У нас есть только
оригинальные песни

Muhammad Porso Buxoriyning yo‘qolgan xazinasi Parijdan topildi

calendar 07.05.2018
1458

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazida uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zA.

Yig‘ilishda Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi direktori Fransua Jozef Ruji, Eron va hind bo‘limi boshlig‘i Mariya Shuppe, xalqaro aloqalar bo‘limi mas’ul xodimi Diana Brami, olimlar Stefan Duduanyon va Jyulen Toreslar ishtirok etdi.

Qayd etish kerakki, 1939-yilda asos solingan Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi ilm-fan sohasida dunyoning eng yetakchi muassasalaridan biri hisoblanadi. Markazda faoliyat ko‘rsatgan 15 nafar olim jahonning eng nufuzli mukofoti – Nobel sovrindori bo‘lgan.

Fransiyalik hamkorlarga O‘zbekistonda islom ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma ajdodlarimiz merosini o‘rganish, dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan nodir asarlarini jamlash, kataloglashtirish va tarjima qilish yo‘nalishidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ushbu maqsadda tashkil etilgan O‘zbekistondagi yangi markazlar bilan xalqaro darajadagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Ta’kidlash kerakki, sharqshunoslik sohasida, qo‘lyozmalarni tadqiq etish borasida Fransiya ko‘p yillik boy tajribaga ega. Jan Pol Ru, Edgar Bloshe, Tyerri Zarkon, Bake Grammon, Maksim Rodinson, Lyusyen Keren kabi sharqshunos olimlarning ilmiy tadqiqotlari, kitob va maqolalari butun dunyoga  mashhur.

Fransua Jozef Ruji o‘zbekistonlik islomshunos va sharqshunos olimlar tomonidan Movarounnahr ulamolari va mutafakkirlarining ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha so‘nggi yillarda erishilgan natijalarning ahamiyatini alohida qayd etdi. “Fransiyada o‘zbek sharqshunoslarining ilmiy ishlari yuksak qadrlanadi. Biz hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz”, - deydi Fransua Jozef Ruji.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Bahouddin Naqshbandning eng yaqin shogirdi Muhammad Porso Buxoriy naqshbandiylik tariqatining ilmiy ta’limot sifatida shakllanishiga katta hissa qo‘shgan. Qadimgi Buxoroning Quyi dehqon mavzesida “Dorul fuqaho” deb nomlangan katta kutubxona faoliyat yuritgan bo‘lib, bu yerda Qur’on, hadis, fiqh va tasavvufga oid minglab nodir manbalar saqlangan. Kutubxonaga o‘z davrida Muhammad Porso Buxoriy rahbarlik qilgan. Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligining so‘nggi yillarida Porso kutubxonasidagi bebaho kitoblar talon-taroj qilingan. Bugungi kungacha ushbu noyob xazinaning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, dunyo qo‘lyozma fondlarida Porso kutubxonasining muhri bosilgan 144 ta manba aniqlangan. O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi davomida ushbu kitoblarning 6 tasi Fransiya milliy kutubxonasida saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Muzokaralarda o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning xalqaro darajadagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, yaqin yillarda Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorlikda Muhammad Porso Buxoriy kutubxonasida saqlangan va hozirda Toshkent, Buxoro, Sankt-Peterburg, Parij qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalar katalogi yaratilib, mashhur “Catalogorum” turkumida chop etiladi. Shuningdek, o‘zbek tadqiqotchilarining ilmiy ishlariga fransiyalik sharqshunos olimlar, fransiyaliklarga esa O‘zbekistonning taniqli islomshunos olimlari ilmiy rahbarlik qiladi.

Яндекс.Метрика