У нас есть только
оригинальные песни

Neymarning o'rnini bilintirmayotgan futbolchi

calendar 21.01.2018
1465

Argentinalik va braziliyalik futbolchilarning bir jamoada ahil bo'lib o'ynay olmasliklari haqidagi afsonalardanda ahmoqona fikrlar bo'lmasa kerak. Maradonaning o'z vaqtida Kareka-yu Alemao bilan ajoyib uchlik hosil qilganini unutdik deb tasavvur qilaturaylik, «Barselona»dagi Alvesh va Messi bog'lami bunday iddaolarni besh yil davomida chilparchin qilgandi. Ikki mavsumda Alvesh-Messi juftligi birgalikda yaratish bo'yicha Ligada peshqadamlik qilgandi. 

Maydondagi bunday samarali bog'lamning siri o'zaro do'stlik ostida edi. Yigitlar o'yinlardan oldin ham birgalikda chigalyozdi qilishar, to'pni yerga tushirmasdan 40 metr masofaga bir-birlariga oshirishardi. Alvesh Barselonani tark etganda, endi jamoa hech qachon bunday futbolchi topa olmasligini Messi aytganida naqadar haq bo'lganini keyingi mavsumlar ko'rsatib berdi. Alveshsiz o'tgan ikki yilda «Barselona» o'ng qanotga uch futbolchini sinab ko'rishga ulgurdi — Serxi Roberto, Vidal va Semedu — ammo ularning hech qaysisi Alveshning o'rnini to'laqonli bosa olmadi. 

«Men doim Alvesh bilan yonma-yon edim — yechinish xonasida ham, mashg'ulotlarda ham, maydonda ham. Biz uzoq yillar bir qanotda to'p surdik va bir-birimizni juda yaxshi tushunardik», — deb sog'inib eslaydi Leo.  

Bu bog'lam hatto Pep Gvardiolani o'z sxemasini o'zgartirishga majbur qila olgandi — 4-3-3 ni yoqtirgan Pep Alveshning hujumga chiqib ketaverishini inobatga olib, ko'proq 3-3-4 ga o'zgatirgandi — bu sxemada Alvesh deyarli 3 hujumchi bilan bir chiziqda to'p surgandi. 

«Kamp Nou»dagi o'yinlardan birini stadionda tomosha qilgan mashhur ingliz futbol tahlilchisi Maykl Koksning so'zlariga e`tibor bering: «Faqat stadionda turib Alveshning bu rolga naqadar mos ekanini ko'rish mumkin. Uning aqlbovar qilmas energiyasi butun qanotni yopish imkonini beradi va u juda yuqori tempda Messiga golli uzatmalarni amalga oshirishga ham ulguradi».

Aynan braziliyalik futbolchi Messiga eng ko'p golli uzatma amalga oshirgani bilan tarixga kirib ulgurgan. Hali hech kim unga yetib ololmasa kerak. 

Messi — Alveshni faqat iqtidor emas, futbolni bir xil tushunish ham bu darajada yuqoriga ko'tarib turardi. Messi faoliyatining dastlabki yillarida qanotdan jarima maydoniga kirib borishni xush ko'rardi, o'sha paytlarda Alvesh muvozanatni saqlash uchun markazni yopar, keyinchalik, Messi ko'proq markazga o'tib o'ynay boshlaganda, Alvesh qanotda faollashdi.

Yangi «Barselona»da Neymarning ishini bajaradigan alohida futbolchi yo'q, shunchaki boshqa futbolchilarning roli o'zgardi. Chap qanotga yaqin joylashadigan Inesta yoki Gomesh davomli tarzda markazga o'tib u yerni zichlashtirishadi va Albaga qanotlarda bo'sh zonalar hosil qilishadi. Jamoa to'psiz qolganda esa, bu futbolchilar tezlik bilan chap qanotni to'ldirishga harakat qiladilar — bu ham Albaning yanada bemalolroq harakatlanishi uchun sharoit tug'diradi.

Messi ampluasining o'zgarishi Albaning hujumdagi ustunliklarini yanada oshirdi. Valverde qo'l ostida Messi yanada ko'proq markazdan hujum boshlamoqda, bu esa, raqib himoyasidagi katta kuchning markazga yo'nalishiga, o'z-o'zidan Alba to'p suradigan chap qanotda bo'shliqlar paydo bo'lishiga zamin yaratmoqda. Messining orqaroqdan hujum qilishi muvozanatni ham buzmaydi, Paulino bu vaziyatlarda hujumchiga aylanadi. Paulinoning jarima maydoniga kirib borishi raqibni yanada chalg'itadi, Messining to'p bilan harakatda davom etishiga sharoit yaratiladi, Messi esa, to'pni qanotdan ochilgan Albaga yetkazib beradi. 

«Messidek futbolchi jamoamizda bo'lishi biz uchun baxt. Biz doim nigohlarimiz bilan bir-birimizni qidiramiz, bugun esa, bunday ish ikki marta sodir bo'ldi. Umid qilamanki, bizning o'zaro bog'lamimiz yanada rivojlanib boradi», - dedi «Selta» bilan o'yindan so'ng Jordi Alba.

O'sha o'yinda Alba ikki marotaba Messiga golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, aynan Messining zargarona to'p oshirishidan so'ng, o'zi ham gol urdi.

Agar Jordining umidi ro'yobga chiqsa, biz Alvesh-Messi juftligining yangicha talqinini kuzatishimiz mumkin bo'ladi. 2010/11 yilgi mavsumida Alvesh La Liganing o'zida Messiga 7 assistni amalga oshirgandi. Jordi Alba hozirdanoq bu natijani takrorladi, faqat barcha musobaqalarni ham qo'shgan holda. Ammo bu bilan Alba o'z rekordini urdi, avvalgi 5 mavsumda u Messiga faqat 5 marotaba assist amalga oshirgandi xolos.

Яндекс.Метрика