У нас есть только
оригинальные песни

Modrich «Real»dan ketadimi? Tafsilotlar

calendar 10.08.2018
1018

Qatorasiga uch mavsumda Chempionlar ligasi g'olibi bo'lgan «Real» yangi davrga o'tmoqda. Jamoani avvaliga ushbu g'olibona yurishga boshlab borgan bosh murabbiyi Zinedin Zidan, keyin esa 5 karra «Oltin to'p» sohibi Krishtianu Ronaldu tark etdi. Endi esa Luka Modrich ham Italiyaga yo'l olmoqchi. Quyida voqealar rivojini ko'rib chiqamiz.

Peres nima uchun muzokara o'tkazishga rozi bo'ldi?

Uch hafta muqaddam Modrich Rossiyadagi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlangandi. Yana bir bor individual mukofot «Real» futbolchisiga tegdi. Internetda madridliklar klubi prezidenti Florentino Peres ustidan kula boshlashdi - u yangi futbolchilarni transfer qila olmayapti, axir eng kuchlilarning bari jamoada yig'ilib bo'lganku?!

Ammo endilikda «qaymoqranglilar»ning prezidentiga havas qilib bo'lmaydi. Modrich «Inter» bilan og'zaki kelishuvga erishib bo'lgan va prezidentning javobini kutmoqda. «Real» prezidentining ilk reaksiyasi kutilganidek bo'ldi: kimki Modrich uchun 750 million yevro to'lasa, uni o'ziniki qilishi mumkin! Ammo bu tarix shu bilan yakunlanmadi. Oxirgi xabarlarga ko'ra Peres milanliklar klubi bilan muzokara o'tkazishga rozi bo'lgan. Buni undan Modrichning o'zi so'ragan.

OAV xabariga ko'ra Luka Krishtianu Ronaldu kabi yoki jamoa mashg'ulotlarini boykot qila-qila niyatiga erishgan va «Chelsi»ga yo'l olgan vatandoshi Mateo Kovachich kabi radikal kayfiyatda emas. U barchasini tinchgina hal qilmoqchi. Ha, u avvaliga ta`tilini uzaytirdi va jamoaning mavsumoldi yig'inida ko'rinmadi. Ammo u klubdan o'tgan yillar uchun qattiq minnatdor va ziddiyat yuzaga kelishidan qochmoqja. Shu tufayli u Peresning o'zi rozi bo'lishini kutmoqda.

Luka Modrich chorshanba kuni Madridga qaytib keldi. Gazzetta dello Sport xabariga ko'ra, u Florentino Peres bilan «Inter»ga o'tishi masalasini muhokama qiladi.

Gazzetta nashri xabariga ko'ra, futbolchi Peres bilan jyentlmenlik kelishuvini tuzmoqchi: prezident o'z vaqtida xorvatiyalik futbolchiga, u qachondir o'zi istasa, ketishi mumkinligi bo'yicha va`da bergandi.

«Inter» unga nimalar va`da qilmoqda?

Barchasi pulga borib taqaladi. Hatto gap juda talantli va boy futbolchilar haqida ketganida ham. Ispaniya nashrlari yozishicha, Modrich klub bilan yangi shartnoma bo'yicha muzokara o'tkazgan ammo uning yillik maoshini 6,5 million yevrodan 8 million yevroga oshirishga rozi bo'lishgan, xolos.

«Inter» esa futbolchining moliyaviy talablarini bajarishga tayyor. Corriere dello Sport ma`lumotiga ko'ra, «Inter» Modrichga yiliga 10 million yevrodan to'lash nazarda tutilgan 4 yillik shartnoma taklif qilishmoqda, bu 40 million yevro degani. Qolaversa, futbolchi yiliga 1,5 million yevrolik bonuslar olishi mumkin. Bu hali hammasi emas, u pensiyaga ketishdan avval Xitoyda, «Inter»ga egalik qiluvchi Suning kompaniyasiga tegishli boshqa bir jamoada - «Tszyansu Sunin» klubida ikki yil o'ynab, yana 20 million yevro ishlab olishi mumkin bo'ladi. Bu vaqtga borib u 37 yoshga chiqib bo'ladi.

«Real» bilan shartnomasi 2020 yilgacha bo'lgan xorvatiyalik qolgan vaqt davomida ko'pi bilan 21 million yevro olishi mumkin. 66 million yevro qayerdayu, 21 million qayerdaa. Qolaversa, Ispaniyada Modrich bilan ham xuddi Ronaldu bilan bo'lgani kabi soliq borasida muammolar yuzaga kelgan, u o'tgan yili bir million yevro miqdorida jarima to'lashga majbur bo'lgandi.

Bu muammolar o'rniga uni Italiyada ajoyib shahar, xotirjam hayot va xorvatiyalik do'stlar davrasi kutmoqda.

Modrichda Italiyaga ketish uchun sabablar bor.

Endi gap 750 mln emas, 60 mln yevro haqida ketmoqda. Ehtimol bu transfer butun bir zanjirni hosil qilar: «Real» Modrichni «Inter»ga sotadi, uning o'rniga «Latsio»dan Sergey Milinkovich-Savichni yoki «Yuventus»dan Mirolim Pyanichni oladi, «Inter» esa Joau Mariuni «Roma»ga qo'yib yuboradi.

«Real» Modrichga qanchalik bog'liq?

Modrich jahon chempionatidan «Oltin to'p» bilan qaytdi, «Real» Ronaldu va Zidansiz qoldi  –  klub xorvatiyalik futbolchini sotmasligi kerakligi uchun asosiy sabablar. Qolaversa, «Santyago Bernabeu»da Lukani juda qadrlashadi: uning ketishini Krishning ketishidan keyin bo'lgani kabi xotirjamlik bilan qabul qilishmaydi.

Lekin klubda Florentino Peres ham bor. Uning muvaffaqiyatlari nostandart va paradoksal qarorlari bilan bog'liq.

2005 yilda Peres hali bir yillik shartnomasi bor 33 yoshli Luish Figuni tekinga «Inter»ga berib yuborgandi. 

Figu o'shanda Chempionlar ligasida eng yaxshi assistentlardan biri bo'lgandi. Peres Raul, Ronaldu va Xabi Alonso bilan ham oson xayrlashgandi – ularning barchasi Figu kabi 33 yoshida jamoadan ketdi. Kimlardir yoshroqligida ketgan (Makelele, Redondo, Robben, Sneyder), kimlardir ko'proq o'ynagan (Kannavaro), ammo Peres faxriy futbolchilarni ko'p ushlab turmasdi, faqat Zidan bundan mustasno.

Sentyabrda Modrich ham 33 yoshga to'ladi – Ronaldu ketgach, u jamoaning eng yoshi katta futbolchisi bo'lib turibdi. U jamoada qolsa, 2020 yilgacha amalda bo'lgan shartnomasi ko'p ehtimolki uzaytirilmaydi – jamoa uni ikki yildan keyin tekinga qo'yib yuborishiga to'g'ri keladi, bu esa Peresga xos emas – yomon biznes.

Lopetegi Modrichdan voz kechishni istamaydi. Ammo u Peresga qarshi bora olmasligi aniq. Modrich ketsa, maydonda Isko va Asensio uchun yangi hududlar ochiladi: biri Modrich o'rnida,  ikkinchisi qanotda harakat qiladi. Bu vaziyat ham yoshlar bilan ishlashga o'rgangan va jamoada yangi ish boshlagan murabbiy uchun yaxshi vaziyat.

Bu transfer aytishayotgani kabi kutilmagan transfer emas. Krishtianuning transferini eslang.

Modrich «Inter»da qayerda o'ynaydi

Hech bir italyan klubi Luka Modrichdan voz kechmagan bo'lardi. U to'p bilan ham, to'psiz harakatlanishda  ham benazir. Milanliklar jamoasida Luka Xorvatiya termasidagi do'stlari - Perishich, Brozovich va Vrsalko bilan birga to'p surishi, A Seriyaning eng kuchli murabbiylaridan biri bilan ishlashi mumkin.

Bu yozda Spalletti 4-2-3-1 va 3-4-2-1 sxemalarini sinab ko'rdi. Modrich istalgan sxemaga va istalgan pozitsiyaga moslasha oladi. U 3-4-2-1 sxemasida trekvartist bo'lishi va Perishichga sheriklik qilishi mumkin, 4-2-3-1 sxemasida hujumkor yarim himoyachi rolini bajarishi yoki dispetcherlik qilishi mumkin. Yoki 4-1-4-1 sxemasida (Xorvatiya shu sxemada o'ynaydi): Modrich va Nainggolan yaratuvchanlik uchun ham, hujumlarni qaytarish uchun ham javob beradi – orqada ularni Brozovich sug'urtalaydi.

Moliyviy feyr-pley bo'yicha muammo ham bo'lmaydi: Modrich arzon emas, ammo qimmat ham emas, Il Giornale nashri 60 million yevrolik transfer haqida yozmoqda, bu transfer amalga oshsa, «Inter» Joau Mariu va Vesinoni taxminan 50 million yevroga pullab, balansni to'g'rilashi mumkin.

Spalletti va Lopetegi nima demoqda?

«Inter» ustozi Luchano Spalletti Modrichning transferi amalga oshishiga ishora qilmoqda.

«Men va muxlislarimiz bu transfer amalga oshishini orzu qilmoqdamiz, – deya tan oldi Spalletti. – Klub bu masala ustida ish olib bormoqda. Bunday darajadagi futbolchi bizga juda kerak. Transferlar oynasi hali yana bir necha kun ochiq turadi, umid qilamanki, nimadir ro'y beradi. Agarda biz Lionel Messi bilan shartnoma imzolasak ham men xursand bo'lardim».

«Real»ning yangi bosh murabbiyi Xulen Lopetegi esa Modrich Madridni tark etmasligiga ishonch bildirmoqda. 

«Luka — ekstraordinar futbolchi, biz uni quchoq ochib kutib olamiz, – deya Lopetegining so'zlarini keltirgan Marca. – Men u bilan telefon orqali gaplashib, uni jahon chempionatidagi natija bilan tabrikladim. Ko'ramiz, u 15 avgust kuni Yevropa Superkubogi uchun o'yinda qatnasharmikin. Bu bizning yangi mavsumdagi ilk katta maqsadimiz. Luka — «Real» futbolchisi va shunday bo'lib qoladi».

Modrichda Peresga bosim o'tkaza oladigan agent bor

Uning ismi Vanya Bosnich. Luka Modrichning rafiqasi va agenti, uning bosh tanqidchisi va faoliyati dvigateli. Ular 2007 yilda tanishishgan, o'shanda Vanya Mamichning agentligida ishlagan, keyin kompaniyadan ketgan va futbolchining shaxsiy vakiliga aylangan. Aynan u Modrichni «Tottenhem»ga olib o'tgan: Luka Zagrebning «Dinamo» klubida ekanida rafiqasi oldinga harakatlanish zarurligini anglab yetgandi.

Aynan u futbolchini «Real»ga olib kelgan: «Tottenxem» Modrichni sotishdan bosh tortgandi. Uyatchan va yuvosh Luka kutilmaganda rahbariyat bilan ochiq jangga kirgan: mashg'ulotlarga bormagan, klub bilan AQShga uchmagan va Xorvatiyada yashirinib o'tirgan. Barchasi – rafiqasining tashabbusi bilan.

Gazzetta dello Sport nashrining yozishicha, aynan Vanya uning «Inter»ga transferini o'ylab topgan, uning o'zi milanliklarga qo'ng'iroq qilib, futbolchining xizmatlarini taklif etgan. U bu uslubni «Tottenhem» va «Real» bilan ham qo'llagandi: Modrichning transferi rafiqasining qarorlari. Ular barchasini birga boshdan kechirib kelishmoqda. U Ispaniyada turmush o'rtog'i bilan birga soliq qonunchiligidan aziyat chekdi, Xorvatiyada ham Mamich tufayli yuzaga kelgan muammolarni birga yengib o'tishgandi.

Baribir oxirgi so'z Peresda qolmoqda. Italiyada transferlar oynasi 18 avgust kuni yopiladi, 15 avgust kuni esa «Real» UYeFA Superkubogi uchun maydonga chiqadi – ko'ramiz Modrich o'sha o'yinda bo'ladimi, yo'qmi?

Яндекс.Метрика