У нас есть только
оригинальные песни

Muammoni kim hal etadi yoki piyodalar huquqlarining buzilishi nimalarga sabab bo‘lmoqda?

calendar 25.04.2018
935

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi ikki tarafi bir xilda chiroyli daraxtlar, maysazor va gullar bilan bezangan bo‘lib, har qanday kishining havasini keltiradi. Mazkur ko‘cha va uning ikki yuzidagi piyodalar yo‘laklarining asfalt qilinganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shu bois yo‘llar tekis va ravon. Biroq...

Faqat ushbu Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan 95- va 97-sonli ko‘p qavatli uylar yonidagi piyodalar yo‘lagi bundan mustasno. Sababi, bu uylar atrofdagilarga nisbatan biroz chuqurroq joylashgani bois katta yo‘l yuzidagi maysazorni sug‘orish va yog‘ingarchiliklar paytida, hattoki, katta yo‘lning narigi yuzidagi barcha suv ham shu uylarga qarab oqadi. Uylar atrofidagi ariqlar ham talab darajasida emas. Suv oqib ketishi kerak bo‘lgan ariq qayerdadir ko‘mib tashlangan bo‘lsa kerak. Shu boisdan suv umuman oqmay, ariqdan to‘lib-toshib uy atrofini suv bosib ketadi. Tashkil bo‘lgan ko‘lmaklar asfaltning vayron bo‘lishiga sabab bo‘lish bilan birga piyodalarning harakatlanishiga ham to‘sqinlik qilmoqda.

Eng achinarlisi, bu uylarda istiqomat qiluvchilarning ta’kidlashicha, birinchi qavatdagi xonadonlar pollari zaxdan shishib ketgan. Qattiqroq yomg‘ir yoqqan paytda mazkur uylar xuddi ko‘l markazida joylashgan orolchaga o‘xshab qoladi. Bunday sharoitda ko‘chaga chiqish ham, ko‘chadan uyga kirib olish ham mushkul. Qolaversa, bu holat uylarning zilzilabardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasmikan, degan xavotir ham yo‘q emas.

Achinarlisi shuki, 2017-yilda «Ipoteka-bank» filiali tomonidan mazkur uylarga xizmat ko‘rsatuvchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga kredit ajratilgan. Ushbu kredit olinishi jarayonida aholi, eng avvalo, mazkur muammoni hal etish sharti bilan rozilik bildirgan edi. Biroq, na shirkat ushbu muammoni hal etdi va na bank rahbariyati kreditning maqsadli ishlatilishini nazorat qildi.

Mazkur tumanning «Xirmontepa» (avvalgi Nikitina) ko‘chasining ikki chetida ham na piyodalar yo‘lagi va na ariq mavjud. Bu esa ushbu ko‘chada piyodalarning harakatlanishida jiddiy qiyinchiliklarni tug‘dirishi bilan birga yog‘ingarchilik mavsumida suvning oqib ketmay ko‘lmaklar hosil qilib, asfaltning nosoz holga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Nazarimda, avtomobil yo‘llarini ravon etishga e’tibor qaratish barobarida piyodalar yo‘laklarni ham unutmaslik kerak. Yoki bu yo‘laklarga qilingan mehnatning tez fursatda abgor holga kelib qolmasligi choralari ko‘rilishi zarur.

Avtomobillar o‘z yo‘lidan qoidaga muvofiq yurishlari zarurligi singari, piyodalar har doim o‘z yo‘lidan harakatlanishlari darkor. Bu – yo‘l qoidasi, ya’ni qonun talabi. Biroq, bu talabning bajarilishi uchun sharoit yaratilganmi? Eng achinarlisi, shahar ko‘rkini buzib turgan og‘zi ochiq quduqlarni, o‘ydim-chuqur, past-baland, kavlab tashlangan yo‘laklarni ko‘rib dilingiz ranjiydi. Qor-yomg‘irli kunlarda hosil bo‘lgan ko‘lmaklardan qochib, avtoulov yo‘liga chiqib ketgan piyodalarning haydovchilardan haqorat eshitgan hollariga ham ko‘p duch kelgansiz, yaxshi bilasiz. Bu gaplarni aytishimizga sabab, ayrim ko‘chalarda piyodalar yo‘laklari savdo, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, boshqa korxonalar va xattkoi xonadonlar tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

Xo‘sh, piyodalar huquqlarini kim himoyalaydi, ular uchun belgilangan yo‘laklarni qaysi tashkilot nazorat qiladi? Bu yo‘laklarning doimo soz holda bo‘lishi uchun qaysi idora mas’ul.... Bu savollarga kim javob berarkin?

Bizningcha, arzimagan muammodek tuyuladigan ushbu masalaga jiddiyroq e’tibor qaratilsa, ko‘plab noxushliklarning oldi olinadi. Yo‘lovchilarning manfaatlari bu xalqning manfaati demakdir. Ayniqsa, bu masala shundoq ham imkoniyati cheklangan, nogironlik aravachalirda yuradigan insonlarning, shuningdek, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlarning ham manfaatini anglatadi. Tobora chiroy ochib, go‘zal fusnu tarovatga ega bo‘lib borayotgan diyorimizga kelgan har bir mehmon bu yurtda barchaning manfaatlari birdek e’tiborda ekanini, eng avvalo, ana shu piyodalar yo‘laklarida ko‘radi.

Umid qilamizki, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi Mirzo Ulug‘bek va Xirmontepa ko‘chalaridagi qayd etilgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko‘radi va biz jarayonning davomi haqida yana axborot beramiz.

Abdumutallib O‘ktamov, jurnalist.

Яндекс.Метрика