У нас есть только
оригинальные песни

Mutaxassis GM’ning Yangi yil arafasida mashinalar narxlarini 30 foizga oshirishini qonunchilik nuqtai nazaridan tahlil qildi

calendar 04.01.2016
2730

Yurist, soha eksperti Timur Abdulazizov GM Uzbekistan kompaniyasining “Yangi yil sovg'asi”, ya'ni mashinalar narxlarini bir-yo'la 30 foizga oshirishini hamda bu bilan bog'liq ravishda yuzaga kelgan muammolarni qonunchilik nuqtai nazaridan tahlil qilib chiqdi.

“Biror-bir kompaniya GM Uzbekistan kompaniyasi 2015 yilning 10 dekabr kuni uddalaganichalik Yangi yil bilan barchani lo'nda, samimiy va mehribonlik bilan tabriklay olmagan bo'lsa kerak, - deb kinoya qiladi ekspert. – Gazeta va jurnallar sarlavhalari qanday turdagi tabriklar va tilaklarga to'lgan bo'lsa ham, har qanday so'zlardan o'tkir amallar odamlarni “ijobiy” to'lqinlarga burkadi. Gap faqat narxning oshishida emas, bu ish qay darajada palapartish qilinganidadir”.

Uning ta'kidlashicha, ayniqsa mashina xaridi bo'yicha shartnoma imzolab, to'lovning bir qismini amalga oshirib bo'lgan iste'molchilar bunday harakatlardan keskin norozi bo'lishgan. Negaki, shartnomada avtomobilning chakana narxlari o'zgargan taqdirda ustama pul to'lanishi haqidagi band kiritilgan.

“Balki bu u qadar fojiali bo'lmas edi, agar dastlabki va yangi narxlar o'rtasidagi farq qariyb 30 foizni tashkil qilmaganida, bu esa bozor sektori tomonidan prognozlangan 2015 yildagi inflyatsiya darajasi – 9.5 foizga hamda inflyatsion prognozlar tepasi 6.5 foizni tashkil qiladigan tasdiqlangan davlat byudjetiga mos kelmaydi”, - so'zida davom etdi mutaxassis.

Uning ta'kidlashicha, mahalliylashtirish darajasi 50 foizni tashkil etgani bois import xom ashyo va butlovchi qismlarga ketadigan xarajatlar hisoblanishi lozim, ammo ularning narxi chet elda 2015 yilda 20.5 foizdan 23.5 foizga ko'tarilishi “juda shubhali”.

Mashinalarning etkazib berilish muddatlari ham ekspert tomonidan, narxdagi o'sish singari, ko'p savollarni keltirib chiqardi. Agarda etkazib berish muddatlari bir-ikki oydan o'tmasa, mamlakat bo'ylab ko'plab xaridorlar tushib qolgan murakkab vaziyat kuzatilmagan bo'lardi. Ammo ayni paytda eng talabchan modellar (Spark, Nexia, Damas, Lacceti, Matiz) shartnoma asosida yarim yil, bir yil va undan ortiq muddatda etkazib beriladi, bu esa xaridorning inflyatsion va xom ashyo chiqimlarini o'tashga amalda mahkum qilib qo'yadi.

Diqqatga sazovor tomoni, GM-Uzbekistan’ning ishlab chiqarish quvvati yiliga 250 ming avtomobil etkazib berishga mo'ljallangan. 2014 yilda 245.6 ming mashina ishlab chiqarilgan. Joriy yilda rebrending va Rossiya bozori ko'rsatkichlarining tushib ketishi munosabati bilan ishlab chiqarish 6.5 foizga tushib, 229 636 donani tashkil etdi. Eksportga, o'tgan yildagi kabi, 55.2 ming avto chiqarildi, ichki bozorga esa 174 436 dona avtomobil kiritildi. O'zbekiston bo'yicha bor-yo'g'i 63ta avtosalon ishlaydi. Avtomashinalarning yillik ishlab chiqarilishini 63 avtosalonga teng bo'lib chiqsa, har bir muassasaga oyiga 230 dona (174 436 / 12 / 63 = 230.7), yiliga esa 2 768 dona ulov etkaziladi. Faqatgina Toshkent viloyatiga yiliga 922 mashina (230.7×4=922.8), poytaxtga esa qariyb 3 ming dona mashina kelib tushadi (230.7×13=2999.1). Shu bilan birga, avtosalonlarga mashinalar proportsional tarzda etkazib berilmay, aholi soni inobatga olingan holda taqsimlanadi.

Ammo, ishlab chiqarish hajmining bu darajada katta bo'lishiga qaramay, ular puli oldindan to'langan avtomobillarning etkazilish muddati qisqarishiga ijobiy ta'sir o'tkazmaydi. Buning sabablari, ekspertning fikricha, sun'iy ravishda kamomad hosil qilishda yoxud ishlab chiqaruvchida ishlab chiqarishni boshlash uchun zaruriy mablag'ning yo'qligida bo'lishi mumkin.

Umuman olganda, avtomobilni chakana sotishda uni ishlab chiqarish uchun oldindan haq to'lash bilan bog'liq muammo kelib chiqmasligi lozim, negaki bu chakana savdo to'g'risidagi qonunchilikka muvofiq kelmaydi. Chakana savdo qoidalarining IX bo'limiga muvofiq, avtomobil oldi-sotdisi shartnomasi chakana savdosi ob'ekti hisoblanadi. Bunda tovarni to'lov evaziga tayyorlab berish emas, mavjud tovarni savdo ob'ekti orqali realizatsiya qilish tushuniladi. Aks holda bu chakana savdo shartnomasi emas, etkazib berish shartnomasi deb topiladi.

Ya'ni, avtomobilni xarid qilish uning ishlab chiqarilishini kutish bilan bog'liq bo'lmasligi lozim, chakana savdo avtomobilni savdo maydoni yoki savdo zalidan darhol yoki 7 kun ichida xaridorga topshirilishini ko'zda tutadi. “Biz televizor qachon zavodda terilar ekan, deb kutmaymizku, aksincha, uni vitrinadan olib ketamiz. Xuddi shunday tartib avtomobillar uchun ham Chakana savdo qoidalarining IX bo'limida reglamentatsiya qilingan. Bu xulosa O'zR Fuqarolik kodeksining 427-moddasi bilan tasdiqlanadi, unda yozilishicha esa, “xaridor chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilishi oldidan tovar ko'rib chiqishi, uning ishtirokida xususiyatlari tekshiruvining yoki tovardan foydalanish namoyishining o'tkazilishini talab qilish huquqiga ega, agarda bu tovarning xususiyatlari yuzasidan istisno qilinmagan bo'lsa va bu chakana savdoda ta'sis qilingan qoidalarga zid kelmasa”, - xulosa qiladi Abdulazizov.

Ammo amalda standrt shakldagi “GM-Uzbekistan avtomobilining buyurtma asosida oldi-sotdi qilish shartnomasi” holatlariga mos kelmaydi. Chakana savdo qoidalarining 17-punktiga ko'ra, joriy buyurtma joylashtirish bo'yicha xizmat ko'rsatishni nazarda tutadi, bu esa buyurtma shartnomasining 85 foizlik to'lov bilan amalga oshirilishini ko'zda tutmaydi, chunki chakana savdo buyurtma qilingan tovarning shartnoma imzolanayotgan paytda sotuvchida bo'lishini ko'zda tutadi.

Foydalanuvchilarning eng keskin noroziliklariga sabab bo'layotgan asosiy holat shartnomada chakana narxlar o'zgargan taqdirda ustiga to'lov qilinishi lozimligini ko'zda tutilishidir. Bu borada foydalanuvchilar bildirayotgan noroziliklarga javoban sotuvchilar mazkur holat shartnomada ko'zda tutilganini iddao qiladi, go'yoki xaridorlar bu shartnoma shartlariga o'zlari rozi bo'lib, uni imzolashgan. Ammo, Abdulazizovning fikricha, bu iddaolarga qo'shilib bo'lmaydi, zero “bir faktni rad qilib bo'lmaydi – agarda xaridorlar shartnomaning hatto bitta verguliga qo'shilmasa, bittagina so'ziga shubha bilan qarashga jur'at etsa, mashina oldi-sotdisi shartnomasini ular hech qachon ololmas edi”. Negaki avtosalonlar, yangi mahalliy mashinalarning yagona sotuvchilari sifatida, xaridorlarning bunday “g'udranishi”ni shunchaki eshitmaganga olishi mumkin. Shunga qaramay, qonunchilik nuqtai nazaridan foydalanuvchilarning huquqlarini buzuvchi bunday asoratli shartnomalar qonuniy kuchga ega bo'lmaydi.

“Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi O'zR qonunining 21-moddasi shartlariga ko'ra, “Iste'molchilar huquqlarini buzuvchi va qonunchilikka zid keluvchi shartnoma shartlari qonuniy kuchga ega bo'lmaydi. Agar ularning qo'llanilishi natijasida iste'molchilarga zarar etkazilsa, zarar tayyorlovchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan qoplanishi ko'zda tutiladi”. Shu bois sotuvchilarning shartnomada ko'zda tutilgan ustama to'lovlarni qoplashi haqidagi bandga xaridor amal qilishi lozimligi haqidagi iddaolari, ekspertning fikricha, o'ta bahsli masaladir.

“Shuni qayd qilish muhimki, standart oldi-sotdi shartnomalaridagi “chakana narxlar o'zgargan taqdirda ustama to'lovni amalga oshirish” shartining majburiyligi masalasi shartnoma huquqi talablari rakursida ham jiddiy shubha uyg'otadi, - deb ta'kidlaydi Abdulazizov. – Ma'lumki, O'zR Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq, shartnoma shartlarining o'zgartirilishi tomonlarning kelishuvi asosidagina amalga oshirilishi mumkin, agarda boshqachasi mazkur kodeks, boshqa qonunlar yoki shartnomada ko'zda tutilmagan bo'lsa. Shartnomani qisman yoki to'liq bajarishdan bir tomonlama bosh tortilgan taqdirda, agarda bunday bosh tortish qonun yoki tomonlarning kelishuvida ko'zda tutilgan bo'lsa, bunday shartnoma bekor qilingan yoki o'zgartirilgan deb hisoblanadi. Ya'ni, shartnoma shartlarida sotuvchi bir tomonlama tartibda, xaridorning roziligisiz narxni o'zgartirib, unga bu borada xabarnoma jo'natish huquqiga ega ekanligi tilga olinishi lozim, va bu xabarnoma shartnoma shartlarini o'zgartirish uchun asos bo'lib xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, bitta tomonning – sotuvchining niyati boshqa tomon – xaridorning fikridan mustaqil ekanligi shartnomada mustahkamlab qo'yilishi lozim. Lekin avtomobil uchun shartnomalarda qo'llaniladigan shakllarda narxni bir tomonlama o'zgartirish shartlari shunaqa ifodalanganmikin? Unchalik emas. Avtomashinalar oldi-sotdisi bo'yicha tuziladigan standrt shartnomalar shartlariga qarasak, shu ko'rinadiki, shartnomaning 2-moddasida narxning oshirilishi va xaridor tomonidan etishmayotgan pul to'lab berilishi ko'zda tutilganiga qaramay, shu shartnomaning 8-moddasida aytilishicha, “Mazkur Shartnomaga kiritiladigan barcha o'zgartish va qo'shimchalar ular yozma tarzda rasmiylashtirilgan va Tomonlarning vakolatli vakillari tomonidan imzolangan taqdirdagina kuchga kiradi”. Bu degani esa shartnoma narxi bir tomonlama o'zgartirilishi va buning xaridor tomonidan majburiy bajarilishi lozim degani emas, balki O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga muvofiq, avtomobil narxlarining oshirilishi uchun xaridorning roziligi kerakligini, bu shartnomaga qo'shimcha kelishuv shaklida yozma rasmiylashtirilishi lozimiligini anglatadi”.

“Yakuniy xulosa juda oddiy, - xulosa qiladi mutaxassis. – “Tuzilgan shartnoma asosida narx oshishi uchun qo'shimcha pul to'lashni istamasangiz, shartnoma summasining o'zgargani va unga qo'shimcha pul to'lanishi haqidagi qo'shimcha kelishuvni imzolamang”. Bu narx borasidagi kelishuvning original shartlarini saqlab qolish uchun juda salmoqli argument bo'ladi, negaki narxlar qo'shimcha kelishuvsiz o'zgartilishi mumkin emas”.

Яндекс.Метрика