-quruq translyatsiyalar va juda ham ko'p pivoning reklamasi. Aytgancha, ora-orada erkaklarning jinsiy quvvatini oshiradigan dorilar reklamasi ham berib boriladi, Dmitriy Nagiyev ishtirokida. Xullas, telekanaldan jurnalistik me`yorlar yoppasiga olib tashlangan. Oldi-qochdi gaplarga e`tibor beriladigan shoumenlar kanaliga aylanib qolgan. Buni NTV+ telekanalidagi ajoyib faoliyatlari bilan butun MDHdagi muxlislarning ko'nglidan joy olgan jurnalistlarning ko'zida o'qishingiz mumkin. Ular avvalgi holatda ishlashni sog'inishayotgani yaqqol seziladi. Roman Nagushev «Xalqaro ponorama»dagi erkin sharhlaridan «Match TV»dagi har bir gapini ming marta o'ylab gapiradigan efirlarni ustun qo'yishiga, Genich avvalgiday 2 daqiqalab Messi deb baqirishni sog'inmaganiga ishonmayman. To'g'risi, ular majburdan ishlab yurishibdi. Bor e, deb Utkinga o'xshab kostyumni yelkaga tashlab, ketib bo'lmaydi. Bola-chaqani boqish kerak…

Tildagi tushov

Asosiy gapga endi yetib keldik. Tina Kandelaki telekanalga keltirgan eng katta zarar so'z bilan bog'liq bo'ldi. U so'zning qadriga yetmaydigan, so'zni his qilmaydigan hurliqo ekanligi uchun yuzlab so'zlarni efir davomida ishlatishni taqiqladi. Masalan efir davomida gollar yomg'iri so'zini ishlata olmaysiz uning o'rniga juda ko'p gol deyishingiz kerak. Quyida senzuradan o'ta olmagan so'zlar ro'yxatini taqdim etamiz.

Ishlatish mumkin emas                                       Muqobil variant

Jurnalistikamiz afsonasi                                 Shunchaki hamkasbimiz

Bizning o'g'lonlar taslim bo'lishmaydi                Hali imkoniyat bor

Slutskiy qo'l ostidagilar                                      Slutskiyning jamoasi

«Tulkilar» «Kanonirlar»dan ustun keldi         «Lester» «Arsenal»ni mag'lub etdi

«Taqachilar» keyingi bosqichda                             «Tottenhem» keyingi bosqichda

Ishlatish taqiqlangan so'zlar

"Validolli o'yin", "to'qnashuv", "beminnat xizmatingizda bo'ldim", "gollar yomg'iri", "kunning ajoyib qismida", "agar xohlasangiz", "zubodrobitelnyy poyedinok", "kruglyy", "pyatnistyy", "snaryad" (to'pning sinonimlari), "olti ochkoli o'yin", "hujumdagi qamal", "tan berish kerak", "suv va havodek zarur ochko", "yo'qqa chiqarilgan imkoniyat", "suvdagi o'rdakdek harakat qilmoqda", "o'z omadini darvoza yaqinidan qidirdi", "bu imkoniyatdan gol urmaslik urishdan qiyinroq edi", "gol v razdevalku", "stoyka vorot", "karkas vorot", "ijtimoiy tarmoqlarda yozilyaptiki", "banda", "drujina", "g'olib aniqlanmadi", "darvoza to'sinini cho'tladi", "final yo'llanmasi uchun bahslashishadi", "o'yinga yaxshi kayfiyatda yetib kelishdi".

Bu taqiqlangan so'zlarning bir qismi xolos. Endi o'ylab ko'ring, so'z bilan bog'liq insonni cheklab qo'yishning iloji bormi? Agar u barcha insonlar kabi oddiy so'zlar bilan hech qanday qochirimlarsiz gapirsa, uni kim eshitadi? Jurnalist kosa ostidagilarni tahlil qilib bermasa, quruqdan-quruq fakt berish bilan shug'ullansa, uning jurnalisligidan nima naf? Faqat non yeyish uchun so'z sarflashdan kimga foyda? Bunday holatda faqat Rossiyada, faqat «Match TV»larda emas, o'zimizda ham uchrab turadi. Iltimos sizlardan, so'z bilan ishlaydiganlar va ularning rahbarlari, so'zga oddiy mahsulot yoki tovar sifatida emas, ko'ngil mulki sifatida qarang. So'z tirikchilik vositasi emas, san`at vositasi.

Muallif: O'tkir Jalolxonov

Яндекс.Метрика