У нас есть только
оригинальные песни

“Mening fikrim” portalida Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston Qahramoni unvonini berish taklif qilindi

calendar 13.05.2018
1247

“Mening fikrim” portalida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni oliy darajadagi mukofot — ‘O‘zbekiston Qahramoni’ unvoni bilan taqdirlash haqida” jamoaviy murojaat joylashtirildi. Uning mualliflari davlat rahbariga O‘zbekiston Qahramoni unvonini berish taklifi bilan chiqmoqda.

Hurmatli senatorlar va deputatlar! O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytidagi “Mukofotlar” rukniga kirilganida, yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlanganligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin, bizning fikrimizcha, ushbu insonning qilgan barcha harakatlariga davlatimiz tomonidan hali yetarlicha baho berilmagan va hozircha munosib ravishda taqdirlanmagan. Bizning hayotimizga yorqin nur olib kirgan, xonadonlarimizda xursandchilikni ko‘paytirgan, qo‘shni xalqlar bilan munosabatlarni yuqori pog‘onalarga ko‘targan, qishloqlarimiz va shaharlarimizni go‘zal qilib berayotgan yurtboshimizni Allohning o‘zi asrasin. Xalqimiz ardog‘idagi Prezidentimiz munosib ravishda taqdirlanishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 5-maydagi “‘O‘zbekiston Qahramoni’ unvonini belgilash va oliy nishon — ‘Oltin Yulduz’ medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofot bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat ko‘rsatish bilan bog‘liq xizmatlari uchun beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini berish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Prezidentlikka saylanganlaridan so‘ng qisqa muddat ichida xalqimiz va davlatimiz oldida qahramonona jasoratlar ko‘rsatdi va ushbu davlat mukofoti bilan Prezidentimizni taqdirlash — xalqimizning oliy burchidir. Shu munosabat bilan Sizlarga chuqur hurmat bildirib, odilona va oqilona, har doimgidek, xalqimiz uchun maqbul bo‘ladigan qaror qabul qilishlaringizga to‘liq ishongan holda, yurtboshimiz, elimizning faxri — Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini berishni taklif etamiz.

Shu paytga qadar murojaatni 45 kishi imzoladi.

Яндекс.Метрика