У нас есть только
оригинальные песни

Millioner bo‘lishga tayyor ekanligingizning 5 ta belgisi

calendar 09.08.2017
1906

Qachonlardir millioner bo‘lishni istagan bo‘lsangiz (kim ham istamaydi?) hozir ayni vaqti. Spectrem Group o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, hozirgi paytda AQShda millionerlar har qachongidan ko‘ra ko‘proq, deb yozadi InsiderPro.

Millionni hech kim rad etmasligiga qaramasdan, uni ishlab topishga hamma ham qodir emas. Dunyoning eng boy odamlariga xos bo‘lgan ma’lum bir xususiyatlar mavjud. Ushbu belgilar sizga ham xos bo‘lsa, ehtimol sizga ham millioner bo‘lish nasib qilar.

  1. Sizda doim tadbirkorlik ruhi bo‘lgan

Economist nashri ma’lum qilishicha, dunyo millionerlarining yarmiga yaqini o‘z daromadini shaxsiy biznesini ochish orqali ishlab topgan. Eng badavlat kishilarning ko‘pchiligi o‘z ishini erta yoshligidan boshlagan.

Mark Kyuban 12 yoshligida qo‘shnilarga chiqindi paketlarini sotgan va ishga joylasha olmagan. Uorren Baffet ham shunga o‘xshash yo‘l tutgan: 6 yoshligida do‘stlariga saqich sotgan. Richard Brenson 11 yoshida to‘tiqushlarni ko‘paytirib, ularni sotgan.

Tadbirkorlik ruhi va mehnat axloqi ko‘plab bolalar va o‘smirlarning katta yoshda milliardlab daromad keltiruvchi kompaniyalar ochishiga sabab bo‘ladi.

  1. Bir nechta daromad manbasiga egasiz

Millionlab daromad keltiruvchi kompaniya yaratishni har bir kishi istasa kerak, biroq hamma ham bunday imkoniyatga ega emas. Shuning uchun birgalikda million keltiruvchi bir nechta kichikroq daromad manbasini topgan yaxshiroq. Tomas K.Korli birinchi millionini mustaqil ishlab topgan kishilarni besh yil davomida o‘rgandi va ularning aksariyati bir nechta daromad manbasiga ega bo‘lganligini aniqladi. Ulardan 65 foizga yaqini uchta, 45 foizi — to‘rtta, 29 foizi esa besh va undan ortiq daromad manbasi sohibi bo‘lgan.

Qanchalik ko‘p daromad manbasini yarata olsangiz, moliyaviy ahvolingiz shunchalik mustahkam bo‘ladi.

  1. Muntazam kitob mutolaa qilasiz

Yozuvchi va millioner Stiv Sibold dunyoning eng boy odamlaridan ba’zilari bilan 30 yildan ortiq suhbatlashdi va ularning ko‘pchiligini mutolaaga bo‘lgan muhabbat birlashtirib turishini aniqladi.

“O‘rta sinf romanlar, tabloidlar va ko‘ngilochar jurnallar o‘qiydi. Badavlat odamning xonadoniga kirsangiz, birinchi ko‘zingizga tashlanadigan narsalardan biri uni muvaffaqiyatga olib kelgan ulkan kutubxona bo‘ladi”, — deydi yozuvchi.

Mashhur milliarderlarning ko‘pchiligi ushbu nuqtai nazarni tasdiqlaydi. Masalan, Bill Geyts yiliga 50 ga yaqin kitob o‘qiydi, Uorren Baffett ish kunining 80 foizini mutolaa uchun sarflaydi. Ilon Maskdan u raketa qurishni qanday o‘rganganligi haqida so‘rashganda, u “Men kitob o‘qiyman” deb javob bergan.

  1. Birinchi navbatda o‘zingizga to‘laysiz

Pul yig‘ishni boshlash haqida o‘zimizga tez-tez va’da beramiz, biroq bu ishni keyinroq qilish bilan o‘zimizni oqlaymiz. Biroq “keyinroq” hech qachon kelmaydi — shuning uchun ko‘pchilik millionerlar jamg‘arma va investitsiyalarga to‘lov to‘lash majburiy bo‘lgan hisoblardek qaraydi.

“Kishilarning aksariyati mablag‘larni sarflay turib, dastlab hisoblar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiradi, qolgan qismini esa jamg‘arib boradi. Aslida buning aksi bo‘lishi kerak: dastlab jamg‘armoqchi bo‘lgan qismini olib qo‘yib, keyin hisoblar bo‘yicha to‘lov qilish, ana undan keyin qolgan qismini sarflash haqida o‘ylash zarur”, — deydi moliyaviy rejalashtirish bo‘yicha malakali mutaxassis Nensi Batler.

Ko‘pchilik moliyaviy ekspertlar 50/30/20 qoidasidan foydalanishni tavsiya qiladi: daromadingizning 50 foizi zaruratlar uchun (kreditlar, hisoblar, oziq-ovqat va boshqalar), 30 foizi ehtiyojlar (masalan, yangi kiyim) uchun sarflanib, qolgan 20 foizini chetga olib qo‘yishingiz kerak.

  1. Kamtar hayot tarzi tarafdorisiz

Ma’lumki, Uorren Baffett 1958-yildan buyon Nebraska shtati Omaxa shahridagi uyida istiqomat qiladi. Boyligi taxminan 70 milliard dollarga baholangan Mark Sukerberg Volkswagen haydaydi.

Huzur-halovatni keyinga qoldirish qobiliyati ko‘pchilik millionerlarning asosiy xususiyatidir. Ular hozirgina ishlab topgan pulini sarflash istagini nazorat qiladi.

Ko‘pchilik kishilar uchun esa bu haqiqiy muammo.

Bloger Lans Koternning so‘zlariga qaraganda, nazorat qilishning bir nechta strategiyalari mavjud: o‘z maqsadlaringizni yozib qo‘yib, bir sutka sabr qilib, xarid qilish haqida qaror qabul qilishdan avval o‘zingizdan kattalar bilan maslahatlashib olishingiz mumkin. Bu ular qilgan xatolarni takrorlamaslik imkonini beradi.

Millioner bo‘lish ko‘pchilik uchun erishib bo‘lmaydigan maqsaddek ko‘rinadi. Biroq to‘g‘ri fikr yuritish orqali bunga erishishning imkoni bor. Dunyoning eng badavlat kishilarga xos iqtisodiy odatlar sizda ham bo‘lsa — ehtimol, siz boylik yo‘lidasiz.

Яндекс.Метрика