Millat ma`naviyati – barcha tizimga ta`sir etuvchi eng kuchli omil

Eng buyuk jasorat bu – ma`naviy jasorat.
Islom Karimov

Bugungi kunda yurtimizda inson va uning manfaatlari eng oliy qadriyat darajasiga ko'tarilgan. Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosati aynan ana shu maqsadga yo'naltirilgan hamda bu yo'lda katta natijalarga erishayotganligimiz ham, avvalo, mustaqilligimiz sharofatidandir. Mustaqil davlat sifatida bugungi kunda jahon hamjamiyatida o'z o'rni va o'z so'ziga egamiz. Biz dunyoning deyarli barcha davlatlari bilan o'zaro tenglik, manfaatdorlik prinsiplariga asoslangan siyosiy-iqtisodiy siyosat yurgiza boshladik. Tarixan qisqa davr mobaynida mamlakatimizda barcha sohalarni qamrab olgan holda keng islohotlar amalga oshirildi va bu ishlar hozirgi kunda ham davom etmoqda. U xoh Davlat boshqaruv tuzilmasi bo'lsin, xoh sog'liqni saqlash, sport, ta`lim – qo'yinki, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar, yaratilib berilayotgan shart-sharoitlar bugungi kunda o'zining ijobiy natijasini bermoqda. Har sohada qo'lga kiritilayotgan yutuqlar, zafarlar, kundan kunga chiroy ochib borayotgan shahru qishloqlarimiz qiyofasini ko'rib istiqlolning hayotbaxsh nafasini yanada teranroq his qilamiz.

Ma`lumki, mustaqillikning ilk kunlaridan belgilab olingan «Islohot – islohot uchun emas, inson uchun», degan g'oya odamlarimiz qalbidagi ezgu orzu-intilishlarini yaqqol ifoda etgan oliyjanob da`vat xalqimizni huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish yo'lida safarbar etadi.

Hozirgi kunda qanday shiddatli va notinch zamonda yashayotganligimizni inobatga olgan holda, tinch va osoyishta hayot uchun kurashish, kerak bo'lsa, fidoyilik ko'rsatib, doimo ogoh, sezgir va ma`naviy uyg'oq bo'lib yashash, eng katta boyligimiz bo'lmish yurtimizdagi millatlar va fuqarolararo ahillik, o'zaro mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini ko'z qorachig'idek asrash va mustahkamlash yo'lida olib borilayotgan ishlarning ma`no-mazmunini tushunib yetish lozim. O'sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va millatparvarlik ruhida tarbiyalash muhim o'rin tutadi. Buning uchun esa oilada va ta`lim dargohlarida ta`lim va tarbiyaga alohida e`tibor qaratish lozim.

Bugungi kunda ana shu masalalarni ijobiy hal etish uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan bir qator qonun hujjatlari imzolanib, qaror va farmoyishlar qabul qilingan. Lekin shuni tan olib aytish kerak-ki, qabul qilinayotgan qaror va farmoyishlar ijrosini bajarishga kelganda ayrim holatlarda «qo'l uchida» bajarilishiga guvohi bo'lamiz, ko'plab joylarda ma`naviy-marifiy tadbirlar o'tkazilsada, aslida ana shu tadbirlarni o'tkazishdan ko'zlangan maqsad unutilib, natija samarasiz bo'lmoqda. Qabul qilingan Davlat dasturlari ijrosini ta`minlash yuzasidan tashkilotchilar tomonidan o'tkazilayotgan tadbirlarning faqatgina ko'rgazmali qurollar bilan mazmunli o'tishiga e`tibor qaratilayapti xolos, qolgani bilan ishi bo'lmaydi. Bu kabi holatlarning ko'payib ketishi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tabiri bilan aytganda mas`uliyatni o'z zimmasiga olib, chinakam fidoyilik ko'rsatadigan yoshlarning kamayib ketishi oqibatida yuzaga kelmoqda. Bu esa Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ta`rif berilgan:

– o'z haq-huquqini taniydigan va uning uchun kurashadigan;

– o'z kuchi va imkoniyatlariga tayanib, natijasini ko'radigan;

– atrofida sodir bo'layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bildira oladigan;

– shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg'un holda ko'rib, faoliyat yuritadigan yosh avlodni voyaga yetkazishda juda qo'pol kamchiliklarga yo'l qo'yilishiga sabab bo'lmoqda. Aynan shu sifat darajalariga ega bo'lgan yosh avlodni tarbiyalashda ham oilaning, ham ta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ustoz-murabbiylarimizning o'rni katta desak, hech mubolag'a qilmagan bo'lamiz.

Afsuski, yuqorida qayd etib o'tilgan holatlar yuzasidan Hurmatli Yurtboshimiz alohida jonkuyarlik bilan aniq dalillarga asoslangan holda aytganlaridek, ayniqsa, bugungi kunda ko'payib ketayotkan jinoyatning eng oddiy ko'rinishidan tortib, og'ir darajadagi jinoyatlarning asosiy katta qismini yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgani so'zimizni tasdig'i, desak hech yanglishmagan bo'lamiz.

Xo'sh, shu o'rinda haqli bir savol tug'iladi. Bu kabi mudhish holatlarning ko'payib ketishiga nima sabab bo'lyapti yoki bunga kim aybdor? Bizningcha, bugun yoshlarimizning tobora tubanlashib borayotgan ma`naviy dunyoqarashini shakllanishiga ko'p jihatdan hammamiz aybdormiz – oilada ota-ona, ta`lim muassasalarida ustozlar.

Bizningcha, tan olib aytish kerak-ki, bugungi kunda aynan mavjud ta`lim sifatining pastligi natijasida xususiy ko'rinishdagi o'quv markazlarini ko'payishi, xususan, bu kabi markazlar aynan oliy o'quv yurtlariga tayyorlov kurslarini ochilishi bunga to'la izoh bo'la oladi. Qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali mazkur muammolarni hal qilish mumkin? Buning yechimini topish uchun fikrimizcha, ta`lim-tarbiya tizimiga ta`sir ko'rsatuvchi omillarni tushunish talab etiladi. Ularning ichida eng muhim ahamiyat kasb etadiganlari qatorida fikrimizcha quyidagilar kiradi:

  • Ta`lim olish uchun oiladagi mavjud shart-sharoitlar;
  • Ta`lim jarayonida o'qitiladigan adabiyotlarning saviyasi va darajasi;
  • Bir sinf yoki o'quv auditoriyasida tahsil oladigan o'quvchilar vujudga keladigan sog'lom raqobatning shakllanishi va mavjudligi;
  • Ta`lim beradigan pedagoglarning ilmiy-pedagogik saviyasi va darajasi.

Yuqorida keltirib o'tilgan omillarga imkon qadar izoh berishga urinib ko'ramiz.

Bugungi kunda yurtimizda istiqomat qiladigan, jamiyatimizning negizi bo'lmish oilalarning 90 95 foiz farzandlari ta`lim olishi uchun sharoitlar mavjud. To'g'ri hamma oilada ham farzandlarini oliy o'quv yurtlarida tahsil olishi uchun imkoniyat yo'qdir, lekin o'rta ta`lim Davlat tomonidan majburiy-bepul ta`minlanib, qonun tomondan kafolatlangan. Bir qaraganda bu omil bo'yicha muammo yo'qdek ko'rinadi, lekin ikkinchi tomondan esa aynan ota-onalar farzandini yaxshi kiyinib, hech kimdan kam qilmaslik uchun qilayotgan xaddan ortiq urinishlari o'z farzandlariga nisbatan e`tiborsizligi oqibatida nazoratsiz qoldirilishi aynan masalaning salbiy ta`sirini namoyon qiladi. Chunki nazoratsiz qolgan bola bilib-bilmay, hayotiy tajribasi kamligidan noto'g'ri yo'llarga kirib ketishi yoki tarbiyasi juda og'ir holatlarga kelib qolayotganini guvohi bo'lamiz.

Ikkinchi omil, ya`ni mavjud adabiyotlarning darajasi va saviyasi bugungi davr talabidan kelib chiqqan holda davlat standartlariga to'la mos tarzda yaratilgan. Barcha soha va mutaxassisliklar bo'yicha yetarli adabiyotlar topiladi. Ammo, mavjud adabiyotlarning saviyasiga to'xtaladigan bo'lsak, birgina o'rta ta`lim uchun mo'ljallangan ayrim ijtimoiy-gumanitar fanlarning o'quv darsliklariga kerak bo'lsa har yili tuzatish yoki qo'shimcha kiritilishi mualliflarning ilmiy saviyasi va darajasini yuqori emasligidan dalolat beradi. Qolaversa, darsliklarni chop etish uchun davlat hisobidan ajratilayotgan byudjyet mablag'larini bekorga sarflanishiga ham olib kelyapti.

Uchinchi omilga to'xtaladigan bo'lsak, sog'lom raqobat bor joyda o'sish ham bo'ladi. Davlatlar iqtisodiyotini o'sishiga ham aynan iqtisodiy raqobatning mavjudligi hisobiga yuzaga keladi. Xuddi shunday holat ta`lim olish jarayonida ham kuzatiladi. Bu omilga atroflicha izoh bermasdan uni quyidagi to'rtinchi omil bilan bog'lab ketamiz.

To'rtinchi omil to'g'risida gapiradigan bo'lsak, aynan ta`lim berayotgan pedagoglarning darajasi va saviyasi yuqoridagi uchinchi omilga, ya`ni bir sinf yoki o'quv auditoriyasida tahsil olayotgan o'quvchilar o'rtasida sog'lom raqobatni vujudga kelishi yoki umuman paydo bo'lmasligiga olib keladi. Chunki o'qituvchilarning ilmiy darajasi yuqori bo'lgani bilan o'zi o'tayotgan faniga nisbatan o'quvchilarda qiziqishni uyg'ota olmasa, bu – o'quvchilar ichida sog'lom raqobatni shakllanishiga olib kelmaydi. Bundan tashqari, bugun dunyo ahli e`tirof etayotgan, ilm-fan yangiliklari orqali yangicha ko'rinishdagi interfaol usuldagi dars o'tish metodlarini yutuqlaridan ko'ra kamchiliklari ko'zga yaqqol tashlanib qolmoqda. Bu esa o'qituvchilarning yozuv taxta (doska)laridan foydalanmay, video-proyektor uskunalari yordamida o'quv mashg'ulotlarini olib borilishi natijasida ta`lim oluvchi va ta`lim beruvchi o'rtasida uzilish va bo'shliq vujudga kelishiga sabab bo'lmoqda. Lekin bu bilan yetarli darajada bilim bera oladigan o'qituvchilar, shunga javoban iqtidorli, bilimga chanqoq o'quvchilarni yo'q demoqchi emasman. Bor, faqat umumiy foiz nuqtai nazaridan juda ham past ko'rsatkichni tashkil etadi.

Shu o'rinda ustozlarning darajasi va saviyasini yuqori bo'lishiga to'sqinlik qilayotgan ob`yektiv va sub`yektiv sabablari ham yo'q emas. Ta`lim muassasalarida me`yoriy hujjatlarning ko'pligi qaysidir jihatdan ustozlarning o'z ustida ishlab, tajriba va malakasini oshirish uchun juda kam vaqt qolishi yoki umuman ulgurmasligiga sabab bo'lmoqda. Ba`zida esa asosiy vazifa va majburiyat qolib, II darajali ishlar bilan band bo'lishiga to'g'ri kelmoqda. Maqsadga muvofiq bo'lmagan turli ko'rinishdagi ishlarning ko'payib ketishi natijasida xaqli bir savol tug'iladi: «O'qituvchi o'qituvchiligini qilsinmi yoki keraksiz ishlarda ishtirok etsinmi...?»

Ma`lumki, dunyoda har bir davlatning rivoji hamda har tomonlama yuksalishi uchun mavjud bo'lgan kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni yechimini topish orqali hal qilinadi. Siyosiy muammolarni yechimi sifatida iqtisodiyot tursa, iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun xo'jalik muammolariga yechim topish zarur bo'ladi. Xo'jalik maummolarni bartaraf etish uchun texnologik masalalar bilan shug'ullanish zarur bo'ladi. Buni amalga ishirish uchun esa kadrlar masalasini hal etish lozim. Kadrlar masalasi esa, o'z navbatida ta`lim va tarbiya masalalariga alohida e`tibor qaratishni taqozo etadi.

O'zbekiston 1991 yilda o'z mustaqilligini qo'lga kiritib, butun dunyoga mashhur bo'lgan «Taraqqiyotning o'zbek modeli» deya e`tirof etilayotgan, besh tamoyildan biri bo'lgan «Davlat bosh islohotchi» bo'lgan bo'lsa, bugun mustaqil O'zbekiston farzandi 25 yoshdan oshdi. Qachongacha biz Davlat mavjud muammolarga o'z e`tiborini qaratadi, deb kutib yashaymiz, qchon o'zimiz shu muammolarni hal qilish uchun tashabbus ko'rsatamiz. Bu yurt tinchligini, osoyishtaligini, xalqini farovon hayot kechirishi uchun barchamiz birdek mas`ulmiz. Buni hech kim hech qachon chetdan kelib biz uchun qilib bermaydi.

Musayev Hasanjo


Комментарии (0) | Добавить: 07.08.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]