У нас есть только
оригинальные песни

O'qituvchini majburlab ishlatishga «xumori qo'ziydigan» rahbarlarga chora ko'riladi, maktablar hokimlikka bo'ysunmaydi - Prezident topshirig

calendar 21.06.2018
970

Bugun, 21 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida xalq ta`limi tizimi muammolariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi. 

Yig'ilishda Xalq ta`limi vazirligining yangilangan rahbariyati - yangi vazir Sherzod Shermatov va uning o'rinbosarlari ham ishtirok etgan.

Abdulla Aripov o'qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishga «xumori tutadigan» rahbarlar haqida gapirdi.

«Bizda yillar davomida xalq ta`limi tizimi xodimlari mahalliy hokimliklarning dastyorlariga aylanib qoldi. Qayerda nima ish bo'lsa, maktabni chiqarishdi, poliklinikani chiqarishdi. Natijada bularning hammasi ta`lim sifatiga, sog'liqni saqlash sohasiga salbiy ta`sir ko'rsatdi. Shuning uchun prezidentimiz majburiy mehnatni bekor qilish bo'yicha bir nechta qarorlar qabul qildi. Bundan keyin mahalliy hokimlar va rahbarlar ijtimoiy soha xodimlarini majburlab ishga chiqaradigan bo'lsa, ular nafaqat ishdan olinadi, balki tegishli chora ko'riladi.

Prezidentimiz o'qituvchilarning obro'sini baland ko'tarishga topshiriq berdi. Ayrim rahbarlarning miyasiga o'qituvchilarni majburlab jamoat ishlariga jalb etish fikri o'rnashib qolgan. «Xumori» qo'ziydi. O'shanaqa «xumori tutganlar»ning xumorini endi boshqacha qilib to'xtatamiz. Bu ishlarda bizga OAV va jamoatchilik yordam berishi, joylardagi holatlarni bizga yetkazib turishi kerak bo'ladi. Bu yurtboshimizning shaxsiy nazoratida bo'ladigan ishlardan biri bo'ladi», degan bosh vazirning so'zlarini keltirmoqda «Kun.uz» manbasi.

Bosh vazir bundan buyon maktablar mahalliy yoki hududiy hokimliklarga emas, to'g'ridan-to'g'ri Xalq ta`limi vazirligiga bo'ysunishini ma`lum qilgan.

«Prezident alohida topshiriq berdi. Bundan buyon maktablar hokimiyatlarga emas, Xalq ta`limi vazirligiga bo'ysunadi. Ushbu masalani joylardagi barcha hokimlar tushunib olishi kerak. Endi hokimlar hududlardagi xalq ta`limi xodimlari yoki rahbarlarini turli majlislarga chaqirishi man etiladi. Shu bilan birgalikda, maktablarni elektr bilan ta`minlash, qishki tayyorgarlik masalalari, maktablarga olib boruvchi yo'llar xavfsizligini ta`minlash uchun hokimliklar mas`ul bo'ladi», — degan Abdulla Aripov. 

Qayd etish kerakki, O'zbekistonda uzoq yillardan buyon hududlardagi maktablar amalda to'g'ridan-to'g'ri Xalq ta`limi boshqarmalariga emas, hokimliklarga bo'ysunib kelgan. Buning oqibatida hokimliklar maktablar o'qituvchilari va xodimlari, shuningdek, o'quvchilarni majburiy mehnatga jalb etib kelgan. 

Shu yilning 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanidagi 42-maktab o'qituvchisi Diana Yenekeyeva ko'cha tozalashga majburan olib chiqilganda yuk mashinasi urib ketishi oqibatida hayotdan ko'z yumgach, mavjud holatga ijtimoiy norozilik kayfiyati kuchaydi.

17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov joylarda majburiy mehnat holatlari oldini olishga qaratilgan videoselektor yig'ilishi o'tkazdi va ta`lim hamda tibbiyot sohasi xodimlarini majburiy mehnatga jalb etgan amaldorlarga ogohlantirish berdi. Xususan, u sobiq Xalq ta`limi vaziri Ulug'bek Inoyatovni o'qituvchilarini himoya qila olmagani uchun qattiq tanqid qildi.

Endilikda hukumat topshirig'i bo'lmagunicha, sog'liqni saqlash sohasi xodimlari hokimiyatlar qaramog'ida qolmoqda.

Яндекс.Метрика