У нас есть только
оригинальные песни

Muhammad payg‘ambar (s.a.v.)ni halokatdan saqlab qolgan g‘or qanday ataladi?

calendar 04.03.2018
1367

Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) bekingan g‘or Savr deb ataladi. Uch kun davomida Ollohning elchisi (s.a.v.) Abu Bakr (roziyallohu anhu) bilan birgalikda ushbu g‘orda makkalik butparastlardan yashiringan, deb yozadi “Islam-Today.ru”.

Savr tog‘i Makkadan 5 km janubroqda joylashgan. Tog‘da katta-kichik g‘orlar ko‘p. Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) yashiringan g‘or bir nechta o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan. Avvalo, u yashirinish uchun qulay bo‘lgan, chunki bir tomonda kirish, ikkinchi tomonda chiqish joylari bo‘lgan. Kirish ham chiqish ham g‘orning tubida joylashgan, shu sababli g‘orga engashib yoki emaklab kirish mumkin bo‘lgan.

Ikkinchi tomondan, Savr g‘origa bekinishning boshqa afzalliklari ham bo‘lgan. Tog‘ yonbag‘irlaridagi yaylovda Amir ibn Fuxayr o‘z qo‘ylarini o‘tlatgan, kechqurun esa qo‘y suti bilan Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) va Abu Bakr (roziyallohu anhu)ni mehmon qilgan.

Makkalik butparastlar Ollohning elchisini qatl qilmoqchi bo‘lgan tunda u Abu Bakr bilan birga Makkadan chiqib, Savr tog‘i tomon ketgan. Tog‘ga yetib kelgach, g‘orga birinchi bo‘lib Abu Bakr kirgan va zaharli hayvon yoki hasharotlar bor-yo‘qligini tekshirgan. U g‘ordagi barcha tuynuklarni ilon va zaharli hasharotlar kirmasligi uchun o‘z to‘nining parchalari bilan bekitib chiqqan, so‘ng payg‘ambar (s.a.v.)ni ichkariga taklif qilgan.

Mato yetmagani sababli ochiq qolib ketgan yagona tuynukni Abu Bakr tovoni bilan bekitgan. Ollohning elchisi (s.a.v.) uyquga ketgan vaqtda ilon kelib, Abu Bakrning tovonidan chaqqan. Payg‘ambar uyg‘ongach, yarani davolagan.

Ular g‘orda o‘tkazgan uch kun davomida Abu Bakrning o‘g‘li Abdulloh har kuni kelib, Makkadagi yangiliklardan xabardor qilib turgan, Amir ibn Fuxayr esa sut bilan siylagan. To‘rtinchi kuni ertalab Ollohning elchisi (s.a.v.) va Abu Bakr (roziyallohu anhu) Abdulloh ibn Uraykit hamrohligida tuyada Madinaga jo‘nab ketgan.
Яндекс.Метрика