У нас есть только
оригинальные песни

«O'zavtosanoat» rahbari narxlar nega oshirilayotganini tushuntirdi

calendar 30.07.2018
854

Xalqaro Press klubning navbatdagi sessiyasi bo'lib o'tmoqda. Unda "O'zavtosanoat" vakillari ishtirok etyapti.

“O'zavtosanoat” boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqovning ma`lum qilishicha, asosiy muammolar Asaka shahridagi avtomobil zavodi bilan bog'liq bo'lgan. 

“Haqiqatdan ham muammolar ko'p. Ularning yechimini topish uchun vaqt kerak. Monopolizatsiya so'zidan qochish lozim. GM Uzbekistan tomonidan O'zbekiston bozori uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillar narxi oshishi faqat monopoliya bilan bog'liq emas. Bu yerda ko'p jihatlar bor. Biz narxlar nega oshirilayotgani sababini xalqqa yetkazishimiz kerak. 

Asaka zavodi bizning tovar aylanmasining qariyb 90 foizini tashkil qiladi. Bu zavod yiliga 290 mingta mashina ishlab chiqarishi mumkin, lekin men kelganimda bu 160-170 mingtani tashkil qilgan. Quvvati deyarli 50 foizga ishlagan zavod ishlab chiqarayotgan mahsulotning tannarxi yuqori bo'ladi, o'zini oqlamaydi. Bu fuqarolar, xaridorlarning cho'ntagiga uradi. Chet davlatlarga eksport qilish salohiyatini umuman yo'qqa chiqaradi. Bugungi kunda eksport qilishimiz uchun avtomobillar tannarxini 30 foizga tushirishimiz kerak. Bunga ko'p sabablar bor. Asosiy eksport qilinadigan davlat - Rossiya. Rossiyada sanksiyalar kiritmagan barcha davlatlarning brendlari bor. Ular o'z bozorini saqlash uchun ham turli to'siqlar qo'yishyapti. 

Biz nima qildik? Mashinalar butlovchi qismlari narxini 20 foizgacha tushirish haqida kelishib oldik. Buni bosqichma-bosqich qilamiz. Sababi bularga birdaniga 30 foizga tushirgin, deb bo'lmaydi. Ular kreditda o'tirgan tashkilotlardir, bu ularni batamom o'ldiradi va avtomashinalar chiqmay qolib, bundan ham yomon taqchillik yuzaga keladi. Buni to'g'ri tushunish kerak. Bu holat butlovchi qismga tushadi, butlovchi qism zavodga boradi, oxiri bunga xaridor to'laydi. Bu ham qimmatlashishiga sabablardan biri. 

Shuning uchun biz yilning oxirigacha butlovchi qismlar narxini 20 foizgacha tushiramiz. Bu avtomashinaning ishlab chiqarish narxini to'qqiz foizga tushishiga olib keladi. Bundan tashqari, avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 220 mingtaga, ya`ni yilning oxirigacha qo'shimcha 140 mingta mashina ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz. 

Men va`da beraman: birontasi oldimizga qo'yilgan bu maqsadga to'sqinlik qilib, xalaqit bermaydi. Ya`ni, bizga ehtiyot qismlarni o'z vaqtida yetkazib beradi, biz mashinalarni o'z vaqtida ishlab chiqarib xalqqa yetkazamiz. Sun`iy taqchillik yo'q bo'lganidan so'ng, avtomashinalarga bo'lgan ehtiyojni qondira olamiz. Tannarxini ham shu uslub bilan tushirishga harakat qilamiz”, - dedi u.

Яндекс.Метрика