У нас есть только
оригинальные песни

O'zbekiston banklari 2016 yildan naqdsiz pulga xorijiy valyuta sotish tartibini qattiqlashtiradilar

calendar 29.12.2015
2138

             

O'zbekistonning bir qator tijorat banklari 2016 yil 1 yanvardan naqdsiz pulga xorijiy valyutani sotish tartibini qattiqlashtiradi hamda konversion plastik kartalarga xizmat ko'rsatishni to'xtatadi.

2013 yil 1 yanvardan O'zbekistonda aholiga naqd pulga xorijiy valyuta sotish taqiqlab qo'yilgan. Jismoniy shaxslar xorijiy valyutani sotib olish uchun tijorat banklarida Visa yoki MasterCard Exchange xalqaro tizimlarida ishlovchi maxsus konversion plastik kartalarni ochadilar.

Ushbu plastik kartadagi mablag'lardan aviachiptalar sotib olish, davolash, ta'lim uchun xorijdagi to'lovlarni amalga oshirish hamda xorijdagi bankomatlardan kuniga 100 dollardan naqd pul echib olish mumkin bo'lgan.

“Biz mijozlarga 2016 yil 1 yanvardan ular bilan konversion kartalarga xizmat ko'rsatish bo'yicha tuzilgan shartnomalarni bekor qilishimizni va ularning hisobidagi pullarni milliy valyutada ularning hisob raqamlariga o'tkazishimiz haqida maktub yubordik”, deb aytmoqda “KDB Bank O'zbekiston” bankining xodimi. Bu ma'lumotni boshqa bir qator banklar ham tasdiqladi.

Biroq O'zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida konversion kartalarga avvalgi tartibda xizmat ko'rsatilishi davom etishi ma'lum qilindi.

O'zbekiston Markaziy bankidagi manbaning ma'lum qilishicha, tijorat banklariga “faqatgina konversion kartalarga xizmat ko'rsatishni to'xtatish tavsiya qilingan”. Bunga ushbu kartalar aylanmasida suiiste'mollik holatlari ko'paygani sabab bo'lmoqda.

“Bu tashabbus O'zbekistonda naqd pul aylanmasi kamayishi va uning bozordagi taqchilligi bilan bog'liq”, deb aytdi Central Asia Investments Group investitsion kompaniyasi tahlilchisi Ilxat Tushev. Uning aytishicha, bu holat xorijiy valyutaning “qora” bozordagi narxining oshishiga olib kelishi mumkin, chunki aholiga xorijdan keladigan pul o'tkazmalari 2016 yil boshida ham kamayishda davom etadi.

O'zbekistonda xorijiy valyutani ayirboshlashning bir necha kursi mavjud. O'zbekiston Markaziy bankining rasmiy kursi bo'yicha ayni paytda 1 dollar 2780,05 so'mni tashkil qilmoqda. Shuningdek, dollarning birja kliring kursi mavjud bo'lib, unga ko'ra bir dollar 7 mingga yaqinni tashkil qiladi. Undan mahsulotlarni import qiluvchilar foydalanadilar. Dollarning “qora bozor”dagi narxi esa 5,3 ming so'm atrofida bo'lib turibdi, undan asosan aholi va xususiy tadbirkorlar foydalanadilar.

Яндекс.Метрика