«Mustaqil davlat asoschisi, bosh me`mori». O'zbekistonliklardan Islom Karimovning mamlakat rivojidagi o'rni haqida so'raldi

O'zbekiston hukumat portalida Birinchi Prezident Islom Karimovning vafotiga bag'ishlangan maqola nashr etildi. Unda Islom Karimov faoliyati haqida «Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan o'tkazilgan so'rov natijalari keltirildi.

O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, o'z umrini elu yurt ravnaqiga bag'ishlagan Islom Karimov vafot etganiga sanoqli kunlardan so'ng bir yil to'ladi.

Birinchi Prezidentimiz mustaqil davlatimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o'zbek xalqining fidoyi, sadoqatli farzandi sifatida xotiramizda mangu yashaydi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o'rganish markazi tomonidan O'zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasi kuni arafasida o'tkazilgan so'rov bu insonning mustaqil davlatimiz rivojida tutgan o'rni haqida hamyurtlarimizning fikrlarini aniqlash imkonini berdi. Unda mamlakatimiz hududlarida yashovchi turli millatga mansub aholi barcha qatlami vakillaridan iborat 1100 kishi ishtirok etdi.

Mustaqil davlat asoschisi, bosh me`mori

O'tkazilgan so'rov shuni ko'rsatdiki, 25 yil davomida O'zbekiston Prezidenti bo'lgan Islom Abdug'aniyevich Karimovning vafoti haqidagi xabarni ko'p millatli xalqimiz chuqur qayg'u bilan qabul qildi. Binobarin, Birinchi Prezident mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun qadrdon va aziz kishiga aylangan edi.

Islom Karimov o'zining ko'p qirrali siyosiy faoliyati hamda olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko'p asrlik tarixida o'chmas iz qoldirdi. So'rovda o'zbekistonliklarning mutlaq ko'pchiligi — 98,8 foizi Birinchi Prezidentni mustaqil davlatimiz asoschisi deb hisoblaydi. Ular ta`kidlaganidek, Birinchi Prezident O'zbekiston xalqi uchun yangi davlatni barpo etishdek tarixiy qaror qabul qildi hamda milliy tiklanishning o'tish davridagi mas`uliyatni va mashaqqatni zimmasiga oldi.

Sobiq tuzumdan ajralib chiqqan boshqa davlat rahbarlaridan farqli o'laroq, Islom Karimov o'z xalqini qurbonlarsiz va «rangli» inqiloblarsiz milliy taraqqiyot yo'liga boshladi. 96,5 foiz respondent fikricha, Islom Abdug'aniyevich «Mamlakat hayotining barcha sohasidagi o'zgarishlarning bosh islohotchisi va g'oyaviy ilhomchisi» edi. Uning davlatimizni modernizatsiyalash bo'yicha g'oyalari, fikru qarashlari mamlakatni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy toptirish strategiyasining nazariy hamda amaliy asosi bo'ldi.

Shuningdek, mustaqillikka erishilgan paytdan boshlab O'zbekiston Islom Karimov rahbarligida Markaziy Osiyodagi asosiy davlat sifatida mustahkam qaror topdi, ham ichki siyosatda, ham xalqaro maydonda katta muvaffaqiyatlarga erishdi, o'zini mintaqadagi va umuman, jahondagi xavfsizlikning faol tarafdori sifatida namoyon qildi. Buni tadqiqotning 95,6 foiz ishtirokchisi qayd etgan.

Sobitqadam va bosqichma-bosqich

Mazkur so'rovda Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatining eng muhim davrlari xususida ham jamoatchilik fikri o'rganildi. Respondentlar Islom Karimovning yo'lboshchilik hamda insoniylik fazilatlari 1989–1991 yillarda yaqqol namoyon bo'lganini ta`kidlagan. Ma`lumki, bu davrda O'zbekiston chuqur ijtimoiy-iqtisodiy muammolar girdobida qolgan edi.

O'tgan asrning 80-yillari oxirlarida sobiq Ittifoqda tanazzul jarayoni tezlashdi, ko'p yillar davomida hal qilinmagan muammolar xalqning sabr kosasini to'ldirdi va bu ijtimoiy larzalarga hamda milliy adovatga olib keldi. Ana shunday murakkab davrda Islom Karimov fuqarolarda ijtimoiy adolat va kelajakka ishonchni qayta tiklay oldi, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning haqiqiy mohiyatini, ildizini ochib berib, millatlararo munosabatlarni barqarorlashtirdi, O'zbekistonda tinchlik hamda osoyishtalikni ta`minladi.

So'rov ishtirokchilari 1992–2000 yillarni O'zbekiston davlatchiligining shakllanishi va mustahkamlanishi bilan bog'liq tarixiy davr, deb hisoblaydi. Birinchi Prezidentning bevosita rahbarligida demokratik talablarga hamda xalqaro mezonlarga to'la javob beradigan Konstitutsiyamiz ishlab chiqildi.

Fuqarolar fikricha, 2001–2010 yillarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini shakllantirish, 2010–2016 yillarda iqtisodiyotni modernizatsiyalash hamda mamlakatni rivojlantirishning yangi bosqichida Birinchi Prezident shaxsining roli va ta`siri muhim bo'ldi.

Bosqichma-bosqich hamda keng ko'lamli islohotlar natijasida xalqning turmushi yaxshilandi, sog'liqni saqlash, ta`lim va sport sohalarida yuksak muvaffaqiyatlarga erishildi, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo'jaligi tarmoqlari rivojlandi, xalqaro maydonda O'zbekistonning obro'si oshdi.

Ezgu g'oyalarning hayotbaxsh samarasi

Ijtimoiy so'rovda «Zamonamizning buyuk davlat arbobi Islom Abdug'aniyevich Karimov tomonidan ilgari surilgan qaysi fikrlar, g'oyalar hamda tashabbuslar, O'zbekistonni yangilash, rivojlantirish va gullab-yashnatishga qaratilgan qaysi siyosiy qarorlar, sizning fikringizcha, eng muhim hisoblanadi?» degan savolga mutlaq ko'pchilik, ya`ni 93,4 foiz ishtirokchi taraqqiyotning «O'zbek modeli» deb javob berdi. Ushbu model erkin, adolatli, demokratik davlat barpo etishga yordam beruvchi, aholini ijtimoiy himoya qilishni ta`minlovchi bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o'tishni nazarda tutadi.

92,8 foiz respondent shunga qat`iy ishonch bildirdiki, milliy-ma`naviy qadriyatlarimizning qayta tiklanishi Birinchi Prezidentimizning asosiy xizmatlaridan biridir. O'zbekistonliklar xalqimizning tarixiy hamda madaniy merosiga, o'zbek tilining nufuzini oshirishga, shuningdek, yurtimizda yashovchi turli millat vakillariga o'z milliy madaniyatlarini rivojlantirishi uchun teng sharoit yaratishga alohida e`tibor qaratgani uchun Islom Karimovdan minnatdor.

Respondentlarning 91,2 foizi esa sud-huquq tizimini isloh qilish, uni inson huquqlarini samarali muhofaza etishning asosiy kafolatiga aylantirish sohasidagi islohotlarni g'oyat muhim ahamiyatga molik, deb hisoblaydilar.

So'rov jarayonida qatnashchilarning 84,5 foizi Islom Karimov tashabbusi bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash yo'lidagi amaliy ishlarni yuqori baholadi.

Tadqiqotda ishtirok etgan 89,8 foiz fuqaroning fikricha, Birinchi Prezident hokimiyat tarmoqlarining bo'linishi haqidagi konstitutsiyaviy qoidani amalga oshirish, ular o'rtasida o'zaro muvozanat hamda tiyib turishning samarali tizimini yaratish, markazda va mintaqalarda qonunchilik hamda vakillik organlarining rolini kuchaytirish uchun barcha zarur choralarni ko'rdi.

78,9 foiz respondent Islom Karimovning yosh avlod salomatligi haqida g'amxo'rlik qilish, sog'lom turmush tarzini targ'ib etish va bolalar sportini rivojlantirish sohalariga birinchi darajali vazifa sifatida yondashganiga urg'u bergan.

Uzoqni ko'zlab olib borilgan tashqi siyosat

So'rovda 98,7 foiz hamyurtimiz Birinchi Prezident rahbarligida O'zbekiston har tomonlama vazmin, milliy manfaatlarga asoslangan tashqi siyosat olib borganligini qayd etdi. Ko'pchilik — 97,6 foiz respondentning ishonch bildirishicha, «Boshqa davlatlarga nisbatan munosabatlarda kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid solmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo'l bilan hal qilish hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik» qoidalariga qat`iy rioya etish tashqi siyosat sohasida Islom Karimovning bosh yutug'i bo'ldi.

Birinchi Prezidentimizning Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish g'oyasi, o'zbekistonliklarning fikricha, tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash ishiga qo'shgan ulkan hissasidir.

92,5 foiz ishtirokchi mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a`zo bo'lishi hamda ushbu ta`sirchan, nufuzli xalqaro tashkilot doirasida mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, ekologik muammolarni hal qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, fan, madaniyat hamda ta`limni rivojlantirish masalalari bo'yicha keng miqyosli hamkorlikni Birinchi Prezidentning tashqi siyosiy faoliyatidagi muvaffaqiyatlardan biri sifatida ko'rsatdi.

Islom Abdug'aniyevich jahon hamjamiyatini xalqaro terrorizm xavfi haqida ogohlantirgan, dunyo mamlakatlarining, yirik xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning kuch hamda sa`y-harakatlarini terrorizmga, separatizm, diniy ekstremizmga qarshi birlashtirishga da`vat etgan ilk siyosatchilarning biri sanaladi. Aynan Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2004 yilning yanvaridan e`tiboran Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qo'mitasi o'z faoliyatini boshlagan.

Yangi iqtisodiy sharoitda

Mustaqillik yillarida Islom Karimovning rahbarligi ostida O'zbekiston iqtisodiyoti qariyb olti marta o'sdi. Unda sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizgacha ko'paydi. Keyingi o'n yildan ortiq vaqt davomida yalpi ichki mahsulotning o'sish sur`atlari barqaror saqlanib qolindi. Quvonarlisi, O'zbekiston iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoriga kirdi.

Investitsiyaviy siyosat, sanoatning yangi yuqori texnologik tarmoqlari, jumladan, neft-kimyo, kimyo, avtomobilsozlik, qishloq xo'jaligi va temir yo'l mashinasozligi, farmatsevtika, to'qimachilik jadal rivojlanmoqda.

Islom Abdug'aniyevichning chuqur o'ylangan hamda vazmin siyosati tufayli mamlakatda jahon mezonlari bo'yicha noyob inshootlar qurildi. Ustyurt va Sho'rtan gaz-kimyo majmualari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Qo'ng'irot soda zavodi, Dehqonobod kaliyli o'g'itlar zavodi, avtomobil zavodlari shular jumlasidandir.

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida O'zbekistonda zamonaviy yo'l-transport hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi barpo etildi. Xususan, Qamchiq dovoni orqali noyob tunnelga ega bo'lgan Angren-Pop temir yo'l liniyasi qurildi. Temir yo'llarda yuqori tezlikdagi qatnov yo'lga qo'yildi, xalqaro ayeroportlar modernizatsiya qilindi.

Shu bilan birga, yurtimizda xususiy mulkni, tadbirkorlik va kichik biznesni ravnaq toptirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. O'zbekistonda yangi ijtimoiy qatlam — tadbirkorlar sinfi paydo bo'ldi.

Jamoatchilik fikri so'rovi davomida o'zbekistonliklar Islom Abdug'aniyevich Karimovning rahbarligi ostida shaharu qishloqlarimizda, poytaxtimizda ro'yobga chiqarilgan bunyodkorlik ishlarini alohida ta`kidladilar.

Yorqin xotirasi hamisha yodimizda

Darhaqiqat, Islom Karimov o'zining butun hayotini to so'nggi kunlarigacha O'zbekistonga xizmat qilishga bag'ishladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 25 yanvardagi «O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug'aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to'g'risida»gi qaroriga ko'ra, mamlakatimizda har yili 2 sentabr — O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti xotirasi kuni sifatida belgilandi. Bu qaror ona Vatanimiz mustaqilligi, elu yurtimiz ravnaqi yo'lidagi buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olgan holda, Birinchi Prezidentimiz, O'zbekiston Qahramoni Islom Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadini nazarda tutadi.

Binobarin, ijtimoiy so'rov qatnashchilarining yakdillik bilan qayd etishicha, Birinchi Prezidentimiz avlodlar xotirasida O'zbekistonni faol rivojlanayotgan zamonaviy davlatga aylantirgan, salohiyatli va donishmand rahbar, o'z mamlakatining, o'z vatandoshlarining manfaatlarini butun qalbi, butun borlig'i bilan himoya qilgan inson hamda siyosatchi sifatida muhrlanib qoladi.


Комментарии (0) | Добавить: 31.08.2017
Faqat ro'yhatdan o'tgan foydalanuvchilar izoh qoldirishi mumkin. Marhamat ro'yhatdan o'ting!
[ Регистрация | Kirish ]
MP3 va KLIP Izlash

«Новости»

Samsung, Apple va Huawei: kim o‘z smartfonlariga eng ko‘p ustama narx qo‘yadi?
Odam boshini ko‘chirib o‘tkazgan jarrohni yolg‘on gapirganlikda ayblashdi
Och qoringa qahva ichishning zararlari aniqlandi
«O'zbekenergo» AJ qish mavsumida aholiga energiya yetkazib berishni qanday rejalashtirmoqda?
Anhor bo‘yi va Chilonzorda daraxtlar yoppasiga kesib tashlanmoqda
Xitoyda “mo'`jizaviy qurol” namoyish qilindi
Shavkat Mirziyoyev Koreyada kutib olindi
O'zbekistonda mudofaaga oid yangi davlat qo'mitasi tashkil etildi
Toshkentda dam olish kunlari qor yog'ishi mumkin
Rossiya aholisi kamaymoqda: hamma umid muhojirlardan
Eng ko'p haq oluvchi ayol qo'shiqchi ma`lum qilindi
Putin Asad bilan uchrashdi
Toshkentdan chiqish yo'llari to'silgan: Xavfli shaxs qidirilmoqda
Suhbat. Filippindagi o'zbekistonlik menejyerning muvaffaqiyat siri
Muvaffaqiyatli rahbarlar ish kunini qanday o'tkazishadi?
Jyeyms Bond rolini yangi filmda kim ijro etishi ma`lum bo'ldi
Xalqaro Jinoyat Sudi Amerika razvedkasining Afg'onistondagi qora qilmishlarini fosh etadi
1 dekabrdan ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshadi
Facebook YouTube’ni «sindirmoqchi»
Paxtaga chiqmagani uchun ishdan haydalgan xodimlar ishga tiklandi
Rossiya O'zbekistonga neft yetkazib berishni boshladi
AQSh olimlari idish yuvish umrni uzaytirishini isbotlashdi?
Umrni uzaytirishning oddiy usuli aniqlandi
Qon guruhi havoning ifloslanishi tufayli infarkt kelib chiqish xavfiga ta’sir ko‘rsatadi
Elektr ta’minoti korxonasi vakilini onlayn ariza yordamida chaqirish imkoniyati yaratildi
«Real» Zidanga o'rinbosar qidirishni boshladi
Atamboyev endi nima qilishini aytdi
Qirolicha Yelizaveta II va shahzoda Filipp platina to'yini nishonlamoqda
Markaziy Osiyodagi eng qadimiy yozuv Qoraqalpog'istondan topilgan
Ravshan Ermatov JCh-2018 ishlashi mumkin bo'lgan hakamlar ro'yxatiga kiritildi