У нас есть только
оригинальные песни

O'qituvchi bir kunda 6 soatdan ziyod ishlashi mumkin emas

calendar 22.05.2017
1687

“O'zim o'qituvchiman, Toshkent shahridagi maktabda ishlayman. Oxirgi vaqtlarda biz o'qituvchilarga qo'yilgan qog'ozbozlik talablaridan qochib ketgimiz keladi. Lekin na iloj bolalarni boqishimiz, ro'zg'or tebratishimiz kerak. 

Shu qog'ozlardan qochib, oliygohlarni tugatgan yoshlar maktabga ishga kelmaydi, boshqa joydan ish qidiradi. Darsga puxta tayyorlanishga, o'z ustimizda ishlashga vaqt qolmaydi. Yana bir og'riqli muammo - bu darsdan keyingi to'garaklar. Soat 2-3 gacha bolalar qolgisi kelmaydi, chunki ular och qolishadi. Keyin har xil sport maktablarida mashg'ulotlari bo'ladi, ingliz tili va boshqa to'garaklar ham bor. Maktabga tekshiruvchilar kelganda, birinchi o'rinda, o'sha to'garaklar ishi tekshiriladi. Bo'sh o'zlashtiruvchilar, iktidorlilar bilan ishlash-ku mayli, lekin fan to'garaklarida har xil buyumlarni yasashni biz o'rgatishimiz kerak-mi?! Biz mehnat ustozlari emasmiz-ku?!

To'g'ri, hozirgi yoshlar bo'sh qolmasligi kerak, band bo'lishi zarur, lekin har bitta ota-ona bolasini o'ylab, maktabdan tashqari har-xil to'garaklarga beradi-ku! O'sha mashg'ulotlarni (bo'sh o'zlashtiruvchilar bilan ishlash va hokazo) soat 2 da tugashi kerak, deb o'ylayman. Shunda o'quvchi ham charchamaydi va yana kelishni xohlaydi”.

Murojaat egasi ismini sir saqlanishini so'rab qolgan. Masala yuzasidan Xalq ta`lim vazirligiga yuzlanganimizda vazirlikning Ta`lim muassasalarida o'quv tarbiya jarayonini rivojlantirish Bosh boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Abdurahim Nosirov quyidagi tartibda javob qaytardi:

“Xalq ta`limi vazirligi pedagoglarni turli qog'ozbozlikdan xalos etish va ularni asosiy ishi – ko'proq o'quvchilar bilan ishlashga imkoniyat yaratib berish maqsadida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, o'qituvchilarning namunaviy yillik ish rejasi qayta ko'rib chiqilib, takomillashtirildi. Masalan,  umumta`lim maktabi o'qituvchilarining namunaviy yillik ish rejasi 2011-2012 o'quv yiliga qadar 5 ta yo'nalish 33 ta ish turidan iborat bo'lgan bo'lsa, yangi tahrirdagi namunaviy yillik ish rejasida  o'qituvchilarning asosiy faoliyati dars, darsga tayyorgarlik ko'rish va sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlariga qaratilib, 3 ta yo'nalish 10 ta ish turidan iborat etib belgilandi. 

Qolaversa, Xalq ta`limi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2010 yil 27 maydagi  125- va 125q/b -sonli qo'shma  buyruqlariga asosan o'qituvchi tomonidan yuritilgan 18 ta turli daftarlar qisqartirilib, ularning soni 6 taga tushirildi. Bular:

  • -  yillik ish rejasi;
  • -  tarbiyaviy ishlar rejasi (sinf rahbari uchun);
  • -  taqvim - mavzu reja;
  • -  dars konspekti;
  • -  dars kuzatish daftari;
  • -  sinf jurnalini yuritishi belgilab qo'yilgan. Mazkur hujjatlar o'quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va ularga haq to'lash uchun eng zarur bo'lgan hujjatlar hisoblanadi. 

Shuningdek, mazkur qo'shma buyruqqa muvofiq o'qituvchilar asosiy faoliyatini darslarni sifatli o'tishga qaratish maqsadida, turli tekshiruvlar jarayonida ulardan yuqorida qayd etilgan  hujjatlardan boshqa hujjatlarni taqdim etish hamda hisobotlarni talab qilish qat`iyan man etiladi. 

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi “Xalq ta`limi xodimlari mehnatiga haq to'lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to'g'risida”gi 275-sonli qaroriga ko'ra fan o'qituvchisi (1 stavka)ning yillik umumiy ish yuklamasi 1548 soat etib belgilangan.

Yuqoridagi yillik umumiy ish yuklamasini bajarish uchun umumiy o'rta ta`lim maktabida 1 stavka ishlaydigan fan o'qituvchisi yil davomida 34 hafta, haftasiga 36 soat, 1 kunda 6 soat ishlashi lozim. Umumta`lim maktablarida soatbay dars beradigan fan o'qituvchilari bundan mustasno.

Umumiy o'rta ta`lim maktablarida namunaviy yillik ish rejaga asosan 1 stavka ishlayotgan har bitta fan o'qituvchisi yiliga 64 soat, ya`ni haftasiga ikki soatdan o'quvchilar bilan individual ishlashi lozim. Maktablarda o'quvchilarnnig qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqqan holda chet tillarini o'rgatish, turli fan, kasb-hunar to'garaklari ham tashkil etilishi mumkin, bu to'garak mashg'ulotlari alohida shtat ajratilgan mutaxassis tomonidan yuritiladi. Qolaversa, maktablarda “Barkamol avlod” bolalar markazlarining to'garaklari ham tashkil etilishi mumkin, ular pullik asosda markaz mutaxassislari tomonidan olib boriladi”.

Jamiyatda har bir soha egasi o'z vazifasini mukammal qilsa, atrofdagi o'ziga taalluqli bo'lmagan omillarga chalg'imasa, birinchidan u o'z kasbiga ko'p vaqt ajaratadi va sohasining puxta bilimdoni bo'ladi, ikkinchidan bundan yon-atrofdagilar ham manfaatdor bo'ladi. Jumladan, o'qituvchi o'z kasbiga mehr berib, ortiqcha chalg'itishlarsiz o'z ishini qilsa, undan saboq olayotgan o'quvchilarning ma`rifati yanada ziyoda bo'ladi. Aksincha bo'lsa esa, bu holatda faqat “mendan ketib egasiga yetguncha”, qabilidagi ishlar yuzaga chiqaveradi.

Яндекс.Метрика