Mutaxassislar 31 oktyabr kuni Misrning Sinay yarimoroli hududida falokatga uchragan Rossiya yo'lovchi samolyotining "qora quti”larini o'rganishmoqda. Bu haqda Misr fuqaro aviatsiyasi vaziri Muhammad Rahmaga asoslanib, Blumberg agentligi ma'lum qilgan.
Qayd etilishicha, qora qutilar Misr fuqaro aviatsiyasi tarkibidagi aviafalokatlar bo'yicha qo'mita ixtiyoriga etkazilgan.
Eslatib o'tamiz, 31 oktyabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo'nalishi bo'yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko'tarilgandan 23 daqiqa o'tib radarlar ekranidan yo'qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo'lovchi va etti nafar ekipaj a'zosi bo'lgan.
Avvalroq Misrda halokatga uchragan samolyotning barcha yozishmalari Rossiyaning o'zida tekshirilishi to'g'risida ma'lum qilingan edi.
Keyinchalik tekshiruv Misrda o'tkazilishi, unda Rosaviatsiya xodimlari ham ishtirok etishi xabar qilindi.